Buni o’qing

Xurmo – homiladorlikning 1 uch oyligida eng qimmatli ne’mat

Agar bo‘lg‘usi ona oldindan boshqalarni o‘z rejalaridan voqif etmagan bo‘lsa, homiladorlikning 1 trimestrida qaddi-qomatiga qarab, hech kim uning homiladorligini bila olmaydi. Lekin bu muddatda bolakay onasining his-tuyg‘ularini tamoman «egallab olgan» va uning ishtahasiga ta’sir o‘tkazishga ulgurgan bo‘ladi.

Kichkintoy 1 trimestr oxirida bor-yo‘g‘i 6–8 sm bo‘ladi, lekin uning eng muhim barcha a’zolari, bosh miyasi bo‘limlari va asab tizimi shakllangan. Ushbu muddatda gipofiz, ya’ni miya ostidagi o‘sishga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki sekretsiya bezlari tiklanadi va u bevosita modda almashinuviga, binobarin, bolakayning barkamol o‘sib-rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Aynan shu vaqtda siz taomnomangizga qo‘shimcha vitaminlar kiritishga e’tibor berishingiz kerak, yaqinlaringiz ham sizga xayrixohlik bildirib, eng sara va mazali mevalarni oldingizga to‘kib tashlashadi.

Xurmo nimasi bilan alohida qimmatga ega

Aslida ekzotik mevalar emas, balki mahalliy sharoitda yetishtiriladigan mevalar ko‘proq foydali hisoblanadi. Lekin homiladorlikning 1 trimestri davrida xurmoning qiymatini baholash qiyin, zero u faqatgina shirin meva emas, balki bo‘lg‘usi kichkintoyning salomatligi uchun barcha foydali moddalarni o‘zida to‘liq jamlagan mahsulotdir.

Masalan, homiladorlikning 8 va 9 haftalarida foliy kislotasi homilaning eng muhim hayotiy zaruratiga aylanadi. Zero, irsiyat bilan bog‘liq bo‘lgan barcha jarayonlar (ko‘zlarning rangi, kasalliklar, tananing tuzilishi) RNK va DNK molekulalarisiz amalga oshmaydi, foliy kislotasi esa, yoki boshqacha aytganda, B9 vitamini aynan hujayra va to‘qimalarning ajralishi va o‘sishida, bevosita kichkintoy miyasining orqa miya asab naychasi shakllanishida ishtirok etadi.

Xurmo tarkibida «B» guruhidagi vitaminlarning barcha jamlanmasi mavjud, B9 vitamini esa har 100 gramm xurmoda 19 mkg miqdorida bo‘ladi. Albatta, foliy kislotasi boshqa yangi uzilgan mevalarda, ko‘katlarda ham uchraydi, lekin agar homiladorlik kuzgi-qishki mavsumga to‘g‘ri kelib qolsa, sizga xurmodan boshqa meva mazkur kislota samarasini bera olmaydi.

Tayanch-harakat apparatining rivojlanishiga minerallarning ko‘pligi yordam beradi, zero aytish kerakki, xurmo ham organizmni kaliy, kalsiy, fosfor va temir moddalari bilan to‘liq ta’minlaydi. Umumiy hisobda xurmoda 12 ta mikro va makroelementlar, 15 ta tuz va 23 turdagi aminokislotalar mavjud bo‘lib, ular hujayralar uchun qurilish materiali vazifasini o‘taydi. Zero, boshqa keng tarqalgan mevalarda bu moddani topish juda mushkuldir.

Bo‘lg‘usi avlodning ishonchli himoyachisi

Xurmo taomnomasida doimo hoziru nozir bo‘lgan Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida bu mevaning ajoyib xususiyatini tan olishadi – uni bolalar tug‘ilishini rag‘batlantiradigan mahsulot deb hisoblashadi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, xurmo tarkibida odamda mavjud bo‘lgan oksitotsin gormoniga o‘xshash moddalar mavjud ekan. Oksitotsin tug‘ruq jarayonida bevosita ishtirok etadigan gormondir. Lekin bu narsa xurmoni faqat tug‘ruq vaqtida iste’mol qilish kerak degani emas. Xurmo mevasi gemoglobinni ko‘paytiradi, hazm qilish jarayonlarini yaxshilaydi, modda almashinuvini normallashtiradi.

Yana shunisi qimmatliki, xurmoda A vitamini mavjud bo‘lib, u gormonal tizimni me’yorga keltiradi va homilador ayolning immunitetini oshiradi, bu esa ayolga homilani oxirgi muddatgacha bemalol ko‘tarib yurish layoqatini beradi. Zero, ko‘pincha dastlabki muddatlarda bolaning tushib qolishiga gormonal tizimdagi yetishmovchilik sabab bo‘ladi. A, B hamda C vitaminlarining jamlanmasi virus va infeksiyalarga qarshi kurashishga imkon beradi.

Tibbiyot bu meva va uning bo‘lg‘usi onalar uchun foydasi haqida nisbatan yaqin yillar oralig‘ida qiziqib qoldi, vaholanki Qur’oni karim bu haqda VI asrdan buyon eslatib keladi.