Davlat mukofotlari

Abdulla Qodiriy nomidagi O’zbekiston Respublikasi davlat mukofoti – O’zbekiston Respublikasining badiiy ijod sohasidagi ilk oliy mukofoti. 1991 yil 6 fevralda ta’sis etilgan. Ushbu mukofotning ta’sis etilishi mustaqillik yo’lida jonini fido etgan o’zbek adibining xotirasini tiklabgina qolmay, millat g’ururi, sha’ni, ma’naviyati uchun kurashgan ajdodlarga nisbatan ko’rsatilayotgan xalq ehtiromining namunasi bo’ldi. Bu mukofot adabiyot, san’at va me’morlik sohasida yaratilgan, milliy istiqlol g’oyalarini yorqin badiiy shakllarda aks ettirgan, O’zbekistonning buyuk tarixini va hozirgi yuksalish jarayonlarini haqqoniy obrazlar orqali gavdalantirgan va keng jamoatchilik tomonidan tan olingan yetuk asarlar uchun beriladi. Mukofotga so’nggi to’rt yil mobaynida yaratilgan, e’lon qilingan, alohida kitob shaklida nashr etilgan, ko’rgazmaga qo’yilgan, mamlakatimizda ommaviy ravishda nashr va ijro etilgan adabiyot, musiqa, teatr-sahna, kinematografiya, televideniye asarlari ko’rib chiqish uchun qabul qilinadi. Bu mukofotga taqdim etish to’g’risidagi qarorlar vazirliklar, davlat qo’mitalari, ijodiy uyushmalar, respublika va xalqaro jamoat tashkilotlari rahbar organlari tomonidan qabul qilinadi. O’zbekiston Respublikasining boshqa Davlat mukofotiga ilgari sazovor bo’lgan asarlar bu mukofotga tavsiya etilmaydi. Bir mukofotga talabgorlar soni 3 kishidan oshmasligi lozim. Mukofotga sazovor bo’lgan ijodkorlarga yorliq va faxriy nishon topshiriladi. Abdulla Qodiriy nomidagi uchta Davlat mukofotining har biri 80 ta eng kam oylik ish haqi miqdorida belgilangan. Mukofot puli mualliflar jamoasi o’rtasida (agar ular bir ijodkordan ko’p bo’lsa) teng ulushlarda taqsimlanadi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 13 fevral qarori bilan mukofotni berish tartibi takomillashtirildi. 1997 yildan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan, har uch yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida beriladigan bo’ldi. Bu mukofotga ilk bor (1994) yozuvchi Tog’ay Murod (Tog’ay Mentorov), haykaltaroshlar Ilhom Jabborov va Kamol Jabborov, rassomlar Lutfulla Abdullayev, Alisher Mirzayev sazovor bo’lganlar.