Gul sayllari

Gul – tabiatning eng go’zal mo’jizasi. Gulni kishilar “go’zallik malikasi” deyishadi.

Gul dunyoning barcha xalqlari uchun go’zallik, do’stlik, muhabbat ramzi hisoblanadi.

Shuning uchun bo’lsa kerak, inson hayotdagi bayramlarning hech biri gulsiz o’tmaydi. Tabiat mo’jizasi bo’lmish gulag bag’ishlangan maxsus bayramlar, sayillar ham kam emas. Bunday gul bayramlari deyarli barcha xalqlarda qadimdan mavjud bo’lgan. Jumladan, Hindiston, Yaponiya, Gretsiya, Fransiya, Bolgariya, Turkiya kabi dunyoning turli mamlakatlarida gul bayramlari hanuzgacha eng katta xalq bayrami sifatida nishonlanib kelinmoqda. Gul bayramlari o’tmishda O’rta osiyo xalqlarining, chunonchi qadimiy xorazmliklar, so’g’dlar, baqtriyaliklar hayotida ham eng katta tantanalardan biri bo’lgan. Afsuski davrning turli ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlari ta’sirida xalqimiz o’zining ko’pgina boy an’analari qatori gul bayramlarini ham unutib qo’ydi.

Ajdodlarimiz ming yilliklar mobaynida bayram qilib kelgan Gul sayillari haqida fik yuritish va ularni tiklash zarur.

O’zbekistondagi bahor fasliga bag’ishlangan turli marosim va bayramlar orasida tabiatning mo’jizasi – gulag bag’ishlangan sayillar alohida o’rin tutadi. Chunki borliq o’zgacha chiroy kasb etgan paytda kishining so’lim joylarga borib, tabiatdan zavqlangisi, bahra olgisi keladi. Tabiat uyg’onishi bilan tog’ yonbag’irlarida, qir-adirlarda turli gullar ochiladi, tabiat o’zining go’zalligini namoyon qiladi. Shu sababli, qadimdan qir-adirlarda gullar qiyg’os ochilgan chog’da turli sayillar o’tkazilgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, Xorazm va Buxoroda Qizil gul sayli, Farg’ona vodiysi va Toshkent atroflarida Lola sayli, ba’zi tog’li tumanlarda, jumladan Chust va Denov tumanida Sumbula sayli, yana bir joylarda “Boychechak” sayli kabi bayramlar uyushtirilgan.

Bayramlar tadqiqotchisi L.A.Tultseva bergan ma’lumotlarga qaraganda, Nurota qir-adirlarida gullar ochilgan mahalda Qizil gul sayli, Farg’ona vodiysida Lola sayli, Samarqandda mevali daraxtlar, jumladan, behi gullaganda Behi gul sayli (Sayli gul behi), Zarafshon vodiysida Boychechak guligardoni, Buxoroda gullar ochilib, bulbullar sayragan vaqtda – Gulgardoni bulbulxon (Bulbul qo’shig’i) kabi bayram-sayillar uyushtirilgan.

Tabiat bilan bog’liq bunday sayillar O’zbekistonning barcha joylarida turli gullarga bag’ishlanib, o’ziga xos shakl va an’analar bilan o’tkazilgan. Shulardan ba’zilari haqida maxsus to’xtalib o’tamiz.

Boychechak bayrami. Boychechak ilk bahor darakchisidir. Shuning uchun ham Sharq xalqlari bu gulning ochilishini ko’klam nishonasi deb bilishgan.

Ilk bahorda tug’ilgan qizlarga “Gulbahor”, “Gullola”, “Bahoroy” deb ism qo’yishgan. Bundan tashqari, “Boychechak” mavsum qo’shig’i ham keng tarqalgan. Bu qo’shiq qadimiy urf-odatlar bilan bog’langan. Erta bahorda bolalar to’da-to’da bo’lishib, qir-adirlardan boychechak qidirishgan. Kim birinchi bo’lib boychechakni topsa, uni baxtli hisoblashgan. Bolalar topib olgan boychechaklarini bekitib olib, hovlima-hovli yurib qo’shiq aytishgan. Boychechak qo’shig’ini eshitgan odamlar shunday kunga yetib kelganiga shukr qilib, quvonishgan. Ayniqsa, bemorlar bu qo’shiqni jon-dilidan sevishgan. Ular bahor kelganini bilib, o’zlarini yengil his qilishgan.

Boychechak katta qo’shiq bo’lib, turli mavzularga atalgan baytlardan tarkib topgan. Bu qo’shiqni hamma ham ayta bermagan. Har bir qishloqda “Boychechak” qo’shig’ini ijro etadigan alohida kishilar bo’lgan. Ular bu qo’shiqni “yor-yor”, “o’lan” usulida aytishgan.

Bolalar boychechaklarni avval qariyalarga berishga intilishgan. Chunki ular boychechakni g’oyat qadrlashgan. Bu gul ularga qishdan eson-omon chiqqanligi, yana bahor kelib, yangi hayot boshlanganidan dalolat bergan. Shuning uchun ham qariyalar boychechakni ko’zlariga surtib, “Omonlik-omonlik, hech ko’rmaylik yomonlik, yanagi shu kunlarga eson-omon yetaylik” deb yaxshi niyatlar qilishgan. Bu borada bir rivoyat keltiramiz:

Nozima maktabga yaqin qolganda yilning chap tomonidagi qabriston tarafga qaradi. Qabrlardan birining ustidan ochilib turgan boychechak o’ynoqi shabada ta’sirida ohista tebranardi. Qizcha unga bir zum mahliyo bo’lib tikilib qoldi. So’ng beixtiyor qabr tomon yurdi. Boychechakning bandidan ushlab, uzib oldi-da, hozir kimdir kelib, uni qo’lidan olib qo’yadigandek hadiksirab qabrdan uzoqlashdi. Yo’l bo’yiga chiqqach, xotirjamlanib, qo’lidagi boychechakka tikildi.

Qizaloq avvaliga uni maktabga olib borib, dugonalariga ko’rsatib, maqtanmoqchi bo’ldi. Axir buvisi bir gal “bu oddiy gul emas, bahor darakchisi” degan edi-da.

Kampir uzoqdan nevarasining qaytib kelayotganini ko’rib, taajjublandi. So’ng o’zicha “O’qituvchisi betob bo’lib qolgan bo’lsa, javob berib yuborgandir” deb o’yladi. Shunday bo’lsada, nevarasi hansirab oldida kelib to’xtashi bilan tashvishlanib so’radi:

  • Ha, bolam, nega darrov qaytib kelding? Biror narsangni unutib, uyda qoldiribsanmi?

Nozima indamadi. Buvisining xavotirli chehrasiga bir zum jilmayganicha qarab turdi-da, so’ng orqasiga yashirinib turgan gulni asta unga uzatdi. Kampir boychechakni avaylab qo’liga oldi. Ko’zlarida sevinch nurlari porladi, yuzlarida tabassum jilvalandi. Boychechakni ko’zlariga surtarkan, entikib shivirladi:

  • Bahor… Bahor kelibdi… – kampir ko’zlarini yumib oldi. Bir fursatdan so’ng o’zicha gapirgan bo’ldi. – Yaratganga shukr, yana bir bahorni ko’rishga nasib etdi, egam…

Kampirning yuragini sarxush tuyg’ular qamrab oldi. U boychechakni qayta-qayta hidlab “eson-omonlik” qilar ekan, yonginasida jilmayib turgan nevarasidan so’radi:

  • Qaydan olding buni, Nozijon?
  • Xuv ana u yerdan, – qizaloq uzoqdan yuqori qismga zo’rg’a ko’zga tashlanib turgan, qabriston o’rtasiga o’rnatilgan yodgorlikni qo’li bilan ko’rsatarkan, – tepacha ustida turgan ekan… – dedi.

Kampir nevarasiga tikilganicha jimib qoldi. U qizaloqdan boshqacha javob kutgan edi. Nevarasining so’zi esa uni ma’yuslatib qo’ydi. Nima ham desin? Yosh bola bo’lsa, hali aqli ko’p narsaga ojizlik qiladi.

  • Qizalog’im, – u nevarasini o’ziga tortib, bag’riga bosarkan, chuqur xo’rsindi, – bilaman, sen bu gulni meni xursand qilish uchun olib kelgansan. Mabodo, ranjitishimni bilganingda bu ishni zinhor qilmasding. Bilasanmi, o’sha yerda buvang, opoq dadang va boshqa bir qancha qishloqdoshlaring xoki bor. Muqaddas joy hisoblanadi. Odamlar u yerlarga uyidan nihol eltib ekishadi, qabrlar atrofida gulzorlar barpo etishadi. Sen bo’lsang, tabiatning marhumlarga ko’rsatgan marhamatini uzib kelibsan. Shuning uchun bu ishing meni ranjitdi, bolam.

Nozima buvisining nima sababdan ma’yuslanib qolganligini tushunganday bo’ldi. U bir zum o’ylanib turdi-da, asta ichkari hovliga kirib ketdi. Kampir nevarasining hovliga kirib ketganini ham sezmay qoldi.

Yaqin davlargacha saqlanib kelgan bolalarning boychechak bayrami haqida M.Asqarov va B.Sayramov quyidagilarni eslab yozishadi: “Bolalik paytlarimizda, erta bahorda, hali so’nggi qorlar erimay, qirlarga boychechak izlab ketardik. Ular xuddi turna ko’zlariga o’xshab qor erigan xushmanzara joylarda porlab chiqsa, yeti dona yulib, qishloqqa qaytardik. Ovulda bizni buvilarimiz, amma-xolalarimiz kutib olishib, yuzlarimizdan cho’lp-cho’lp o’pishar edi. Boychechaklarni esa qosh-ko’zlariga uch martadan siypab “Omonlik-somonlik, yil bo’yi ko’rmaylik yomonlik”, – deyishardi. Boychechak ko’targan bolalar ko’cha bo’ylab yugurishib hovlilar darbozalari oldida to’xtatishib “Boychechak-boychechak, kutib oling Oy checha!” (shevaga xos so’z bo’lib, “checha yanga, kelinoyi demakdir”) deb qichqirishardi. Uydan birorta juvon chiqib, bolalarga meva-cheva sovg’a qilar edi. Bolalar esa “Gul keltirdik eshigingizga, qo’chqordek o’g’il bersin beshigingizga” deb yana yugurib ketishardi. Bu bolalar uchun ham, farzan tilaguvchi juvon uchun ham bayram edi”.

Boychechak bayrami turli joylarda o’ziga xos tarzda nishonlanardi. Masalan, Urgut tumanidagi Balandqishloq degan joyda boychechak bayrami alohida tayyorgarlik ko’rilib nishonlanadi. Yanvar oyining oxirlari, fevralning boshlarida kunlar isib, qorlar asta-sekin eriy boshlagach, kungay yerlarda boychechaklar ko’karib, gullarini ko’z-ko’z qila boshlashi bilan qishloq yigitlari boychechakning piyozini kovlab olib, uni loyi bilan avaylab saqlaydilar. Bayram kuni (ko’pincha yakshanba kuni) oldindan belgilanadi. O’sha kuni 15 yosh va undan katta yoshdagi o’spirinlar milliy kiyimlar kiyishib, boychechak qo’shig’ini aytishib, qishloq ko’chalari bo’ylab aylanadilar.

Ular biror xonadon eshigi oldiga kelishganida hammalari birdan:

  • Boychechak – boychechak, boychechak – deya kelganlarini bildiradilar. Shundan so’ng, jo’raboshi shirin ovozda:
  • Qattiq yerdan qaltirab chiqqan Boychchak, – Yumshoq yerdan yumalab chiqqan Boychechak, – deb qo’shiqni boshlab beradi. Qolganlar esa bir ovozdan “Boychechak, boychechak” deb jo’r bo’ladilar.
Boshlovchi: Boychechak bahor kelsa ochiladi.
Yaxshilarning boshiga sochiladi.
Birga: Boychechak, boychechak!!!
Boshlovchi: Boychechakni avaylab ko’zga surtsa,
Yuzga kirgan kampir ham yosharadi.
Birga: boychechak, boychechak!!!
Ariqchadan hatlangan, qo’yning izi,
Mashrabi belbog’ tikar uyning qizi.
Boychechak! Boychechak!!!
Mashrabi belbog’imiz belimizda,
Alqab-alqab ketaylik yo’limizga.
Boychechak! Boychechak!!!

Shundan so’ng, xonadon keksasi bahor elchilarini qoshiga keladi. O’smirlar salom beradilar. Xonadon egasi alik olib, boychechakni talab qiladi. Bolalar unga boychechakni berishib, boychechak bayrami bilan tabriklashadi.

Xonadon egasi boychechakni olib, qosh-ko’ziga surtib, deydi:

  • Omonlik-somonlik. Hech ko’rmaylik yomonlik!

Ular butun qishloqni shu tariqa aylanib chiqadilar. Hamma xonadon egalari ularga suyunchi beradi. Bu suyunchilaarni to’plab, uning hisobidan katta bir qo’y olib so’yishadi. Shu kuni qishloq ahli uchun katta doshqozonda osh damlanadi.

Osh birinchi navbatda qishloq keksalariga, bayramga kelolmagan bemorlarga, azador xonadonlarga ulashiladi, ularning duosi olinadi. O’sha kuni qishloqda bayram bo’lib, bolalar varrak uchirishadi, kurash bo’ladi, chillak o’yini boshlanadi. Bayram kechgacha davom etadi.

Lola sayli. Etnograf-folkloristlar bergan ma’’lumotlarga qaraganda, Farg’ona vodiysining tog’ yonbag’irlarida uyushtirilgan “Lola sayli” bayramini xalq tomonidan saylangan “Lolachilar” boshqargan.

“Lolachi” o’z do’stlari bilan lola saylini qachon va qayerda o’tkazilishini aniqlab, xalqqa xabar bergan. Sayil o’tkazilishidan oldin “Lolachi” o’z do’stlari bilan maxsus daraxt yoki daraxtning chiroyli shoxini kesib olib, lolalar bilan bezatgan. Keyin uni qishloq ko’chalaridan olib o’tgan. Buni ko’rgan odamlar ko’chaga chiqib, ko’ngilga tugib qo’ygan orzu-istaklarini aytib, daraxt shoxiga turli mato parchalari, dastro’mollar bog’lashgan. So’ng “Lolachi”ga ergashib, o’yin-kulgi qilishib, qo’shiqlar aytishib, lolazor tomon yo’l olishgan. Belgilangan joyga kelishgandan so’ng “Gul daraxti” bayram o’tkaziladigan maydon markaziga o’rnatilgan va oqsoqollarning duosi bilan bayram boshlangan.

Qizil gul sayli. Gul sayli boshlanishidan oldin “lolachilar” biror daraxtning shoxlariga sun’iy gullarni osib, uni ko’chalardan ko’tarib o’tib, karnay-surnay sadolari bilan odamlarni bayramga chorlashadi. Odamlar esa nima niyat qilib yurgan bo’lishsa, o’sha niyatini aytishib, “lolachilar” ko’tarib yurgan daraxt shoxiga birorta kichkina latta bo’lagini bog’lashadi. “Lolachilar” bayram joyini 2-3 kun oldin borib belgilab kelishgan bo’ladi. Bayram o’sha joyda, oqsoqollarning duosi bilan boshlanadi.

Bayramlar haftalab, oylab davom etadi. Sayil boshlanganidan keyin ko’k somsa, ko’k chuchvara va boshqa taomlar pishirilib, bayram qatnashchilariga tortiq qilingan. Bir tomonda uloq chopish, kurash, voleybol, sport o’yinlari o’tkazilgan. Boshqa tomonda dorbozlik, masxarabozlik, askiyachilik, xo’roz va qo’chqor urushtirishlar bo’ladi. Qo’shiq va raqslar sayilni qizitadi. Bayramning ko’rki hisoblangan gul ko’rgazmasi tashkil qilinadi. Unda gulchilar gullarni o’stirish, parvarishlash to’g’risida maslahatlar beradilar.

Bu bayram yigit-qizlarga quvonch olib keladi. Ular qir-adirlarga chiqishib, bir-birlariga qizil gul taqdim qilishadi.

Qabristonga borib marhumlarning ruhini shod etish uchun qabrlar atrofi tozalanadi, gullar ekiladi, so’ng qariyalarning xonadonlariga borib, ularni gul sayli bilan qutlashadi, yordam berishadi.

Qadimdan Buxoroda gul sayillari o’ziga xos qiziqarli shakllarda uyushtirilgan. “Sayli guli surx” bayramini o’tkazish an’anaga aylanib qolgan. Bu bayram tarixi necha ming yillarga borib taqaladi. “Sayli guli surx” gullar qiyg’os ochilganida, aprelning boshidan to may o’rtalarigacha davom etgan. Sayilgohlarda kishilar ashulalar aytishib, raqsga tushishgan. Attor va savdogarlar savdo bilan shug’ullanishgan.

Sayil kunlari ayollar doira chalib, ashula aytib, qishloq aylanishgan, yangi kelin tushgan xonadonlarga “kelin ko’rdi”ga borishgan.

Nima uchun shu paytgacha bu bayram o’tkazilmay kelingan? degan savol tug’ilishi mumkin. Bu avvalo Buxoro sho’rolar tomonidan bosib olinganidan keyin xalq orasidagi ziyolilar, boylar, o’rtahol fuqarolar ta’qib qilinib, xalqimizning qadimiy urf-odatlari, bayramlari oyoqosti etilganligi bilan bog’liqdir. Ochlik, nochorlik hukm surgan davrlarda – ya’ni inqilobdan so’ng bu bayram o’tkazilmadi. Vardonzelik keksa o’qituvchi Qo’ldoshevning ta’kidlashicha, bu sayil oxirgi marotaba 1929 yilda Vardonzeda o’tkazilgan.

Ikkinchidan esa, gullar o’sadigan sayilgohlar, dalalar, qir-adirlar o’zlashtirilib, paxtazorlarga aylantirildi…

Toshkentda qizil gul sayli o’tkazilishini Mo’minjon aka bu tarzda eslaydi: “Toshkent kishilarning ham ko’ngil ochib, o’ynab keladigan Ibrohim ota degan yerlari bor edi. Ibtohim ota mozori shahardan uch-to’rt chaqirim uzoqdagi bir joyda bo’lib, uning atrofidagi bog’larda qizil va oq gullar ochilib yotardi. “Gul mavsumi” xaftalarida shahar odamlari chorshanba va payshanbadan boshlab chiqib, juma kuni qaytib kelishadi. Har yilgi taomilga ko’ra, bu yilgi ko’klamda ham kishilar shaharning har tomonidan ko’rpa, ko’rpacha, yostiq, choynak-piyola, go’sht-yog’ va meva-chevalar olib, har kim o’z ulfat va jo’rasi bilan aravalarni to’ldirib, dutor, tanbur, g’ijjak kabi sozlar bilan ashula aytishib, o’sha yerga jo’namoqdalar. Bular orasida mullovachchalarning ham to’dalari bo’lib, ko’chalar qiy-chuv to’polon edi. Men ham Mira’zam degan qiziqqina kal o’rtog’im bilan choponni yelkaga tashlab o’sha yoqqa yayov jo’nadim. Ibrohim ota degan joy ko’chalari obod, bog’-bog’chalari va ko’cha ro’yidagi choyxonalar sayilga chiqqan odamlar bilan liq to’la edi. Ba’zi jo’ralar sozlarini chalib, ashula aytishmoqda, ba’zilar it payrov, eshak payrov, kasb payrov-askiy qilib xoxolab kulishmoqda.

Ba’zi chetroq maydonlarda qimorbozlar to’rt oshib o’ynab, bor pullarini tikib, boy bermoqda. Shu asno ular ustiga mirshab, qorovullar bostirib kelib, yuzboshiga olib boramiz, deb do’q qilib, qimorbozlardan bir necha cho’tal o’marib ketmoqda.

Turnaqator choyxona va oshxonalarda palov, manti, somsa va boshqa anvoyi ovqatlar pishib, bug’i chiqib turibdi; bir tomondan holvafurushlar baqirishib, kunjut va mag’iz holva, pashmak, “otnon” sotmoqdalar. Nonvoylar savatga uyilgan nonlarini ko’tarib yurib, “qaynoq non” deb baqirishmoqdalar. Ikki-uch joyda “igna pirildoqchilar” hiyla-makr bilan yosh-yalanglar pulini yutib olmoqdalar. Ular yigitlarga bir-ikki safar ozroq pul yutib olishga yo’l qo’yadi, qizishib ketganlaridan so’ng bor pullarini qoqib oladilar.

Bir chekkada og’zi qulog’iga yetib, ivitilgan turshak suvi sotuvchilar, no’xatsho’rakchilar yosh bolalar pulini aldab olmoqdalar.

Yarim kechaga sayil qilib, o’lgudek charchaganimizdan keyin, jahr, zikr-samo’ni ko’rmoq bahonasida Ibrohim ota mozori yonidagi masjidga kirdik. Maqsadimiz xonaqohning bir burchagida junjikib o’tirib, ko’z ilintirib olish edi.

Tong otgach, choyxonaga chiqib, issiq nonlar bilan choy ichdik. Kun bir oz yoyilganidan keyin yana sayil boshlandi, biz ham kechgacha ko’p tomosha qildik. Kech kirib, soyalar uzaygach, sayilga borganlar o’z to’dalari va jo’ralari bilan aravaga tushib, otliq va piyoda ko’chani to’ldirib, ashulalar aytib, chang-to’zon ichida shaharga qayta boshladi. Yosh-yalang qo’llarida dasta-dasta qizil gul, atirgul ko’tarib ketmoqda, ba’zilari ikki-uch dona qizil gulni chakkalariga qistirgan. Men ham sherigim “kal” bilan chakkamizga gul qistirib, choponlarimizni yelkaga yumaloq qilib tashlab, ashulani barilla qo’yib, piyoda jo’nab qoldik”.

Xorazmda “Qizil gul” bayrami yoshlik, sevgi, shodlik, bahor bayrami sifatida erta tongda yigit-qizlarning yangi ochilgan qizil gullardan guldasta tayyorlashi bilan boshlangan.

“Qizil gul” bayrami uch kun davom etgan. Birinchi kuni qizlar bir-birlarining uylariga kirib, onalarini va yosh qizchalarni bayram bilan muborakbod qilganlar, qo’shiq aytib, o’yinga tushganlar, “Qo’biz” kuyini ijro qilish bo’yicha musobaqa uyushtirganlar (“Qizil gul” bayramida barcha qizlar qo’biz chalib, qo’shiq aytib, o’yinga tushgan). Yigitchalar ham navbatma-navbat o’z jo’ralarining uylariga birma-bir kirib, otalarini bayram bilan tabriklashgan, musiqa chalib o’ynashgan va qo’shiq aytib butun kecha davomida xursandchilik qilishgan.

Bayramning ikkinchi kuni masjid yoki qabriston yaqinidagi so’lim va xushmanzara joylarda xalq sayillari tashkil qilingan. Sayil oldidan maydonda turli meva-cheva va shirinliklar sotilgan. Sayilda karnay, sunray, doira ovozi yangragan, xonandalar qo’shiq aytib, raqqosalar o’yinga tushgan. Chavandozlar poygasi, polvonlar kurashi, baxshilar aytishuvi, dorboz va masxarabozlarning tomoshalari avjiga chiqqan. Sayilda yigitlar qizlarga qizil gul, olma, anor, bo’yalgan tuxumlar otishi o’ziga xos o’yinlardan biri bo’lgan. Shuningdek, yosh yigitlar yoqtirib qolgan qizlariga yosh bolalar orqali har xil shirinliklar, holva, mayiz berib yuborishgan. O’z navbatida, qizlar ham u yigitni manzur ko’rsa, “javob” shirinliklarini  yo’llashgan. Sayil tamom bo’lishi bilan qizlar yosh kelinlar boshchiligida saf-saf bo’lib, yaqin joylardagi qabrlarni ziyorat qilish uchun jo’nashgan. Bayramning uchinchi kuni qizlar dugonalaridan birining hovlisida “sichqon o’yini”, sarinjoq-arg’imchoq o’yini uyushtirishgan. Yosh yigitlar ham shu o’yin tashkil qilingan joyga kelib arg’imchoq uchayotgan qizlar bilan olma otish o’yinini boshlaganlar.

Bayram boshlangan kundan to bayram oxirigacha bo’lgan davrda yigit va qizlar taxiya (do’ppi)siga qizil gul g’unchasidan qadab qo’yishi odat bo’lgan.

Qizil gul sayli – hunarmandlarning ham sevimli bayrami bo’lgan. U an’analarimiz ichida oziga xos bayramlarimizdan biri bo’lib, odatda Buxoro shahri va uning atrofidagi qishloqlarda Navro’z kunlaridan so’ng boshlanib deyarli bir oy davom etadi.

U Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining maqbarasi atrofida o’tkazilgan. Bahouddin hazratlari ziyoratiga buxoroliklar oila-oila bo’lib kelishgan. Shoxi va adrasdo’zlar, kulol va gilamdo’zlar, qandolatpaz va xolvapazlar bu yerda o’z san’atlari mahsulini namoyish etganlar. Umuman, barcha buxorolik hunarmand va kosiblar shu kunlarda o’z piru ustozlariga ta’zim qilish va shu orolgoh yaqinida ko’ngilxushlik qilib yangi mehnat mavsumiga kuch-g’ayrat to’plash uchun bu yerga talpinishgan.

50-yillarning oxirlarida Bahouddin ziyorati va Qizil gul“ sayli taqiqlab qo’yildi. Hatto qizil gul sayli ham diniy marosim deb e’lon qilinib, xalq turmushidan sug’urib tashlangan edi. Oradan yillar o’tganiga qaramay qariyalar, o’rta yoshdagi minglab buxoroliklarning yuragida bu bayram shukuhi hamon yashab kelmoqda. O’zbekiston “Bilim” jamiyati atigi 500 nusxada targ’ibotchilarga yordam tarzida 1991 yili chop etilgan “Qizil gul” sayli kitobchasini varaqlar ekanmiz, o’sha sayilda aytilgan sho’x laparlar, huzurbaxsh qo’shiqlar quloqlarimiz ostida jaranglaydi. Ularning ayrimlarini eshitib ko’ramiz:

Shoxi atlas kiyibsiz,
Tumorlarni ilibsiz.
Bahouddin bormoqni
Yuraklarga tugibdiz.
 
Keldilar tog’lar osha,
Bo’ldi ajib tomosha.
Buxoroda gul sayli
O’z nomiga yarasha.
 
Yetimga bering oshlar,
Egilmasin yosh boshlar.
Sag’irning ham saylidir
To’kilmasin ko’z yoshlar.
 
Havosi Hakim Luqmon
Kerak elga soyabon.
Bahouddin yurtiga
Uzilmay kelar mehmon
 
Qavlar aytingiz:
“Egri yo’ldan qaytingiz”.
Mamlakatda sayildir
Tugamasin baytingiz.
 
Tuz tashlamang shinniga
Qo’yib qo’ying chinniga
Bahouddin Bog’ida
Ulashing og’a-iniga.

(Ushbu ma’lumotlar buxorolik o’qituvchi Gulsara Qayumovadan yozib olingan).

Sunbula sayli. Sunbula sayli nomli bayram ham bahorda qir-adirlarda, tog’ yonbag’irlarida turli gullar, jumladan, sunbulalar ochilgan paytda o’tkazilib kelingan. Bir tomoni tog’, ikkinchi tomoni suv (ko’l, daryo, soy), uchinchi tomoni daraxtzor o’rmondan iborat joy dam olish, tabiat chiroyidan bahramand bo’lish uchun eng qulay yer hisoblanadi. O’zbekistonda bunday joylar kam emas. Masalan, Chust tumanidagi Toshqo’rg’on qishlog’i ana shunday tabiiy go’zalliklar birlashgan joy. Baland tog’lar, oppoq qorlardan hosil bo’lgan “G’ova” soyi va uning atrofidagi yovvoyi mevali daraxtlar, turli qushlar va hayvonlar yashaydigan o’rmonzor aynan sayil qilish uchun juda qulaydir.

Qadimda Sunbula sayli milliy e’tiqodlarga muvofiq holda avji bahor chog’ida o’tkazilgan. Bu bayram hozir ham o’tkazib turiladi. Bayram o’tkaziladigan sayilgohga avtobuslar qatnaydi, savdo yarmarkalari o’tkaziladi, milliy taomlar tayyorlanadi. Xohlaganlar toqqa chiqishi, sayohat qilishi, so’lim joylarda davralar qurib, dam olishi, san’at shaydolar, badiiy havaskorlik jamoalari, masxarabozlarning chiqishlarini tomosha qilishi, sport muxlislari esa musobaqalarda qatnashishlari mumkin

Namangan viloyati Chust tumaniga qarashli Toshqo’rg’on, Mashhad qishloqlarida ham har yili may oyi boshida Sumbula sayli o’tkaziladi. Mazkur xalq bayramida atrof, qishloqlardan ko’plab odamlar, yosh-qari yig’ilib, o’yin-kulgi bilan xordiq chiqaradi. Qo’shiqlar kuylanib, raqslarga tushiladi. Dasturxonlarga ko’k somsa, patirlar, ko’k piyoz solib tayyorlangan shifobaxs taomlar tortiladi. Sayilga kelganlar ariqlar bo’yidan sumbul teradi. Bir-biriga taqdim etadi. Savdo rastalari qad rostlab, sayl qatnashchilarining quvonchiga-quvonch ulashadi. Chust pedagogika va tibbiyot bilim yurti talabalari ayniqsa bu bayramda faol ishtirok etadilar. Keyingi paytlarda tuman hokimligi, ma’naviyat va ma’rifat markazi fidoyilari, madaniyat bo’limi san’atkorlari bayramning asosiy tashkilotchilariga aylanib, bayramni yanada mazmundor bo’lishiga o’z hissasini qo’shib kelmoqda.

Sumbula sayliga respublikamizning taniqli san’atkorlari, shoir va adiblari ham taklif etilib, ular bilan bo’lib o’tgan uchrashuv va diydorlashuv tuman yoshlariga olam-olam quvonch ulashmoqda. Ommaviy sayilda bolalar qir-adirlarga chiqib, gulchechaklar terib, keksa otaxon va onaxonlarga taqdim etadilar. Keksalar ularni duo qiladi. “Sumbula” – bahor, omonlik, mehr-oqibat, ishq-muhabbat bayramidir. Etnografiya va tarixga oid adabiyotlarda xotin-qizlar ham gul sayillarida bemalol, erkin qatnashgani ta’kidlanadi. Parkentda o’tkaziladigan lola sayliga asosan, qizlar borishgan. Dalalarda qizg’aldoqlar qiyg’os ochilgan mahalda, tevarak-atrofdagi qishloq qizlari baland tepalikka yig’ilishib, so’ngra lolazorga sayilga chiqishgan. Sayil davomida qizlar doira chalib ashula aytishgan, raqsga tushishgan, o’yin-kulgi qilishgan hamda qizg’aldoqlarni terib, turli ko’kat va gullardan gulchambarlar yasashgan, ularni sochlariga taqishgan, uylariga guldastalar bilan qaytishgan.

Qabrlarni ziyorat qilish qadimdan gul sayillarining tarkibi bo’lib kelgan. Buning sababi quyidagi omillar bilan bog’liq bo’lgan:

Birinchidan, gul sayillari gullar ko’p ochilardigan joylarda o’tkazilgan. Qabristonlar atrofi xuddi shunday joylarning biri bo’lgan. Chunki bu joylar haydalmagan, ekin ekilmagan. Lolaqizg’aldoqlar esa ana shunday haydalmaydigan maydonlarda yaxshi ungan va u yerlar gul sayliga mos joy bo’lgan.

Ikkinchidan, vafot etganlarni xotirlash ko’pgina Sharq bayramlariga xos bo’lgan. Qizg’aldoqlar qiyg’os ochiladigan qabriston atroflarida gul bayramlarini o’tkazib, tabiat gozalligidan zavqlanish va shuningdek, marhumlarni, o’tganlarni yodga olish uchun yaxshi imkoyat yaratgan.

Uchinchidan, bahor gullaridagi qizil rang ko’pgincha inson qoni bilan taqqoslangan. Xalqda shunday tushuncha borki, go’yo qizil gullar oz ranglarini vafot etgan kishilarning qoidalaridan oladi. Qariyalar so’zlab beradigan afsonalarga ko’ra, vafot etganlarning qonini yer o’ziga oladi, gullar esa ana shu qizil rangni o’ziga olib, ularga ikkinchi hayot baxsh etadi va yerni go’zal libos – bahor gullari bilan bezaydi.

Qizil gullarning paydo bo’lishi to’g’risidagi bu kabi tasavvurlar yerni, ona tabiat vujudga keltiradigan barcha narsalarni yanada sevish, ardoqlashga da’vat qiladi. Gul sayillari xalq ijodi ravnaqiga ham katta ta’sir ko’rsatgan. Chunki gul saylidan yigit-qizlar she’r o’qib, bir-birlariga gul taqdim etib o’ynaydigan “Gul bazmi” o’yini, gul va yor go’zalligini bir-biriga qiyoslovchi “Gulyor” nomli qo’shiqlar turkumi, gul ochilayotganini ifodalovchi “Gulraqs” (“Gul o’yin”) askiyachilar o’rtasida “Gulmisiz, rayhonmisiz?…” nomli payrov kabilar joy olgan. Keyinchalik ular takomillashib, alohida holda rivojlangan. Gul sayillari arafasida yoki o’sha paytda tug’ilgan bolalarga, ayniqsa, qizlarga “gul” nomini qo’shib (yoki “gul” nomi bilan) nom qo’yishgan.

Ma’lumki, go’zal bahor faslida ikki yirik bayram – Navro’z va gul sayillari o’tkazilgan. Ba’zi manbalarda bu ikki bayram bir-biridan ajratilmay yagona bayram sifatida talqin etilsa, boshqalarida ular alohida bayramlar ekani ta’kidlanadi. Nega shunday? Albatta, bunga aniqlik kiritmoq kerak. Bizningcha, “Yil boshi” – “Navro’z” yozga ko’chirilgan davrlarda gul sayli bahor faslining eng katta bayramiga aylangan. Shunda u Navro’zga xos odatlarni ham o’zida mujassamlashtirgan. Navro’z yana bahorga ko’chirilganda, u tabiat jonlanishi, bahor kelishini qayd etadigan bayramga aylangan. U “yil boshi” bo’lgani uchun ham aniq kunlari (hozirgi 21-22 martda) nishonlanadigan bo’lgan. Gul sayillari (lola, qizil gul bayramlari)ning qachon o’tkazilishi tabiatga, ob-havoga bog’liq bo’lib, ular gullar qiyg’os ochilganida, ko’pincha aprel boshidan to may o’rtalarigacha o’tkazilgan.

Navro’z bir oygacha nishonlanadigan joylarda esa bu ikki bayram bir-biriga qo’shib ketgan. Bunday joylarda bahor tantanalari “Navro’z” bayrami bilan boshlanib gul sayillari bilan yakunlangan. Keng maydonlarda lolazorlari bo’lgan joylarda esa gul sayillari yanada tantanaliroq o’tkazilgan. Umuman, bu bahor bayramlari bir-birini to’ldirib, boyitgan.

Dalalar, qir-adirlar, tog’ yonbag’irlarida gullar (boychechak, lola, sunbula, binafsha) ochilishi munosabati bilan qadimda o’tkazilib kelingan turli gul sayillari – Boychechak sayli, Lola sayli, Qizil gul (qizg’aldoq) sayli, Sunbula sayli, Binafsha sayli kabi sayillar xalqimizning bebaho tarixiy-ma’naviy boyligidir. Afsuski, keyingi o’n yillar mobaynida turli sabablarga ko’ra, (xalq bayramlari taqiqlanganligi, sayilgohlar, tabiiy gulzorlar buzilib ketganligi, ekinzorlarga aylantirib yuborilganligi, tabiiy dala gullari yo’qolib ketganligi tufayli) gul sayillari yo’qolib ketdi. Ular faqatgina ayrim tog’li qishloqlardagina juda soda holda saqlanib qolgan.

Albatta, tabiiy gulzorlarsiz, lolalarsiz gul sayillarini tiklash, uyushtirish mushkul ish. Shunday ekan, eng avvalo mavjud lolazorlarning yo’qolib ketishiga yo’l qo’ymaslik kerak (Afsuski, hozirgi paytda ham ular yo’q qilinmoqda). Shuningdek, imkoniyati bor joylarda ilgarigi gulzorlar, tabiiy sayilgohlarni tiklash va bu yerlarni maxsus qo’riqxonalarga aylantirmoq lozim (Bu tabiiy gullar navlatini saqlab qolishga ham imkon beradi). Gul qo’riqxonalarining bir chetida gul bayramlarini o’tkazish uchun alohida sayilgohlar ajratib qo’yilsa ayni muddao bo’lar edi.

Shunday qilinsa, ham tabiiy gulzor, lolazorlar saqlab qolinadi, ham gul sayillarini yana hayotga qaytarish imkoni bo’ladi. Albatta, bu gul sayillaridan maqsad tabiiy sayilgohlarda dam olish, sayr qilishgina bo’lib qolmasligi kerak. Bu sayillar tabiiy go’zalligi, dala gullari, chechaklari va o’simliklarini e’zozlash, saqlash va ko’paytirish tadbiriga ham aylanishi lozim.

Gul sayillari tabiiy sayilgohlardagina emas, balki zamonaviy tarzda shahar madaniyat bog’larida tashkil qilinsa ham bo’ladi. Namangandagi madaniyat bog’ida 30 yildan beri “Gul bayrami” o’tkazilib kelinayotgani diqqatga sazovordir. Bu bayram Yevropadagi bayramlar ta’sirida 50-yillarda paydo bo’lgan bo’lsa-da, u endilikda namanganliklarning eng katta va sevimli bayramiga aylanib qolgan. Bu zamonaviy bayram respublikamizning boshqa shaharlarida ham uyushtirilsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi.

Shunday qilib, gulga bag’ishlangan bayramlarni ikki xil uslubda hayotga qaytarish va taraqqiy ettirish mumkin: birinchidan, tabiiy gulzor – sayilgohlarda dala gullari ochilishi munosabati bilan o’tkaziladigan an’anaviy Lola sayli, Sunbula sayli, Qizil gul sayli kabilarni tiklash lozim. Ikkinchidan, madaniyat va istirohat bog’larida (Namangan shahri bog’i tajribasi asosida) madaniy gullarni ko’paytirish, targ’ib qilish maqsadida tashkil qilinadigan gul bayramlarini barcha joylarda o’tkazish zarur.

Tabiatning eng ajoyib mo’jizasi, “go’zallik malikasi” – gulga bag’ishlangan bayram va sayillar kishilarni tabiat va inson go’zalligini e’zozlash, ardoqlash ruhida tarbiyalaydi.