Deyl Karnegi. Bezovtalikdan xalos bo’lish va yangi hayot boshlash sirlari

Bu kitob qay tariqa va nima sababdan yozildi

O’ttiz besh yil muqaddam men o’zimni Nyu-Yorkdagi eng baxtsiz yigitlardan biri deb hisoblar edim. Men yuk mashinalarini sotish bilan shug’ullanar va shundan keladigan daromad hisobiga kun kechirardim. Mexanizmlar harakati bilan boshqariladigan yuk mashinalarini mutlaqo tushunmasdim, tushunishni istamas ham edim, chunki ishimni ko’rgani ko’zim yo’q edi. Suvaraklar g’ujg’on o’ynagan, arzoi mebellar bilan jihozlangan G’arbiy ko’chadagi 56-uyda yashash uchun o’limdan ham og’ir edi. Hozirgacha esimda, xona devorida bo’yinbog’larim osig’liq turar, ertalab toza bo’yinbog’ni olmoqchi bo’lsam, suvaraklar har tomonga qarab qochardi. Jirkanib bo’lsa-da, suvaraklar bilan to’lib-toshgan arzon irkin oshxonalarda ovqatlanardim.

Har kuni kechqurun boshim qaqshab, dilgir, umidsiz holda g’azab va alamga to’lib kimsasiz kulbamga qaytar edim. Qahr-g’azabga minishimning boisi shunda ediki, kollejda o’qib yurgan paytdagi orzularimning bari sarobga aylangandi. Shu ham hayot bo’ldi-yu, deb o’ylardim. Hamisha intiq bo’lib kutgan muzaffar kun qani? Nahotki, hayotim butun umr shunday o’tsa, nega men nafratimni qo’zg’atadigan ishga borishim, suvaraklar bilan to’la xonada yashashim, yoqimsiz ovqatlarni tanovul qilishim kerak, nahotki kelajakdan hech qanday umid bo’lmasa? … Men o’qish va kitob yozish uchun bo’sh vaqt bo’lishini intizorlik bilan kutardim. Bu haqda hali kollejda o’qib yurganimda o’ylagan edim.

Bilardi, o’zimga yoqmagan ishdan voz kechsam, hech narsa yo’qotmayman va aksincha ko’p narsaga ega bo’laman. Meni katta pullar qiziqtirmas, hayotim qiziqarli bo’lishini istardim, xolos. Xullas, men Rubikon huzuriga keldim, ya’ni o’zlarining hayot yo’llarini endigina boshlagan yosh yigit balki hozirga qadar eng ko’p olqish olishga sazovor bo’lgan mualliflardan biri hisoblansam kerak.

Yillar o’tdi va men tinglovchilarimni eng asosiy muammolaridan biri bezovtalik ekanini angladim. Ularning ko’pchiligi ishbilarmon kishilar – ma’muriy xodimlar, savdo agentlari, muhandislar, hisobchilar, turli soha va kasb-hunar mutaxassislari bo’lib, aksariyati oldida muayyan muammolar ko’ndalang turardi! Mashg’ulotlarda ayollar – xizmatchi va uy bekalari ham ishtirok etardi. Ularning ham muammolari mavjud edi. O’z-o’zidan ayon ediki, bezovtalikni qanday bartaraf etish haqida o’quv qo’llanmasi zarur va men shunday kitoblarni topishga yana harakat qildim. Nyu-York markaziy kutubxonasiga yo’l oldim va u yerda meni “Bezovtalik” rukni ostida faqat 22 nomdagi kitob borligi hayratga soldi. Qarta o’yiniga oid “Tappon” rukni ostida esa 189 ta kitob hisobda turishini bilib hayratim oshdi. Bezovtalikka nisbatan qarta o’yiniga tegishli kitob deyarli to’qqiz marta ko’p edi. G’alati-ya, shunday emasmi? Axir bezovtalik butun insoniyat oldida turgan eng katta muammolardan biri-ku! O’z-o’zidan ma’lumki, “Bezovtalikni qanday bartaraf etish mumkin?” nomli kurs mamlakatning barcha o’rta maktab va kollejlarida o’tilishi shart bo’ladi. Ammo mazkur masalaga oid o’quv qo’llanmasini mamlakatimiz o’quv yurtlarining birortasidan ham topa olmadim. Devid Siberi “Bezovtalikni qanday bartaraf etish kerak?” nomli kitobida quyidagilarni yozganida, hayron qolmaslik kerak: “Kitobni kemiruvchi G’umbak baletga tushish uchun qanchalik notayyor bo’lsa, biz ham o’smirlik paytimizda hayotiy tashvishlarga shunchalik notayyor holda qadam qo’yamiz”.

Natijada nima bo’ladi? Mamlakatimiz shifoxonalaridagi o’rinlar sonining deyarli yarmidan ko’pi asab va ruhiy dilsiyohlikdan azob chekuvchi kishilar bilan banddir. Men Nyu-York markaziy kutubxonasi tokchasidagi bezovtalik bilan bog’liq ana shu yigirma ikkita kitobni o’qib chiqdim. Shu bilan birga mazkur masalaga doir topgan kitoblarning barini sotib oldim. Lekin ular orasida o’zim mashg’ulot o’tayotgan kursga yaroqli biror qo’llanmani topa olmadim. Shunda bunday kitobni o’zim yozishga qaror qildim.

Bu kitob ustida ishlash uchun yetti yil muqaddam tayyorgarlik ko’rgan edim. Qay tarzda? Barcha asrlarda o’tgan faylasuflarning bezovtalik haqidagi fikrlarini o’qib chiqdim. Shu bilan birga Konfutsiydan tortib Cherchillga qadar yuzlab tarjimai hollarni o’rgandim. Turli sohadagi mashhur kishilar, masalan, Jek Dempsi, general Omar Bredi, general Mark Klark, Genri Ford, Eleonora Ruzvelt, Doroti Diks bilan suhbatlashdim. Ammo bular hali debocha edi.

Binobarin, men suhbat va mutolaadan tashqari nihoyatda muhim bir ish bilan ham band bo’ldim. Besh yil davomida bezovtalikka aloqador muammolarni tadqiq etuvchi laboratoriyada ter to’kdim. Laboratoriya kursimiz qoshida tashkil etilgan edi. Menga ma’lum bo’lishicha, bu dunyoda mazkur yo’nalishdagi birinchi va yagona laboratoriyadir. Faoliyatimiz quyidagicha tashkil qilingan edi. Biz tinglovchilarga bezovtalik bilan kurashga tegishli qator qoidalarni berib, uni turmushga tatbiq etishni so’rar edik, so’ng qo’lga kiritilgan natijalar xususida mashg’ulotlar paytida axborot berish talab etilardi.

Boshqa tinglovchilar bezovtalik bilan kurashda ilgari qo’llagan usullar haqida so’zlab berardilar.

Buning natijasi o’laroq, “Bezovtalikni qanday tark etdim?” degan mavzuda dunyoda hech kim mendek ko’p hikoya tinglamagan bo’lsa kerak. Shu bilan birga men pochta orqali kaminaga jo’natilgan shu mavzuga doir yuzlab hikoyalarni o’qib chiqqanman. Ularning aksariyati AQSh va Kanadaning bir yuz yetmishta shahrida o’tkazilgan kursimiz mukofotiga sazovor bo’lgan edi. Mazkur kitob fil suyagidan yasalgan minora ustida yaratilgan emas, albatta. Shuningdek, u bezovtalikka qarshi kurashni ko’rsatuvchi akademik traktat ham hisoblanmaydi. Men bezovtalikdan xalos bo’lgan minglab kishilarning aniq dalillariga asoslangan, yengil o’qiladigan ixcham kitob yozishga harakat qildim. Bir narsa aniq: bu kitob amaliy qo’llanmadir. Siz uni o’rganishga kirishaverishingiz mumkin.

Shuni xushnudlik bilan ma’lum qilamanki, bu kitobda tasavvur qilingan xayoliy “Janob B…” yoki to’qib chiqarilgan, shaxsini tiklab bo’lmaydigan “Meri va Jon” haqidagi hikoyalarni topa olmaysiz. Kitob haqqoniy yozilgan. U hujjatli manbalarga asolangan. “Fan, – degan edi fransuz faylasufi Valeri, – o’zini oqlagan retseptlar to’plamidan iboratdir”. Mening kitobim ham vaqt sinovidan o’tgan va hayotimizdan bezovtalikni bartaraf etishga imkon beruvchi, o’zini oqlagan andazalar to’plamidan iboratdir. Shu bilan birga ogohlantirib qo’yay: siz qandaydir yangi narsani payqamassiz, lekin unda kundalik turmushda qo’llanmaydigan narsani topasiz. Shunday holda qandaydir yangi narsaning hojati ham yo’q. Biz mukammal hayot kechirishni to’liq bilamiz, albatta. Bizning fojiamiz savodsizlikda emas, balki faoliyat ko’rsatmaslikda. Mazkur kitobning maqsadi – qadimiy va unutilmas ko’pgina haqiqatlarni ta’riflash, misol bilan ko’rsatish, zamonaviylashtirish hamda ulug’lashdan iboratdir.

Bu kitob sizga qanday yozilganini bilish uchun uchungina kerak emas, albatta. U sizga faoliyat ko’rsatishingiz uchun kerak. Xo’sh, keeling, boshlaymiz.

Birinchi qism. Bezovtalik haqida bilish zarur bo’lgan asosiy haqiqatlar.

Birinchi bo’lim. Bugungi kunning “Oraliq bo’sh joyi”da yashang.

1871 yil bahorida bir o’spirin kitobdan o’zining kelajagini butunlay o’zgartirib yuborgan yigirmata so’zni o’qidi. Monrealdagi umumiy ixtisoslik shifoxonasida tibbiyot talabasi sifatida amaliy mashg’ulotlarni o’tkazar ekan, uni quyidagi muammolar bezovtalik qilar edi: bitirish imtihonlarini qanday topshirish kerak, qayerga borib ishlash mumkin, o’z amaliyotini qay tarzda tashkil etmoq lozim, yashash uchun nima qilish kerak?

Bu ish tibbiyot talabasini 1871 yilda o’qigan yigirmata so’z o’z davrining eng mashhur terapevti bo’lib yetishishiga yordam berdi. U Jon Gopkins universiteti qoshida jahonga dong’i ketgan tibbiyot maktabini tashkil etdi. U Britaniya imperiyasida tibbiyot olimi muyassar bo’ladigan eng yuksak unvon – Oksford qirolligi tibbiyot professori degan nomga sazovor bo’ldi. Angliya qirolligi dvoryani darajasiga ko’tarildi. Vafotidan so’ng 1466 sahifadan iborat kattakon ikki jildli kitobi bosilib chiqdi, unda hayot yo’li hikoya qilingan edi.

Uni ser Uilyam Osler deyishardi. Quyida uning hayotini bezovtalikdan xalos etishga yordam bergan Tomas Karleyl tomonidan yozilgan yigirmata so’z keltiriladi: “Bizning asosiy vazifamiz kelajakning tumanli yiroq joylariga nigoh solish emas, balki ko’zimizga ko’rinib turgan tomonlari sari darhol harakat qilmoqdan iborat”.

Oradan qirq ikki yil o’tib, universitet chorbog’ida lolalar gullagan sokin bahor oqshomlaridan birida ser Uilyam Osler Yel universiteti talabalariga murojaat etdi: “Odamlar meni, ya’ni to’rt universitet professori va ommabop kitoblar muallifini “alohida xislatlar miyasi”ga ega bo’lishi kerak, deb hisoblashadi. Bu to’g’ri emas”, deb ta’kidladi u. Ma’lum bo’lishicha, yaqin do’stlari uni “o’rtamiyona qobiliyat egasi” deb bilar ekanlar.

Baribir undagi yutuqlar siri nimada? O’zining aytishicha, muvaffaqiyatning sababi, boshqa kunlar bilan haddan ziyod “zichlashish”dan alohida olingan, ajratib tashlangan bugun bilan yashashga intilganida. Bunda u nimani nazarda tutgan? Ser Uilyam Osler Yel universitetida ma’ruza o’qishdan bir necha oy muqaddam yirik ocean kemasida Atlantika okeanini kesib o’tgan edi. Kema kapitani ko’prikachada turib tugmachani bosa olar, shunda birdan mexanizmlar shovqini eshitilar, kemaning boshqa bo’lmalari suv kirmaslik uchun germatik tarzda yopilar edi. “Sizlarning har biringiz, – deydi doctor Osler bu talabalarga, – katta kemadan ko’ra ko’proq zarur bo’lgan kerakli mexanizm kabi katta hayot yo’liga chiqib olgach, uzoq safarga otlanasiz. Men shuni talab qilamanki, o’zingizga berilgan ushbu mexanizmlarni nazorat qilishni o’rganishingiz, uni turli to’fonlardan himoya qilishingiz, ya’ni uni turli “bo’laklar”dan o’z vaqtida ajratib olishingiz kerak. Shundagina sayohatingiz bexatarligini ta’minlagan bo’lasiz. Ko’prikchada turing va hech bo’lmaganda kemaning asosiy suv o’tkazmaydigan qismi doimo ishlab turishini ta’minlang. Tugmachani bosing va o’shanda hayotingizning har bir bosqichida temir eshiklar sizni o’tmisdan – o’likka aylangan kechagi kundan ajratib turganini eshitasiz. Boshqa tugmachani bosing va temir parda sizni hali tug’ilmagan ertangi kundan ajratadi. Shunda siz butunlay xavf-xatardan qutulib, bugunda bo’lasiz!… O’tmishni yakkalatib qo’ying! Mayli, o’lik o’tmish o’z marhumlarni dafn etaversin… Ahmoqlarga qabr tomon yo’l ko’rsatgan o’tgan kunlarni ajratib qo’ying! O’tmish yuki ustiga ortilgan kelajak yukini yelkangizga olsangiz ham, bu yo’l, hatto eng kuchlilarni ham talay to’siqlarga duch kelishiga majbur etadi. Kelajakni ham xuddi o’tmish kabi ajratib tashlang… o’tmish bugundadir… Erta bo’lmasligi mumkin. Odamni xalos etuvchi kun – bugundir. Quvvatning behuda isrof bo’lishi ruhiy iztirob, asosiy bezovalik kelajakni o’ylab jonsarak bo’luchi odamning izidan hamisha ta’qib etib yuradi… Shunday qilib, kemaning barcha bo’lmalarini mahkam berkitib tashlang, layner tumshug’i va quyruq tomonini temir to’siqlar bilan ajratib tashlang. O’zingizda o’tmish va kelajakni “germetik to’siqlar” bilan ajratib tashlangan vaqt bo’lagida yashash odatini doimiy ravishda tarbiyalab boring”.

Doktor Osler bizga ertangi kun uchun hech qanday tayyorgarlik ko’rmaslik kerak, demoqchimi? Yo’q. Mutlaqo unday emas. U o’zining nutqida ertangi kun uchun tadorik ko’rishning eng yaxshi usuli – bugungi kun yumushlarini ado etish uchun o’z kuch-quvvatini bir joyga jamlashni qayta-qayta uqtirgan, xolos.

Urush davrida harbiy rahbarlarimiz kelgusi rejalarni tuzishar, ammo o’zlari bezovtalikni namoyon etishga yo’l qo’ymasdilar. “Men ixtiyorimdagi eng yaxshi odamlarimizni eng yaxshi harbiy texnika bilan ta’minlandim, – deydi AQSh harbiy dengiz kuchlari qo’mondoni Ernest J.King, – va ularning oldiga eng oqilona vazifalarni qo’ydim. Ilojim yetgani shu edi”.

“Agar kemani cho’ktirayotgan bo’lishsa, – deb davom etadi admiral King, – men uni aslo ko’tarolmayman, Agar g’arq bo’lsa, men uni qutqara olmayman. Kech nima ro’y berganiga qayg’urib o’tirgandan ko’ra, yaxshisi, men ertangi kun muammolarini hal etish uchun vaqtimni sarflayman. Agar bu xildagi narsalarga bezovta bo’laversam, umrim yetmaydi”.

Harbiy vat inch sharoitlarda to’g’ri va noto’g’ri fik yuritish o’rtasidagi farq quyidagicha bo’ladi: to’g’ri fikr sabab va oqibatlar tahliliga asoslanadi, u mantiqiy konstruktiv rejalashga olib boradi; noto’g’ri fikr yuritish esa keskinlik va asab buzilishiga sababchi bo’ladi.

Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy kiyimidagi yosh yigit Yevropaning qayeridadir muhim bir sabq oldi. Uni Ted Bengermino deb atashardi. Bu inson urush vaqtida ruhiy jarohat olish darajasigacha bordi.

“1945 yilning aprelida, – deb yozadi Ted Bengermino, – men shunchalik bezovta edimki, natijada, shifokorlar tili bilan aytganda, yo’g’on ichak yallig’lanishi xastaligi meni tamoman holdan toydirdi. Bu kasallik chidab bo’lmas darajada og’riq berardi. Agar urush o’sha vaqtda to’xtamaganida, sog’lig’imdan ajralishim aniq edi.

Tinka-madorim butunlay qurigandi. 94 piyoda diviziyasining dafn etish bilan shug’ullanuvchi qismida unter-ofitser bo’lib xizmat qilardim. Ishim jangda o’lganlar, bedarak yo’qolganlar va gospitalda yotqizilganlarning hisob varaqalarini to’ldirishga ko’maklashishdan iborat edi. Shuningdek, urush qizigan paytda ittifoqdagi hamda dushman askarlari qabrga shoshilinch tarzda nari-beri ko’milgan bo’lsa, ularni qazib olishim kerak edi. Shu bilan birga zimmamga o’ldirilganlarning shaxsiy buyumlarini to’plash, ularni ota-onalari va qarindosh-urug’lariga (bu ular uchun nihoyatda qadrli edi) yuborishni nazorat qilish vazifasi ham kirardi. Meni xuddi shu qaltis xatolar yuz beradiganday doimiy qo’rquv ta’qib etardi. Bunga qaday chidayman, deb hamisha bezovta bo’lardim. Hali biror marta ko’rmaganim – o’n olti oylik yakkayu-yagona o’g’limni qo’limda ko’tarishga muyassar bo’larmikanman, degan fikr qiynardi. Men shu darajada holdan toygan va qiynalgan edimki, o’ttiz to’rt funt og’irligimni yo’qotib, aqldan ozish darajasiga kelib qoldim. Qo’llarimga qaradim, xuddi skelet qo’liga o’xshardi. Unga nogiron bo’lib qaytish peshonamga bitgan ekan, degan fikrdan dahshatga tushardim. Butunlay umidsizlikka tushib, xuddi yosh bola kabi xo’ngrab yig’lardim. Shu darajada iztirobga tushgandimki, yolg’iz qoldim deguncha ko’z yoshlarim yuzimni yuvib ketaverardi. Ardennadagi jangdan so’ng shunday payt keldiki, men tez-tez yiglab, yana odam bo’lishdan butunlay umidimni uzdim.

Oxir-oqibatda shifoxonaga tushib qoldim. Bir harbiy shifokor bergan maslahat hayotimni butunlay o’zgartirib yubordi. Atroflicha tekshiruvdan o’tkazganidan so’ng mening kasalligimni ruhiy hayajonlanish oqibatida ro’y bergan, deb xulosaga keldi. “Ted, – dedi u, – sen o’z hayotingga xuddi qum soatday nazar tashlashingni istayman. Bilasanmi, minglab qum donalari soatning yuqori qismida turadi va ular ohista tarzda tinmay o’rtadagi tor teshikdan pastga “oqadi”. Agar sen yoki men shu teshikni ma’lum vaqtda koproq qum o’tadiganday qilib o’zgartirsak, soat ishdan chiqadi. Men, sen va boshqa odamlar ham ana shu qum soatlarga o’xshaymiz. Ertalab o’rnimizdan turganimizda bajarishimiz shart bo’lgan yuzlab ishlar ko’ndalang turadi. Bu yumushlarni ma’lum vaqt oralig’ida bittalab bajarmasak (xuddi qum donalari oraliq teshikdan o’tgani kabi), ularning hammasini birvarakayiga bajarishga urinsak, o’zimizning jismoniy va ruhiy kuchimizni barbod qilgan bo’lamiz”.

Men bu falsafani, harbiy shifokor: “Har bir qum donasi vaqtning bir bo’lagi, demak… Har bir ish vaqtning muayyan bo’lagida amalga oshishi kerak”, degan o’sha unutilmas kundan boshlab amaliyotga tatbiq eta boshladim. Bu maslahat urush davrida meni ham jisman, ham ruhiy jihatdan qutqardi, hozirgi tinch davrda ham menga yordam bermoqda. Men Baltimordagi Savdo kredit kompaniyasida xizmat qilaman. Ish faoliyatim davrida xuddi urush paytidagidek muammolarga to’qnash keldim; birvarakayiga juda ko’p ishlarni bajarish zarur, ixtiyorimdagi vaqt juda oz edi. Aksiyalarimiz narxi tushib ketgan, faoliyatimizga yangi shakllarni kiritishimiz kerak edi. O’sha paytda yangi aksiyadorlik jamiyatlari ochilar, yopilar, manzillari o’zgarardi va hokazo. Men hayajonlanish va asabiylashish o’rniga shifokorning aytganini eslardim: “Har bir qum donasi vaqtning bir bo’lagi, demak… Har bir ish vaqtning muayyan bo’lagida amalga oshishi kerak”. Bu so’zlarni o’z-o’zimga qayta-qayta takrorlab, vazifamni yanada samarali tarzda ado eta boshladim. Ishimni bajara borib, harbiy sharoitda meni deyarli xarob etayotgan sarosimalik va gangib qolish holatlarini mutlaqo his etmadim”.

Turmush tarzimizga xos bo’lgan illatlardan biri shundaki, shifoxonalardagi orinlar sonining deyarli yarmi kechagi kun tashvishlari, o’lchov bilmas yuki ostida ezilgan va ertangi kundan vahimaga tushgan ruhiy va asabiy hayajonlanishdan azob chekkan bemorlar bilan band. Ularning aksariyati agar Iso Masihning: “Erta uchun aslo tashvish tortmang” yoki Uilyam Oslerning: “Bugunni alohida ajratib yashang” degan maslahatlariga amal qilishganida, hayotdan mamnun bo’lib yashar va atrofdagilarga ham foydagi tegardi.

Siz va men shu lahzada ikki adabiyat kesishgan joyda turibmiz: mangulikka cho’zilgan bepoyon v asana oxiriga borib taqaluvchi kelajak. Har ehtimolga ko’ra, bir ham, u ham bu abadiyatda yashay olmaymiz, yo’q, hattoki bir soniya ham. Bunga erishish uchun harakat qilsak, sog’ligimiz va aqliy quvvatimizga putur etkazamiz. Shu sababli, keeling, vaqtning yagona bir bo’lagi, ya’ni hozirdan kifoyalanib qolaylik. “Har bir kishi, qanchalik og’ir bo’lmasin, tun kelguncha o’z yukini o’zi tortadi, – deb yozgan edi Robert Luis Stivenson. – Har birimiz, og’ir bo’lsa hamki, kun mobaynida o’z ishimizni uddalaymiz. Har birimizning oftob botguncha ko’nglimizda yorug’ niyatlar, sabr-toqat va tevarak-atrofga muhabbat bilan qarab yashashga qurbimiz yetadi. Hayotning asl ma’nosi ham shunda”.

Pirovardini aytganda, hayot ham bizdan aynan shuni talab qiladi. Ammo E.K.Shilds xonim tong otgandan kun botgunga qadar yashashni o’rgatgunicha shunchalik umidsizlikka tushgan ediki, hatto o’z joniga qasd qilmoqchi bo’ldi.

“1937 yilda erim vafot etdi, – deydi Shilds xonim o’z hayoti haqida menga gapira turib, – chuqur g’am-g’ussaga cho’mdim. Yashash uchun deyarli hech vaqom yo’q edi. Meni ilgari ish bilan ta’minlagan Kanzas-Sitidagi “Rouch-Fauler” firmasining egasi Leon Rouga xat yozdim va yana ishga qabul qilindim.

Ilgari ham kun kechirish uchun qishloq va shahar maktablarida kitob sotardim. Erim kasallanib qolganida, ikki yil oldin avtomashinani sotgan edim. So’ng nasiyaga avtomobil olish uchun bir amallab pul yiqqach, yana kitob savdosi bilan mashg’ul bo’ldim.

Yana yo’lga tushdim, diqqanafaslikni yengaman, deb xayol qilgan edim. Ammo mashinani yolg’iz boshqarish va tanholik mening kuchimdan baland keldi. Bir necha joyda yetarli ishlay olmadim. Juda oz bo’lsa-da, avtomobil uchun tegishli badalni to’lash menga og’irlik qilishi ma’lum bo’lib qoldi.

1938 yil bahoridan Missuri shtatidagi Versal yaqinida ishlay boshladim. Maktablar nochor ahvolda, yo’llar nosoz edi. Hayotda shunchalik yolg’iz va undan shu qadar bezgan edimki, hatto bir kuni o’zimni o’ldirmoqchi ham bo’ldim. Biror yutuqqa ega bo’lolmayman, deb o’yladim. Hayot men uchun butunlay bema’ni ko’rinib qoldi. Olamdagi barcha narsa meni qo’rquvga solardi. Avtomobil uchun olingan badalni to’lay ololmayman, xona uchun ijara haqi berolmayman, yegani nonim bo’lmaydi, degan qo’rquv vujudimni qamrab oldi. Kasal bo’lishdan o’takam yorilar, chunki shifokorga to’lash uchun pulim yo’q edi. O’z jonimga qasd qilishdan singlimning qattiq qayg’uga tushishi va meni dafn etish uchun yetarli mablag’ yo’qligi to’g’risidagi fikr qaytardi.

Bir kuni bir maqolani o’qib qoldim, u ruhiy tushkunlikdan qutulishimga yordam berdi va yashash uchun dadillik baxsh etdi. Meni qiyinchiliklarga qarshi kurashga ilhomlantirgan bir jumlasi uchun maqola muallifini umrim boricha alqayman. Mana o’sha jumla: “Donishmand uchun har kuni yangi hayot quchoq ochadi”. Men mazkur jumlani ko’chirib oldim va uni mashinaning old oynasiga yopishtirib qo’ydim. Rulga o’tirsam, har doim shu jumlaga ko’zim tushardi,. Ma’lum bo’ldiki, bir kunni yashab o’tish unchalik og’ir emas ekan. Men o’tgan kunlarni unutib va ertani o’ylab bezovta bo’lmaslikni o’rgana boshladim. Har tong o’z-o’zimga: “Bugun mening qarshimda yangi hayot boshlanadi”, der edim.

Men yakka yashash dahshati va muhtojlik vahimasini yengishga muvaffaq bo’ldim. Men baxtliman va umuman, bariga ulguryapman, g’ayratga va hayotga muhabbat bilan limmo-lim to’laman. Endi qanday bo’lmasin, qo’rquv nimaligini boshimdan kechirmasligimni albatta bilaman. Kelgusi qo’rquvdan butunlay xalos bo’ldim. Endi men faqat bugunni o’ylash kerakligini tushunaman, chunki “donishmand odam uchun har kuni yangi hayot quchoq ochadi”.

Odamzod tabiatining eng fojiaviy jihatlaridan biri, mening nazarimda, o’z orzu-umidlarimizni ro’yobga chiqarishni orqaga tashlashga moyillikdir. Biz ufq ortida berkingan gullarga g’arq to’lgan sehrli bog’larni orzu qilamiz, vaholanki bunday gullar derazamiz tagida o’sadi, undan bahramand bo’lgimiz kelmaydi.

Biz nega bu qadar nodonmiz, haddan ortiq nodonmiz?

“Umrimiz deb ataladigan vaqtning kichik bo’lagini nega bu qadar g’alati o’tkazamiz, – deb yozgan edi Stiven Linok. – Bola “Qachon katta bo’laman?” deydi. Xo’sh, bu nimani anglatadi? O’smir “Men qachon yigit bo’laman?” deydi. Nihoyat, yigit bo’lib yetilgach, “Qachon uylanaman?” deydi. Uylanadi ham, ammo shunda ham deyarli hech narsa o’zgarmaydi. U yana o’y suradi: “Qachon nafaqaga chiqaman?”. Nafaqa yoshiga yetgach, o’tgan umriga nazar tashlaydi va achchiq izg’irin shamol yuziga urilib, uning ko’zi oldida shafqatsiz haqiqat ochiladi: umrining qanchasi behuda o’tibdi, bari qaytmas bo’lib ketibdi. Biz bu hayotning asl mazmuni uning o’zida, har bir kun, soatlik maromida ekanligini haddan ziyod kech tushunamiz”.

Detroytlik marhum Edvard S.Evans “hayotning asl mazmuni shu hayotning o’zida, har bir kun, soatning maromida” ekanini bilguniga qadar doimiy bezovtalik tufayli halok bo’layozgan edi. Kambag’al oiladan chiqqan Edvard Evans gazetalar sotish bilan kun ko’rar, so’ng baqqollik do’konida kichik xizmatchi (klerk) bo’lib xizmat qilardi. Birozdan keyin kutubxonachiga yordamchi bo’ldi. Uning qaramog’ida yettita jon bor edi. Maoshi oz bo’lsa-da, u ishdan ketishdan juda qo’rqardi. Hammasini boshdan boshlash uchun mardona kirishgan paytida oradan sakkiz yil o’tgan edi. U korxona ochdi, unda nasiyaga olingan ellik besh dollar qo’yilgan bo’lib, yiligga yigirma ming dollar daromad olardi. So’ng unga halokatli zarba yog’ildi. U do’stidan katta mablag’ hisobiga veksel oldi, do’sti esa kutilmaganda xonavayron bo’ldi. Uning izidan ikkinchi zarba keldi: Evansning barcha mablag’lari saqlangan bank kasotga uchradi. U bor-yo’g’idan ajralibgina qolmay, o’n olti ming dollar qarzdor ham bo’lib qoldi. Asablari bu ruhiy iztiroblarni ko’tara olmadi. “Men na uxlardim, na ovqat yerdim, – deb menga hikoya qilgan edi u, – tushunib bo’lmaydigan kasallik bilan og’ridim. Bu kasallik faqat bezovtalik, yana bezovtalikni keltirib chiqarardi. Bir kuni ko’chada ketayotib, xushdan ketib qoldim. Ortiq yurolmaydigan bo’ldim. To’shakka mixlanib, butun badanimga chipqon toshib ketdi. Chipqon tashqi tomondangina emas, ichimda ham bor edi. Hatto to’shakda yotib ham, odamzod chidab bo’lmaydigan og’riqni boshdan o’tkazdim. Kundan-kunga holdan keta boshladim. Nihoyat, shifokor umrimdan ikki hafta qolganini aytdi. Men qotib qoldim, shu zahoti vasiyatnoma tuzdim va to’shakda yotib, o’limimni kuta boshladim. Kurashish, bezovta bo’lishdan hech qanday naf yo’q edi. Taqdirga tan berdim, darmonim qurib, uxlab qoldim. Haftalab ikki soatdan ortiq uxlay olmasdim, endi esa dunyo tashvishlari tugab, men xuddi yosh boladay uxlab qoldim. Asta-sekin charchoq o’tib ketdi, ishtaham ochilib, et ola boshladi.

Bir necha haftadan keyin men qo’ltiqoyoqda yura oladigan bo’ldim. Olti haftadan so’ng ishga kirishdim. Ilgari bir yilda yigirma ming dollar ishlagan bo’lsam, endigi ishim tufayli qo’limga haftada tushadigan o’ttiz dollar bilan kifoyalanardim. Men avtomobil g’ildiraklariga yurish uchun zarur bo’lgan tormoz kolodkalari bilan savdo qila boshladim. Nihoyat, hayotiy tajriba ma’nosini anglab yetdim. Men uchun eng muhimi – bezovtalikdan xalos bo’lish, o’tmishda nimalar ro’y berganiga qaramay, pushaymon bo’lmaslik, kelajak oldidan qo’rquvga tushmaslik edi. Butun vaqtim, kuch-quvvatimni yangi ixtisoslikni o’rganishga bag’ishladim”.

Edvard S.Evans xizmat pillapoyalaridan ilgarilab ketdi. Bir necha yillardan so’ng u “Evans prodakt” kompaniyasining prezidenti bo’lib oldi. Uning kompaniyasi ko’p yillar davomida Nyu-York fond birjasida ro’yxatga olinib turdi. 1945 yilda vafot etgan Edvard S.Evans AQShning eng ilgor ishbilarmon kishilaridan biri hisoblanar edi. Agar siz vaqti kelib Grelandiya ustidan uchib o’tsangiz, uning sharafiga qo’yilgan Evans-fild aeroportiga qo’nib o’tishingiz ehtimoldan xoli emas.

Mazkur hikoyaning asosiy mohiyati quyidagicha: Edvard S.Evans bugungi kunni “ajratib olib”, bezovtalik bemanilik ekanini anglamaganida, hayotda bunchalik hayratomuz muvaffaqiyatlarga erisha olmasdi.

Eramizgachaa besh yuz yillar muqaddam Geraklit o’z shogirdlariga: “O’zgarish qonunlaridan tashqari barcha narsalar almashadi”, degan edi. Shuningdek, u: “Bir vaqtning o’zida bir daryoda ikki marta cho’mila olmaysiz”, degan. Daryo har soniyada o’zgarib turadi, unga tushgan odamda ham ana shunday holat ro’y beradi. Hayot o’zida uzluksiz yangilanishni qamrab oladi. Yagona aniqlik bugun hisoblanadi. Shu sababli poyoni ko’rinmaydigan o’zgarish va noaniqliklarga to’la, hech kim ko’rolmagan kelgusining muammolarini yechish bilan urinib yotib, bugunning go’zalliklarini barbod qilishga ne hojat?

Qadimgi rimliklarda shunga mos naql bolgan. Aniqrog’i, ikki ibora: “Bugundan foydalanib qol” yoki “Har lahzani qo’lga kirit”. Ha, har lahzani “ovlab”, undan qanoat hosil qilishga ruining. Jon Reskin o’zining stoliga oddiy tosh o’rnatgan bo’lib, unda faqat bitta so’z: “Bugun” o’yib yozilgan edi. Mening stolimda tosh qo’yilmagan bo’lsa-da, ammo oynam tepasida Uilyam Oslerning stoli ustida doimiy turadigan she’r yopishtirilgan. U mashhur hind dramaturgi Kalidasa qalamiga mansubdir.

Bugunga nigoh tashla!
Unda hayot, uning mohiyati mujassam.
Uning bir qisqa parchasida
Borlig’imiz ma’nosi yotar bus-butun:
Qad-bastimiz ulug’ligi,
Harakatimiz sehri,
Yutug’imiz ulug’ligi.
O’tgan kunlar misoli tush axir,
Erta esa noaniq sharpa.
Bugun yaxshi yashab o’tsak umrni,
Ertaga aylanar u xayrli tushga,
Har bir erta esa umid sharpasi.
Bugungi kun bilan yashagin albat!
Shudir kutish tongni aslida.

Shunday qilib, birinchidan, bezovtalik haqida quyidagilarni bilishingiz kerak: agar siz o’z hayotingizdan “beoromlik”ni “quvib” chiqarmoqchi bo’lsangiz, xuddi ser Uilyam Osler kabi harakat qiling: O’tmish va kelajakni temir eshiklar bilan berkitib tashlang. Bugunning zich berkitilgan “bo’lagi” da yashang.

Ikkinchi bo’lim. BEZOVTALIK BILAN BOG’LIQ VAZIYATDAN CHIQISHNING SEHRLI FORMULASI

Siz, balki, bezovtalik bilan bog’liq vaziyatdan chiqishga imkon beruvchi retsept (andaza)ga hamda ushbu kitobni o’qib chiqmasdan turib, uni amalga tatbiq etishga undovchi usulga muhtojdirsiz?

Ruxsatingiz bilan sizga havoni tozalab beradigan qurilma ishlab chiqaruvchi korxona yaratgan talantli muhandis Uillis X.Kerrier ishlab chiqqan usul haqida so’zlab beray. Hozir u Nyu-York shtatining Sirakyus shahridagi “Kerrier” nomli jahonga mashhur korporatsiyani boshqaradi. U qachonlardir kamina eshitgan bezovralikka oid muammolarni hal etuvchi eng samarali usullardan birini tavsiya qildi. Buni janob Kerrierning shaxsan o’zi Nyu-Yorkdagi muhandislar klubida nonushta qilgan kunlarimizning birida menga gapirib bergan edi.

“Yoshligimda, – deydi janob Kerrier, – Nyu-Yorkdagi Buffalo temirchilik kompaniyasida xizmat qilar edi,. Menga Missuri shtatidagi Kristal-sitidagi oyna ishlab chiqaruvchi Pittsburg kompaniyasi zavodida gazni tozalab beruvchi qurilma o’rnatish vazifasi yuklatildi. Mazkur zavod million dollar turardi. Bu yangi qurilma mashinalarga shikast yetkazmasdan gazdan aralashmani ajratishga mo’ljallanib o’rnatilishi kerak edi. Gazni bunday tozalash usuli yangi edi. Ilgari ham u faqat bit marta boshqacha sharoitlarda sinab ko’rilgandi. Kristal-sitida ishlagan davrimda men kutilmagan qiyinchiliklarga to’qnash keldim. Qurilma umuman ishlar edi-yu, ammo biz bergan kafolatlarni ta’min eta olmasdi. Men bu mag’lubiyatdan butunlay gangib qoldim. Go’yo kimdir kallamga og’ir narsa bilan tushirganday holatda edim. Ichim-tashim tinimsiz og’riy boshladi. Shu darajada notinch edimki, kechalari mijja qoqmasdim.

Nihoyat, aql-idrokim hayajonlanish menga hech qachon yordam bera olmasligini anglatdi: shunda men bezovta bo’lmasdan o’z muammolarimni hal etish usulini ishlab chiqdim. U o’zini a’lo darajada oqladi. Men o’ttiz yildan beri bezovtalikka qarshi kurashda shu usuldan foydalanaman. U juda oddiy bo’lib, har bir kishi bemalol foydalanishi mumkin. Uning tartibi uch bosqichni qamrab oladi:

1-bosqich. Men har qanday vahimadan xoli holda vaziyatni tahlil qilib chiqdim va xuddi shu sharoitda bundan og’ir holat yuz bersa, nimalar bo’lardi, deb tasavvur qilib ko’rdim. Hech kim meni qamoqqa tiqmoqchi yoki otmoqchi emasdi, albatta. Bundan ko’nglim to’q edi. Aslida ayrim ehtimollar bor edi, men ishimdan mahrum bo’lishim, menga ish berganlar yangi jihozlarni qo’llab, korxonaga biz qo’ygan yigirma ming dollarni havoga sovurishlari mumkin edi.

2-bosqich. Bundan battari ro’y berishi mumkinligini ko’z oldimga keltirib, har ehtimolga qarshi mazkur hodisa bilan kelishishga qaror qildim. O’z-o’zimga shunday dedim: bu omadsizlik mening sha’nimga dog’ tushirardi, natijada ishdan mahrum bo’lishim mumkin, agar bu hodisa ro’y bersa ham boshqa joydan hamisha ish topaman. Shartlari juda og’ir bo’lishi mumkin. Ish berganlar, balki biz gazni tozalash bo’yicha yangi usulni tekshirib ko’rayotganimizni tushunishar, agar u yigirma ming dollar xarajat talab qilsa ham ular bu qiymatni to’lashga qurblari yetar. Bu mablag’ni ilmiy tadqiqot maqsadida sarfladik, deb hisoblashlari mumkin.

Shunday sharoitda yanada battar ahvol yuz berishi mumkinligini o’ylab hamda u bilan kelishib, shuni angladimki, tasavvur etgan va unga fikran ko’nikkan tarzda bor kuch-quvvatimni eng og’ir sharoitni yaxshilashga sarflay boshladim.

Men yigirma ming dollarni behuda sovurishning oldini olishga yordam beruvchi yo’l va vositalarni ishlab chiqish uchun harakat qila boshladim. Bir necha bor hisob-kitob qilib, yana besh ming dollar sarflasak, muammo hal bo’ladi, degan xulosaga keldim. Biz buni uddaladik, hatto firmalar yigirma ming dollar yo’qotish o’rniga o’ng besh ming dollar ishlab ham oldi.

Agar men vahimaga berilib ketganimda, fikrimni bir joyga to’plash o’rniga qobiliyatni butunlay so’ndirar edim. O’zimizni og’ir sharoitda deb fikran tasavvur etsak, allaqanday vahimalardan xalos bo’lamiz va muammolarni hal etish uchun imkoniyatlarimizni bir joyga to’play olamiz.

Bu voqea bir necha oldin ro’y bergandi. Shunchalik jarangli ediki, undan bir umrga yetgulik saboq chiqarib oldim. Natijada men bezovtalikdan deyarli butunlay xalos bo’ldim”.

Psixologik nuqtai nazardan qaraganda, Uillis X.Kerrierning bu mo’jizakor formulasi nima uchun qimmatli va amaliy ahamiyat kasb etgan? Shu bilan izohlanadiki, u bizni bezovtalikdan so’qir bolib gangib yurganimizda, o’tib bo’lmas zim-ziyolikdan qutqaradi. Bu formula yerga oyog’imiz bilan mahkam turishga undaydi. Ammo oyog’imiz tagida mustahkam asos bo’lmasa, biror narsani o’ylash hamda hal etishni uddalay olasizmi?

Amaliy psixologiya fani asoschisi professor Uilyam Jeyms bundan o’ttiz sakkiz yil muqaddam vafot etgan. Agar u hozir hayot bo’lib, favqulodda vaziyatlarda o’zimizni tutishimiz haqidagi formuladan boxabar bo’lganida, buni butun vujudi bilan qo’llab-quvvatlardi. Bu menga qayerdan ma’lum? Chunki u talablariga shunday degan edi: “Mavhum sharoit bilan murosa qiling, chunki… bo’lib o’tgan holatlar har qanday og’ir vaziyatdagi oqibatlarni bartaraf etishda dastlabki bosqich bo’lib hisoblanadi”.

Xuddi shu fikr Lin Yutan tomonidan uning “Hayotning ahamiyati” nomli mashhur kitobida ham aytilgan. “Haqiqiy ruhiy xotirjamlik, – degan edi xitoylik bu faylasuf, – eng noxush holat bilan kelishuv oqibatida qo’lga kiritiladi. Psixologiya tili bilan, mening o’ylashimcha, u kuch-quvvatning ozod etilishi, deb yuritiladi”.

Anig’i, gap kuch-quvvatning yangitdan ozod bo’lishi haqida boradi! Eng noxush holat bilan murosaga kelganimizda ham biz biror narsa yo’qotmaymiz. Shu tariqa bu o’z-o’zidan barcha narsaga ega bo’lamiz, demakdir. “Eng yomon holatga ko’nikib, – deb eslaydi Uillis X.Kerrier, – men shu zahoti bo’shashdim va xotirjamlikka berildim, bu holatni ko’p vaqtdan beri boshimdan kechirmagandim. Shu lahzadan boshlab o’ylashga qodir edim”. Bu gap haq, shunday emasmi? Shu bilan birga millionlab kishilar o’z hayotlarini qahr-g’azab ichida barbod etganlar, chunki ular eng noxush holatlarni qabul qilishidan, nimanidir o’zgartirish uchun harakat qilishdan, barbod etuvchi kuchlarni jilovlash qo’llarida bo’lsa-da, uni qutqarishdan bo’yin tovlaganlar. Ular o’z hayotlarini o’zgartirishga harakat qilish o’rniga “taqdir zarbasi” haqidagi g’amgin shikoyatlar bilan shug’ullandilar. Bunday shikoyatlar dilgir holat deb ataluvchi vaziyatga olib keladi, xolos.

Agar xohlasangiz, sizga Uillis X.Kerrierning mo’jizaviy formulasini hayotga tatbiq etish bo’yicha misol keltiraman. Uni Nyu-York suyuq yoqilg’isi bilan savdo qiluvchi savdogar muvaffaqiyat bilan qo’lladi. U mening kursimda ta’lim olgan edi.

“Men tovlamachilik qurboni bo’ldim, – degan so’zlar bilan hikoyasini boshladi u. – Bunday bo’lishi mumkin emas, bu faqat kinoda ro’y beradi, deb o’ylardim. Vaholanki, menga haqiqatdan ham firib berdilar. Voqea shunday bo’lgan edi: men boshqaradigan neft kompaniyasi ixtiyorida bir necha yuk mashinalari bo’lib, ularni bir necha haydovchilar boshqarardi. U paytda baholarni tartibga soluvchi boshqarma talablariga rioya etish qat’iy so’ralar va mijozlarimizga beriladigan benzin miqdori chegaralab qo’yilgan edi. Men bo’lib o’tgan voqealardan bexabar edim, aftidan, ba’zi haydovchilar doimiy mijozlarimizni aldab, benzinni urib qolar va keyinchalik bu qoldiq benzinni o’z mijozlariga sotishar ekan.

Men bu qonuniy nayrang haqidagi gapni o’zini davlat nazoratchisi deb tanishtirgan va mazkur voqea haqida shov shuv ko’tarmaslik sharti bilan mendan pul talab qilgan kishidan eshitdim. Uning ixtiyorida haydovchilarimizning noqonuniy xatti-harakatini tasdiqlovchi hujjatlar bor edi, agar men hamyonni kavlamasam, ishni okrug prokuroriga oshirajagini aytib, po’pisa ham qildi.

Bilardim, shaxsan, men hech qanday xavf-xatar qo’rqitmasdi. Shu bilan birga firma qonunga muvofiq o’z xodimlarining xatti-harakati uchun javobgar ekanligini ham anglardim. O’z-o’zimga hisob berib shunday qarorga keldimki, agar ish sudga oshsa, bu haqdagi ma’lumotlar gazetalarga osilsa, bu badnomlik ishimni barbod etardi. Men esa o’z ishim bilan faxrlanardim, chunki otam unga yigirma to’rt yil muqaddam asos solgan edi. Shu darajada dilim hufton ediki; kasal bo’lib qolish darajasiga yetdim! Uch kechayu uch kunduz tomog’imdan ovqat o’tmadi, ko’zimga uyqu kelmadi. Men qandaydir dardi bedavoga uchrab qoldim. Nima qilsam ekan? Besh ming dollar pulni bersammi yoki o’sha odamga nima qilsang, qilaver, desammi? Qanday qarorga kelmayin, bari dahshatli tuyulardi.

Yaksanba oqshomida men “Bezovtalikdan qanday xalos bo’lish mumkin?” nomli risolani o’qiy boshladim. Uni menga Karnegining notiqlik san’ati mashg’ulotlari o’tadigan sinfda berishgan edi. O’qittirib, Uillis X.Kerrierning “Eng yomon holatga o’zingizni moslashtiring” degan hikoyasiga ko’zim tushib qoldi. Shunday qilib, o’z-o’zimdan: “Agar pul berishdan bosh tortsam va bu tovlamachilik o’z hujjatlarini okrug prokuroriga topshirishsa, nima hodisa yuz berardi, bundan ham eng yomoni bormi?” deb so’radim.

Javob quyidagicha bo’ldi: “Mening ishim barbod bo’ladi, yuz beradigan hodisadan eng yomoni shu! Meni qamoqcona qo’rqita olmaydi. Eng yomon halokatli ta’sir etadigani – bu jamoat janjali, albatta”.

So’ng o’z-o’zimga dedim: “Mayli, ishim barbod bo’di”. Fikran shunday xotima bilan murosaga keldim. Keyin nima bo’ladi?

Agar ishim barbod bo’lguday bo’lsa, men balki, o’zimga boshqa ish axtararman. Bu unchalik qiyin emas. Men neft mahsulotlari sohasida malakali mutaxassisman, meni ishga quchoq ochib kutib oladigan bir necha firmalar bor, albatta… Men o’zimni ancha durust his etdim. Uch kechayu uch kunduz davom etgan ruhiy tushkunlik asta-sekin tarqala boshladi. Ancha xotirjam bo’ldim. Hayratga solgani shu bo’ldiki, menda o’ylashga imkon topildi.

Fikrim tiniqlasha boshladi, endi uchinchi bosqich – eng yomon holatni yaxshilash harakatiga tushdim. Muammoni hal etish davomida vaziyatga boshqacha nuqtai nazardan qaradim. Agar advokatimga voqeaning holatini yozib bersam, u balki mening haoylimga kelmagan biror jihatni topar edi, albatta. Ilgari kallamga shunday fikr kelmaganiga hayronman, chunki men nuqul bezovta bo’layverib, muammoni hal etishni aslo o’ylamaganman! Ertalab zudlikda advokat bilan maslahatlashishga qaror qildim-u, o’likday qotib uxlardim.

Baribir voqea nima bilan tugadi? Ertasi huquqshunosim okrug prokuroriga kirib, bo’lgan voqeani unga so’zlab berishni maslahat berdi. Men uning maslahatlariga amal qildim. Hikoyamni tugatganimda, prokuror bunday tovlamachilik bizning okrugda bir necha oydan beri davom etayotganini, o’zini “davlat nazoratchisi” deb atagan kishi aslida firibgar ekanini, politsiya uni axtarib yurganini aytganida, ochig’i, hayratga tushdim. Bularning barini, firibgarga bersh ming dollarni bersammikan yoki yo’qmi, deb uch kechayu uch kunduz qiynalganimni o’ylaganimdan so’ng ustimdan tog’ ag’darilganday bo’lib eshitdim!

Bu tajriba menga bir umrlik saboq bo’ldi. Endi qay paytda ro’paramda bezovtalik tug’diruvchi og’ir muammo paydo bo’lsa, darrov “keksa Uillis Kerrier formulasi” deb o’zim nom bergan usulni qo’llayman”.

Aynan shu vaqtda, Uillis X.Kerrier Kristal-Siti zavodida gaz tozalovchi qurilma o’rnatish uchun qiynalib yurgan kunlarida Nebraska shtatidagi Broken-Bouda yosh yigit vaziyatnoma yozardi. Uni Erl P.Xeni deb atardilar. Uning o’n ikki barmoqli ichagidagi yara bor edi. Uch shifokor, shu jumladan, ichak yarasi bo’yicha taniqli mutaxassis janob Xeni davolab bo’lmaydi, degan fikrga kelishdi. Ular parhez tutish, hayajonlanmaslik va to’la osoyishtalik saqlashni maslahat berdilar! Shu bilan birga unga vasiyatnoma yozishni ham tavsiya qildilar!

Kasallik Erl P.Xenini qulay va maoshi yaxshi ishdan voz kechishga majbur qildi. Shunday qilib, unga hech ish qilmaslik, faqat asta-sekin yaqinlashayotgan o’limni kutishgina qoldi, xolos.

Shunda u o’ziga xos va hayratomuz qarorga keldi. “Demak sanoqli kunlarim qolgan ekan, – deb o’yladi u, – shu qisqa fursat ichida hayotdan ko’proq narsa olib qolishim kerak. Men hamisha dunyo bo’ylab sayohat qilishni orzu qilar edim. Buni amalga oshiradigan vaqt endi keldi”. Va u kemaga patta solib oldi.

Shifokorlar vahimaga tushib qolishdi. “Biz sizni ogohlantiramiz, – deyishdi ular janob Xenga, – agar shu sayohatga chiqsangiz, sizni dengizga dafn etishadi”.

“Yo’q, bunday bo’lmaydi, dedi u, – men qarindoshlarim bilan kelishganman, ular meni Nebraska shtatining Broken-Boudagi oilaviy xilxonada ko’mishadi. Shu sababli o’zimga tobut sotib olaman va uni o’zim bilan olib ketaman”.

Xeni haqiqatdan ham sotib oldi, uni kemaga joylashtirdi va kema rahbariyati bilan mabodo o’lib qolguday bo’lsa, nima ish qilish kerakligini kelishib oldi. Ulardan kema vataniga qaytgunga qadar jasadni muzxona bo’limiga joylashtirishni iltimos qildi.

U bu sayohatga mo’ysafid Umar Xayyomning she’ridan ilhomlangan holda jo’nab ketdi:

Kechagi kuningni aylamagil yod,

Ertang kelmay turibdi, etma ko’p faryod.

O’tgan, kelmaganga qayg’urmoqni qo’y,

Quvnoq bo’l, umringni etmagil barbod.

Sayohat davomida u spirtli ichimliklar ichmaslik haqidagi qoidaga mutlaqo rioya qilmadi. “Men soda va muzli viski ichib, uzun sigara chekdim, – deb hikoya qiladi va u yozgan xatida, – har xil ovqat tanovul qilardim, meni o’ldirishi mumkin bo’lgan yerli aholi ovqatidan ham o’zimni tiymasdim. Men to’yguncha vahtixushlik qilardim, axir necha yillar davomida bunday bo’lmagan edi-da! Biz musson va to’fonlarni boshimizdan kechirdik, ularning faqat birgina qo’rquvi meni tobutga tiqishi mumkin edi, ammo men faqat o’tkir romantik tuyg’ularni his etardim, xolos!

Kemada bo’lganimda, raqsga tushib, qo’shiq kuylardim, yangi do’stlar topar va yarim kechagacha xursandchilik qilardim. Xitoy va Hindistondan o’tganimizdan so’ng ish bilan bog’liq bo’lgan, uyda meni ta’qib etgan qiyinchiliklarning bari Sharqda o’z ko’zim bilan ko’rgan nochorlik va ocharchilik qarshisida baayni jannatday gap ekanligini tushundim. Men o’zimning be’mani o’rtanishlarimni bas qildim va nihoyat yaxshi his etdim o’zimni. Amerikaga to’qson funt semirib qaytdim. Oshqozon yarasi borligini deyarli unutib yubordim. Hayotda hech qachon o’zimni shu qadar yengil his etmagan edim. Zudlik bilan tobutsozga tobutni qaytarib sotdim va yana ish bilan band bo’ldim. Shundan buyon biror marta ham kasallangan emasman”.

Bu voqea yuz bergan paytda Erl Xeni Uillis X.Kerrier va uning bezovtalikka qarshi kurash haqidagi usuli haqida umuman eshitmagan edi. “Lekin hozir menga aniqki, – dedi u yaqinda menga, – men beixtiyor xuddi o’sha tamoyilni qo’llagan, yuz berishi mumkin bo’lgan eng yomon holat bilan murosa qilgan ekanman. Bu voqeada o’lim haqida gap borardi. Shundan so’ng men o’zimning ahvolimni yaxshilashga, oradan o’tgan ancha vaqt davomida hayotdagi huzur-halovatni tatishga harakat qildim… Agar sayohat davomida bezovtalikni boshimdan kechirganimda, qaytishda, albatta, tobut ichida kelishim aniq edi, ammo men o’zimni yo’qotib qo’ymadim va barchasini sedan chiqardim. Ruhiy xotirjamlik menga yangi kuch-quvvat bag’ishladi, bu mening hayotimni qaytardi”.

Shunday qilib, Uillis X.Kerrier yigirma besh ming dollarlik bitimdan, Nyu-Yorklik tadbirkor esa tovlamachilikdan qutildi, Erl Xeni esa biz tilga olgan sehrli formula tufayli haqiqatdan ham hayotga qaytdi. Balki u sizning ayrim muammolaringizni hal etishda yordam berar?

Nihoyat, ikkinchi qoida: sizda bezovtalik tufayli vaziyat yuzaga kelsa, Uillis X.Kerrier usulini qo’llab ko’ring:

  1. O’z-o’zingizdan: “Yuzaga kelishi mumkin bo’lgan eng yomon holat qaysi?” deb so’rang.
  2. Shunday holat yuzaga kelsa, u bilan murosaga kelishga tayyor turing.
  3. Vaziyatni qay tarzda o’zgartirish haqidagi xotirjam o’ylab ko’ring.

Uchinchi bo’lim. Bezovtalik qanday oqibatlarga olib keladi.

Bezovtalik bilan kurashishni bilmaydigan ishbilarmon odamlar hayotdan erta ko’z yumadilar. Doktor Aleksis Karrel

Bir necha yil muqaddam kechqurun qo’shnim eshigim qo’ng’irog’ini chalib, men va oilam chechakka qarshi emlanishimiz zarurligini uqtira boshladi. U Nyu-Yorkdagi ko’pgina xonadonlarga shu maqsadda tashrif buyurgan minglab ko’ngillilardan biri edi. Esankirab qolgan odamlar emlashni kutib soatlab navbatda turardilar. Emlash nuqtlari shifoxonalardagina emas, balki o’t o’chirish deposi, politsiya idorasi va yirik sanoat korxonalarida ham ochilgan edi. Ikki mingga yaqin shifokor va tibbiy hamshiralar to’da-to’da odamlarni kechayu kunduz emlash bilan band edilar. Bunday saromasimalikning boisi nimada edi? Nyu Yorkda sakkiz kishi chechak bilan og’rib, shundan ikkitasi vafot etgandi. Sakkiz millionga yaqin aholiga ikki o’lim.

Aytishim kerakki, o’ttiz yildan buyon Nyu-Yorkda yashayotgan bo’lsam, hech kim eshik qo’ng’irog’ini chalib, chechakka nisbatan o’n barobar ko’proq odamlar umriga zomin bo’lgan ruhiy zo’riqishdan xalos etishga uringan emas.

Ko’ngillilardan biror kishi ham eshigim qo’ng’irog’ini chalib, bugun AQShda yashayotgan har o’n kishidan biri aksariyat hollarda bezovtalik va hissiy to’qnashuvlar tufayli asab tizimi buzilishidan xastalanayotganini aytgani yo’q, hozir mazkur bo’limni yozayotib, eshigingiz qo’ng’irog’ini chalib, sizni shundan ogoh etmoqchiman.

Taniqli olim, Nobel mukofoti sovrindori Aleksis Karrel (1904-1939) shunday degan edi: “Bezovtalik bilan kurashishni bilmaydigan ishbilarmon odamlar hayotdan erta ko’z yumadilar”. Bu uy bekalariga, veterinarlar, tosh teruvchilarga ham birdek tegishli.

Bir necha yil muqaddam mehnat ta’tilim davomida Sana-Fe temir yo’li tibbiy xodimlaridan biri doktor O.F.Gober bilan Texas va Nyu-Meksika bo’ylab avtomobilda sayohat qilgandim. U Santa-Fe, Kolorado, Meksika bo’g’ozi shifoxonalari uyushmasi terapevti lavozimida xizmat qilardi. Biz bezovtalikning insonga ta’siri haqida suhbatlashdik. U shunday dedi: “Shifokorlarga murojaat qilayotgan mijozlarning yetmish foizi o’zlarini o’zlari davolashlari mumkin. Agar o’zlaridagi vahima va bezovtalikdan xalos bo’lsalar! Ularning kasalligini yengil hisoblayapti, deb aslo o’ylamang. Ularning kasalligi ham xuddi tish og’rig’i kabi aniq, ba’zi hollarda esa hatto yuz barobar jiddiydir. Men oshqozon yarasi, yurak sanchig’i, uyqusizlik, bosh og’rig’i va falajlikning ayrim turlarini nazarda tutyapman”.

“Bu kasalliklar aniq. Men nima to’g’risida gapirayotganimni juda yaxshi bilaman, – deydi doktor Gober, – axir o’zim ham o’n ikki yil mobaynida oshqozon yarasidan aziyat chekdim.

Qo’rquv bezovtalikni “chaqiradi”, u sizni hayajonga solib asabiylashtirib, oshqozon asab tolalariga ta’sir qiladi va haqiqatan ham oshqozon shirasi tarkibini o’zgartiradi. Natijada oshqozon yarasiga duchor qiladi”.

“Asabiylik oqibatida oshqozonning buzilishi” kitobi muallifi doktori Jozef F.F.Montegyu ham aynan shu fikrda. U shunday yozgan: “Oshqozon yarasi ” siz yegan narsani emas, balki sizni yegan narsadan paydo bo’ladi”.

Bu Meyo klinikasiga oshqozon kasalligi bilan og’rib tushgan 1500 bemorni tekshirib chiqqandan so’ng paydo bo’lgan xulosa edi. Undagi har besh bemorning to’rttasida oshqozon kasalligini keltirib chiqaruvchi jismoniy sabablar yo’q edi. Vahima, notinchlik, nafrat, o’taketgan xudbinlik va mavjud voqelikka moslashishga noqobillik oshqozon kasalliklarini qo’zg’ovchi asosiy omillar edi. Oshqozon yarasi sizni halok etishi mumkin. “Layf” jurnalining xabar qilishicha, hozir bu omillar o’lim bilan tugaydigan kasalliklar qatorining o’ninchi pog’onasida turadi.

Yaqinda Meyo klinikasi doktori Garold S.Xabeyn bilan xat yozishgandim. U mehnat gigiyenasi sohasida xizmat qiladigan terapevt va jarrohlarning Amerika uyushmasi yillik konferensiyasida ma’ruza qildi. Xabeynning axborotiga ko’ra, 176 nafar ma’muriy xodimning sog’ligi tadqiq etilganida ularning o’rtacha yoshi 44.3 ni tashkil etgan. Ma’lum bo’lishicha, ushbu ma’murlarning har uchdan biri tarang turmush tarsi tufayli kelib chiqadigan uch kasallikdan biri – yurak og’rig’i, ovqat hazm qilish a’zolari yarasi hamda qon bosimining ko’tarilishidan azob chekishgan. Ma’lum bo’ldiki, ishbilarmon odamlarimizning uchdan bir qismi qirq besh yoshga yetmay turib, o’z vujudini yurak xastaligi, oshqozon yarasi va qon bosimining oshishi tufayli xarob qiladilar. Ularning muvaffaqiyati nihoyatda qimmatga tushadi.

Bundaylar, hatto muvaffaqiyatga erishishga ulgura olmaydilar ham! Axir xizmatda oshqozon kasali va yurak xastaligini orttirgan odamni muvaffaqiyatga erishgan deb hisoblash mumkinmi? Butun dunyoni egallasa-yu sog’lig’ini yo’qotsa, bu unga tatiydimi? Axir dunyoni zabt etgan odam ham to’shakka yotib, bir kunda uch mahal ovqatlanadi-ku! Hatto, yer qazivchi ham u bajargan ishni yaxshiroq ado etishi, balki yuqori mansabdor amaldordan ko’ra huzur qilib uxlab, zo’r ishtaha bilan ovqatlanishi mumkin. Ochig’ini aytsam, temir yo’l yoki tamaki ishlab chiqaruvchi firmani boshqarib, qirq besh yoshimda sog’lig’imni barbod qilgandan ko’ra chorakdor bo’lib, Alabama yalangliklarida banjo o’ynashni afzal ko’rardim.

Tamaki haqida gapira turib, uni ishlab chiqaruvchi dunyoga mashhur firma egasini esladim. Yaqinda u dam olish paytida Kanada o’rmonlarida yurak xurujidan vafot etdi. U millionlarga ega edi va oltmish bir yoshida dunyodan ko’z yumdi. Shubhasiz, ishda yutuqlarga erishmoq uchun juda ko’p yillar davomida ter to’kdi.

Ammo men tamaki ishlab chiqaruvchi firma egasiga nisbatan Missuri shtatidagi cho’ntagida bir dollari ham bo’lmagan fermer otamni, sakson to’qqiz yoshida olamdan ko’z yumgan padarimni muvaffaqiyatga erishgan, deb hisoblayman.

Mashhur aka-uka Meyolar aytishadiki, mamlakatimizdagi kasallar o’rnining yarmidan ko’pi asab kasalliklari bilan azob chekuvchi odamlar bilan banddir. Ammo bu insonlarning asablari ular vafotidan so’ng kuchli mikroskop ostida ko’rilganida, asablari ko’p hollarda xuddi Jek Dempsi asabi kabi sog’lom ekanligi ma’lum bo’lgan. Demak, bu odamlarda asab kasalliklari asab tizimining buzilishi tufayli emas, balki turli-tuman hissiyotlar, umidsizlik, bezovtalik, vahima, mag’lubiyat, ruhiy tushkunlik oqibatida yuzaga kelgan. Aflotun shunday degan edi: “Shifokorlarning eng katta xatosi shundaki, ular odam tanasini davolashga harakat qiladilar, lekin uning ruhini davolashga urinmaydilar. Ruh va tana bir-biri bilan yaxlitdir, ularni alohida-alohida davolash mumkin emas”.

Tibbiyot faniga bu buyuk haqiqatni anglash uchun ikki ming uch yuz kerak bo’ldi. Biz tibbiyotdagi yangi tarmoq – psixopatik tibbiyotni rivojlantirishga endigina kirishdik. Mazkur tibbiyot tarmog’i tana va ruhni bir vaqtda davolaydi. Bu sohani takomillashtirish bilan allaqachon mashg’ul bo’lishimiz kerak edi. Tibbiyot, asosan, chechak, vabo, sariq isitma va boshqa shu kabi millionlab kishilarni barvaqt qabrga olib ketgan yuqumli kasalliklarga barham berdi. Ammo tibbiyot fani hozirgacha mikroblar tufayli emas, balki hissiyotlar – bezovtalik, vahima, nafratlanish, ruhiy tushkunlik tufayli yuzaga keladigan ruhiy va jismoniy zo’riqishlarni bartaraf etishga qodir emas. Bunday ruhiy zo’riqishlar qurbonlari soni halokatli tezlikda oshib bormoqda.

Shifokorlar hisob-kitobi bo’yicha ayni paytda yashayotgan har yigirma amerikalikdan biri umrining bir qismini ruhiy xastalar uchun mo’ljallangan muassasada o’tkazadi. Ikkinchi jahon urushi davrida armiyaga chaqirilgan yigitlarimizning har oltitasidan biri ruhiy xastaligi uchun yaroqsizga chiqarilib, xizmatdan ozod etilgan edi.

Ruhiy xastalik qanday paydob bo’ladi? Bu savolga hech kim aniq javob berolmaydi. Lekin shuni ayonki, aksariyat hollarda vahima va bezovtalik bunga imkoniyat yaratadi. Shafqatsiz real hayotga moslasha olmagan, g’azabga mingan va zaharlangan shaxs o’zini o’rab turgan muhit bilan aloqani uzib, o’z xayolot dunyosiga sho’ng’iydi. Shu tariqa u tashvish va iztiroblardan o’zini xalos etmoqchi bo’ladi.

Ushbu satrlarni yozayotganimda yozuv stolim ustida doktor Edvard Podolskiyning “Bezovtalikni tark eting va xotirjam yashang” nomli kitobi turardi, quyida mazkur kitobning ayrim qismlari nomini keltiraman:

“Bezovtalik yurakka qanday ta’sir qiladi?”

“Qon bosimining oshishi va uning bezovtalik bilan aloqasi”

“Bezovtalik tufayli bos kasalligi yuz berishi mumkin”

“Oshqozonim sog’ bo’lsin, desangiz, kamroq bezovta bo’ling”

“Bezovtalik qay tarzda shamollashni keltirib chiqaradi?”

“Bezovtalik va qalqonsimon bez”

“Bezovtalik tufayli paydo bo’lgan deabet”

Bezovtalikka qarshi kurash muammosiga bag’ishlangan boshqa kitob ham bor: “Odam o’z-o’ziga qarshi”. U taniqli psixiatr Karl Menning’er tomonidan yozilgan. Bu kitob o’z hayotimizga salbiy ruhiy kechinmalar hukmronlik qilishiga yo’l qo’yib bersak, o’zimizga qanchalik zarar keltirishimizni ajoyib tarzda kashf etgan. Agar hayotingizni barbod etishdan saqlanmoqchi bo’lsangiz, bu kitobni o’qing va uni do’stlaringizga ham tavsiya qiling.

Bezovtalik, hatto tepsa-tebranmas odamni ham kasal qilishi mumkin. General Grant buni fuqarolar urushi oxirida payqab qoldi. Bu haqda shunday deyishadi.

Grant askarlari Richmondni to’qqiz oy qamal qildilar. General Lining abjag’i chiqqan va och-nahor otryadlari tor-mor qilindi. Butun-butun polklar qocha boshladi. Dushmanning boshqa askarlari o’z chodirlari to’planib, ibodat qilar, qichqirar va yig’lab tentirardi. Falokat yaqin edi. Li askarlari Richmonddagi paxta, tamaki hamda qurol-yaroq omboriga o’t qo’yib, ko’tarilgan alanga qurshovida shahardan qochdi. Grant armiyasi ularni ketidan qolmay ta’qib qildi, janubliklarning har ikki tomoni va orqasidan hamla qildi. Shu payt Sheridan otliq askarlari qattiq zarba berdi. Temir yo’l ko’tarmasini portlatib, poyezdni barcha ta’minoti bilan qo’lga kiritdi.

Grant g’oyat qaqshagan bosh og’rig’idan azoblanib, o’z armiyasidan orqada qoldi va bir fermerning uyida to’xtadi. “Men oyog’imni garmdori solingan suvga tiqib, yelkam va kuraklarimga garmdori qo’yib tunni o’tkazdim, – deb hikoya qiladi u o’z memuarlarida. – ertalabgacha tuzalib qolarman, deb umid qildim”.

Ertasi Grant butunlay tuzalib ketdi. Uni garmdori emas, yo’l bo’ylab otini tinimsiz choptirib kelgan oltiqning xushxabari oyoqqa turg’azib yubordi. U general Lining maktubini uzatdi. Xatda general taslim bo’lishga tayyor ekanligini bildirgan edi.

“Ofitser menga xatni uzatganida haliyam bosh og’rig’idan aziyat chekayotgandim, ammo maktubni o’qiganim hamono birdan azobdan xalos bo’ldim”, – deb yozadi Grant.

O’z-o’zidan ma’lumki, bezovtalik, asab tarangligi va salbiy kechinmalar Grantda kasallikni qo’zg’agan. Qo’lga kiritilgan yutuq va g’alabadan quvonib, o’zida ishonch tuyg’ularini his etgan, hissiyotlari boshqacha tusga kirgan va u shu zahoti birdan sog’ayib ketgan.

Yetmish yil oldin Franklin Ruzvelt ma’muriyatidagi moliya vaziri kichik Genri Morgentauming bezovtalik tufayli boshi aylanadigan bo’lib qoldi. U kundaliklarida president bir kunda narxni oshirishni ko’zlab, 4.400.000 bushel bug’doyni sotib olgani vajidan nihoyatda yuragi siqilganini yozgan edi. “Men bu haqda eshitib, boshim aylanayotganini sezib qoldim. Uyga kelib, yengilgina ovqatlandim-da, ikki soat uxladim”, – deb yozadi u kundaliklarida.

Bezovtalik odamlarni qanday ofatlarga giriftor etganini bilish uchun kutubxonaga ham, shifokorga ham borishining hojati yo’q. Hozir men kitob yozayotgan uyning derazasidan bir nigoh tashlashning o’zi kifoya, unda bir kvartal naridagi uyga ko’zim tushdi – bezovtalik bir odamning asabini butunlay ishdan chiqargan, boshqa uyda esa bir kishi bezovtalik oqibatida qandli deabetga uchragan. Fond birjasida aksiya bahosi pasayganida, uning qoni va peshobida qand miqdori sezilarli ravishda oshgan.

Mashhur fransuz faylasufi Monten o’zining qadrdon shahri Bordodoa mer bo’lib saylanganida, vatandoshlariga quyidagi so’zlar bilan murojaat etgan ekan: “Men tashvishlaringizni yelkamga ortishga tayyorman, ammo o’z jigarim va o’pkamni qo’limga olishga qurbim yetmaydi”.

Yuqorida eslatilgan qo’shnim esa birjadagi holat uning qoniga ta’sir qilishu uchun yo’l ochib berdi, bu esa uni sal bo’lmasa o’ldirayozgan edi.

Bezovtalik bod (revmatizm) yoki bog’in yallig’lanishi (artrit)ga olib kelishi va doimiy ravishda sizni o’rindiqqa mixlab tashlashi mumkin. Konrel universiteti tibbiyot professori Rassel S.Sesil jahonda bo’g’in yallig’lanishi kasalligi sohasida taniqli mutaxassis hisoblanadi. U mazkur kasallikni keltirib chiqaradigan to’rtta asosiy shartni tilga olgan:

  1. Oilaviy turmushning barbod bo’lishi.
  2. Moliyaviy falokat yoki biror musibat.
  3. Yolg’izlik va bezovtalik.
  4. Uzoq davom etgan pinhoniy alam-qayg’u.

O’z-o’zidan ma’lumki, bu to’rt hissiy holat bo’g’in yallig’lanishining yakkayu yagona sababchisi emas, albatta. Bo’g’in yallig’lanishining yana ko’p turlari borki, ular ham har xil sabablar tufayli yuzaga keladi. Lekin, takror aytaman, bo’g’in yallig’lanishini yuzaga keltiruvchi sharoitlarning eng ko’p tarqalgani doktor Rassel S.Sesil tomonidan aytilgan to’rt omil hisoblanadi. Masalan, mening do’stim moliyaviy inqiroz davrida juda qiynaldi, chunki gaz kompaniyasi uning gazini o’chirib qo’ygan, bank esa uni uyi uchun garovni qaytarish huquqidan mahrum qilgan edi. Bu odamning xotini to’satdan atritning azobli xurujini boshidan o’tkazdi. Dori-darmon, parhezga qaramasdan oiladagi moliyaviy ahvol o’nglanmagunicha artritni davolab bo’lmadi.

Bezovtalik, hatto tishlarda keltirib chiqarishi mumkin. Doktor Uilyam I.L.Makgonigl Amerika stomatologlari uyushmasi yig’ilishida so’zlagan nutqida aytgan ediki, “bezovtalik, vahima, asossiz ayblar tufayli vujudga keladigan noxush kechinmalar odam organizmida kaltsiy miqdorining buzilishiga olib kelishi, natijada kariyes paydo bo’lishi mumkin”. Doktor Makgonigl bir mijoz haqida gapirib, aytishicha, uning xotini to’satdan kasallanganida, juda hayajonlangan, uning tishlari sog’lom bo’lgan, ayolini shifoxonada yotqizishganida og’zida to’qqizta tishida kariyes hosil bo’lgan. Bu bezovtalik tufayli yuzaga kelgandi.

Siz qalqonsimon bezi og’riyotgani yaqqol ko’rinib turgan bemorni ko’zingiz bilan ko’rganmisiz? Men shunday odamga duch kelganman, bundaylar, rosti, haddan ziyod qaltiraydi, titraydi va sizga shunday qaraydiki, beixtiyor, o’lguday qo’rqoq deysiz. Butun jismi jonini, hayot faoliyatini ishga solib turgan qalqonsimon bez faoliyati buzilgan. U yurak urishini tezlashtiradi, butun organism o’txona teshigi ochiq qolgan qizib ketgan pechni eslatadi. Agar operatsiya yoki boshqa davolash chorasi ko’rilmasa o’lim bilan tugashi mumkin. Bunda, bemorning o’z-o’zidan yonib ketish hodisasi yuz beradi.

Yaqinda Filadelfiyaga qalqonsimon bezga duchor bo’lgan do’stim bilan bordim. Shu turdagi kasallikni o’ttiz sakkiz yildan beri davolayotgan taniqli mutaxassis, tibbiyot shifokoriga ko’rinish zarur edi.

Uning do’stimga bergan birinchi savoli quyidagicha bo’ldi: “Sog’ligingizni shu darajaga keltirgan ruhiy zarbalarni aytib bera olasizmi?” Do’stimni ogohlantirib aytdiki, agar hayajonlanishni bas qilmas ekan, unda yurak og’rig’i, oshqozon yallig’lanishi va diabet asorati paydo bo’lishi mumkin. “Bu xastaliklarining bari, – dedi mashhur shifokor, – bir-biriga yaqin qarindoshlardir”. Shak-shubhasiz, ular yaqin qarindoshlardir, chunki barchasi bezovtalik tufayli hosil bo’lgan!

Men Merl Oberondan intervyu olganimda, u bezovtalikdan butunlay xalos bo’lganini aytdi. Bezovtalik kinoaktrisa sifatidagi asosiy boyligi – uning ko’rinishini barbod etishi mumkinligini Merl juda yaxshi anglardi.

“Kinoda birinchi marta sinovdan o’tganimda tashvish ichida o’ralashib, gangib qolgandim, – deb eslaydi u, – O’shanda endigina Hindistondan kelgan, ish topishga urinib yurar, Londonda hech kimni tanimas edim. Bir nechta prodyuserga uchrashmadim, ammo ularning birortasi ham meni kinoga suratga tushishga taklif etishmadi. Jamg’argan ozgina pulim ham asta-sekin tugay boshladi. Ikki hafta davomida faqat pechenye va suv bilan tamaddi qildim. Bu holda men faqatgina bezovta emas, balki och ham edim. O’z-o’zimga: “Ehtimol, sen ahmoqdirsan. Balki bir umr kinoga tusholmassan. Xullasi kalom, senda tajriba ham yo’q. Sen hech qachon sahnaga chiqqan emassan. Sendagi jal qiladigan yakkayu yagona narsa- bu yaxshigina chehra”, dedim.

Shunda oynaga yaqin keldim. Bezovtalik yuzimni qay ahvolga solganini ko’rsangiz edi! Yuzim ajinlarga to’lib, bujmayib ketgan edi. Shunda o’z-o’zimga “Sen bularni darhol to’xtatishing kerak! O’zingni bezovta qilmaslik uchun harakat qilishing lozim. Sendagi eng katta boylik, bu maftunkor chehra. Ammo bezovtalik go’zalligingni xarob etadi”, dedim.

Hech narsa bezovtalik kabi ayolni tez qaritib, uni qarimsiq, xunuk qilib qo’ymaydi. Bezovtalik chehraga yoqimsiz ifoda beradi, jag’ni mahkam qisishga majbur qilib, barasharamizni ajinga to’ldirib yuboradi. Bezovtalik yuz xunuk tus beradi. U tufayli sochlar oqarib ketishi, ba’zi hollarda esa butunlay to’kilishi mumkin. Bezovtalik oqibatida yuz terisi buziladi – unda toshmalarning har xil turlari, yallig’lanish, husnbuzar paydo bo’ladi.

Yurak xastaligi hozir Amerikada birinchi raqamli qotil hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushi davrida jang maydonlarida uch millionga yaqin erkak halok bo’lgan edi. Lekin o’shanda yurak xastaligi ikki million fuqaroni halok etdi, bir millionga yaqin o’lim hodisasi bezovtalik va favqulodda sertashvish turmush hodisasi bilan bog’liq yurak xastaligi oqibatida sodir bo’ldi. Darhaqiqat, yurak xastaligi oqibatida sodir bo’ldi. Darhaqiqat, yurak xastaligi doktor Aleksis Karrel aytgan asosiy sabablardan biridir: “Bezovtalik bilan kurashishni bilmaydigan ishbilarmon odamlar hayotdan erta ko’z yumadilar”.

Qo’shma Shtatlar janubida istiqomat qiluvchi negrlar hamda xitoyliklar bezovtalikdan kelib chiqadigan yurak xastaliklaridan kam aziyat chekadilar, chunki ular hamma narsaga xotirjam qaraydilar. Qishloq xo’jaligi ishlari bilan band bo’lgan ishchilarga nisbatan shifokorlar yigirma barobar ko’p hollarda, yurak faoliyatidagi yetishmovchilik tufayli vafot etishadi. Ular diqqat-e’tiborini o’ta talab etadigan ish bilan band bo’ladilar va unga hayotlarini ham tikadilar.

“Xudo bizning gunohlarimizni kechirishi mumkin, ammo asab tizimimizni hech qachon avf etmaydi”, degan edi Uilyam Jeyms. Oldimizda yana bitta e’tiborli va ishonish qiyin bo’lgan dadil: amerikaliklar orasida o’z joniga qasd qilish hodisalari tobora ko’paymoqda. Har yili o’zini o’ldirganlar soni bilan eng ko’p tarqalgan besh xildagi yuqumli kasalliklardan vafot etganlar o’rtasidagi farq oshib boryapti.

Nega shunday? Javobi bitta: “Bezovtalik tufayli”.

Bir paytlar Xitoyning shafqatsiz sarkardalari o’z askarlarini shunday qiynashgan: oyoq-qo’llari bog’langan asirlarni suv solingan va kechayu kunduz bitta bitta tomadigan mesh ostiga qo’yishgan. To’xtovsiz tomib turadigan bu tomchilar bora-bora asirning kallasiga xuddi bolg’a bilan urganday ta’sir etgan. Natijada odamlar aqldan ozishgan. Bu usul ispan inkvizitsiyasi, shuningdek, Gitlerning nemis konsetratsiya lagerlarida ham qo’llanilgan.

Bezovtalik to’xtovsiz oqib turadigan suv tomchisini eslatadi, uning doimiy ta’siri ba’zan odamlarni aqldan ozdirishi va o’z-o’zini o’ldirishgacha olib keladi.

Qishloqda o’spirin edim, Missuri shtatida yashagan edim, shunda Billi Sandining o’limdan keyingi do’zax olovlari haqidagi hikoyalarini eshitib, o’zimni o’lguday yo’qotib qo’yardim. Lekin u doimiy ravishda bezovtalikni boshdan kechirib yurgan kishilar haqida hech narsa gapirmas edi. Agar siz surunkali ravishda bezovtalik holatida bo’lsangiz, biror kun odam boshidan kechirgan eng do’zaxiy azobni his etasiz va tayyorgina stenokardiya xurujiga ega bo’lasiz.

Bordi-yu, shunday holatga duch kelsangiz, odam bolasi chiday olmaydigan azoblardan qiynalib qichqira boshlaysiz. Sizning dod-faryodingiz oldida Dante “Do’zax”ida eshitilgan qichqiriq bolakayning g’inshiganiga o’xshab qoladi. Shunda o’z-o’zingizga: “Yo rabbim, rabbim, agar bu azoblardan eson-omon qutilsam, hech qachon jonsarak (bezovta) bo’lmasdim, Hech qachon”, der edingiz (agar, oshirib yuboryapti, deb o’ylasangiz, oilaviy shifokoringizdan so’rab biling).

Siz hayotni sevasizmi? Uzoq umr ko’rishni va sog’-salomat, bardam bo’lishni istaysizmi? Buni qanday amalga oshirishingiz mumkin? Yana doktor Aleksis Karrelning so’zlarini keltiraman: “Kimki zamonaviy shaharning g’ala-g’ovuri qurshovida ruhiy xotirjamlikni saqlay olsa, u asab kasalliklarini o’ziga mutlaqo yaqinlashtirmaydi”.

Zamonaviy shahar shovqin-suroni ichida siz ruhiy xotirjamlikni saqlay olishga qodirmisiz? Agar siz aqli raso odam bo’lsangiz: “Ha, so’zsiz, ha!” deb javob berardingiz. Ko’pchiligimiz o’zimiz o’ylagandan ko’ra kuchliroqmiz. Bizda ichki kuch-quvvat borki, unga deyarli e’tibor bermaymiz. Toro o’zining o’lmas kitobi “Uolden”da aytganidek: “Men insonning ulug’vor maqsadlar sari yuksaltiruvchi va rad qilib bo’lmaydigan inson qobiliyatidan boshqa ruhlantiruvchi holatni bilmayman… Agar siz o’z orzularingizni ro’yobga chiqarish uchun ishonch bilan harakat qilsangiz, albatta, yutuqqa erishasiz, uni esa odatdagi yurish-turishdan kutish mumkin emas”.

Darhaqiqat, ko’pchilik kitobxonlar xuddi Olga K.Jarvi kabi ichki kuch-quvvatga ega. U eng og’ir fojiali holatlarda ham bezovtalikni yenga olishga qodirligini ko’rsatdi. Ishonchim komilki, siz ham, men ham ushbu kitobda tilga olingan eng azaliy haqiqatlarni qo’llab, buni amalga oshira olamiz. Olga K.Jarvi menga o’zi haqoda nima deb yozganiga e’tibor bering: “Sakkiz yarim yil muqaddam men o’limga – asta-sekin ta’sir etuvchi, azob beruvchi rak kasalligiga mahkum bo’ldim. Mamlakatning eng yaxshi shifokorlari, aka-uka Meyolar bu hukmni tasdiqladilar. Men jar labida edim, jahannam go’yo ro’paramda turardi! Men axir hali yosh edim. Yorug’ dunyodan ketishni aslo istamasdim. Umidsizlikka tushib Kellogdagi o’z shifokorimga qo’ng’iroq qildim va yuragim tutday to’kilib yig’lab yubordim. U birdan sabrsizlik bilan meni koyib tashladi: “Olga, sizga nima bo’ldi o’zi? Nahotki qo’lingizdan kurashish kelmaydi? Agar shunday yig’layversangiz, albatta, o’lib ketasiz. Ha, sizga eng yomon dard yopishibdi. Shunday ekan, haqiqat yuziga tik qarang-da! Tashvishga tushishni bas qiling! Keyin nimanidir amalga oshiring!” Ana shu lahzadan boshlab qasam ichdim. Qalbimning tub-tubidagi bor yashirin quvvatimni jalb etdim, a’zoi badanim – yelkamdan tirnog’imning uchiga qadar qaltirab ketdim. O’z-o’zimga: “Men aslo bezovta bo’lmayman! Sira yig’lamayman! Nimagaki urinmayin, g’alaba qilishim kerak! Men yashashim kerak!” deb buyruq berdim.

Aynan shunday vaziyatlarda radiy qabul qilish man etilgandi. Rentgen nurlarini qabul qilish seansi bir oylik muddat ichida kunlik o’n yarim daqiqani tashkil etishi kerak. Men esa qirq to’qqiz kun mobaynida har kuni o’n to’rt yarim daqiqadan nur bilan davoladilar. Qoq quruq gavdamdan suyaklarim ko’rinib qoldi, ular xuddi sahro yalangliklarida qad ko’targan cho’qqilarni eslatardi, tirnoqlarim esa qo’rg’oshinga o’xshab qolsa ham yig’lamadim! Faqat kulardim! Ha, o’zimni kulishga majbur qilardim.

Faqat birgina kulgi bilan rakni davolab bo’lmasligini bilardim, laqma emasdim, albatta! Lekin haqiqatan ham quvnoq kayfiyatda bo’lish kasallik bilan kurashda jismu jonga katta yordam beradi. Har ehtimolga qarshi men rakdan davo topishda mo’jizani boshimdan o’tkazdim. Bir necha yillardan buyon o’zimni shunday sog’lom his etmagan edim, bunda doktor Makkaferining so’zlari hamisha ruhlantiruvchi ahamiyat kasb etdi: “Bor haqiqatning yuziga tik qarang. Bezovta bo’lishni bas qiling! So’ng nimanidir amalga oshirishga urining”.

Bu bo’limni tugatar ekanman, so’zboshida keltirgan Aleksis Karrel jumlasini takrorlayman: “Bezovtalik bilan kurashishni bilmaydigan ishbilarmon odamlar hayotdan erta ko’z yumadilar”.

Doktor Karrel siz haqiz haqingizda gapirganmi?

Ehtimol.

Qisqa xulosalar:

1-qoidaL Agar siz bezovtalikdan xalos bo’lishni istasangiz, Uilyam Osler maslahatiga amal qiling: “Bugungi kundan ajratib olingan joy”da yashang. Kelajakni o’ylab hadeb hayajonga tushavermang. Tinchgina xotirjam uxlayvering.

2-qoida: Agar Bosh harf bilan yoziladigan Kulfat sizni ta’qib etib, burchakka tiqib tashlasa, Uilyams J.Kerrierning sehrli formulasini tatbiq eting:

  1. O’zingizdan: “men o’z muammomni hal eta olmasam, eng noxush ahvol qanday bo’lardi?” deb so’rang.
  2. Zarur bo’lib qolganda, o’zingizni eng noxush holatga fikran tayyorlang;
  3. Zarurat yuzasidan murosaga keladigan vaziyatni fikran yaxshilash uchun zarur tartiblarni xotirjam o’ylab oling.

3-qoida: Bezovtalik sog’ligingizga haddan ziyord zarar keltirishni eslang. “Bezovtalik bilan kurashishni bilmaydigan ishbilarmon odamlar hayotdan erta ko’z yumadilar”.

IKKINCHI QISM. BEZOZTALIKNI TAHLIL ETISHNING ASOSIY USULLARI

To’rtinchi bo’lim. Bezovtalik muammolarini qanday tahlil etmoq va hal qilmoq kerak

Bordir mening olti xizmatchim,
Sadoqatda tengsiz hamda mard.
Atrofimda neniki ko’rsam,
Barchasini bildim shulardan.
 
O’xshab ketar barchasi menga,
Paydo bo’lar kerakli paytda.
Qanday, Nima uchundir ismi,
Kim, Nimayu Qachon, Qayerda.
Redyard Kipling

Bu savolga quyidagicha javob berish mumkin: biz bezovtalikning barcha ko’rinishlarini bartaraf etmoq uchun puxta tayyorgarlik ko’rishimiz kerak. Buning uchun muammoni tahlil etishning uch bosqichini o’rganish zarur.