«No‘noq rahbar portretiga chizgilar» yoki boshqaruvdagi yetti asosiy xato

Har qancha vajohatli ko‘ringani bilan, baribir, kuchsiz (yomon) rahbar o‘zini o‘zi fosh qilib qo‘yaveradi — ishida, yurish-turishida, oddiy narsalarda. Xo‘sh, no‘noq rahbarning qusurlari nimalardan iborat — shulardan ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Qanday bo‘lmaslik lozimligini bilish — menejmentda o‘z yo‘l va uslubini topishni istaganlar uchun birinchi qadam.

«Kuchsiz» (yomon) rahbarning umume’tirof etilgan, tipik xususiyatlari nimalardan iborat?

1. Doim oldindan kutilmagan va ko‘rilmagan vaziyatlarga tushib yuradi, ularni barham etishga esa juda ko‘p vaqtini va kuchini sarflaydi.

Bunga sabab shuki, u, birinchidan, muammoning yaqinlashayotganini ilg‘ay olmagani uchun ham oldindan bunga tayyorgarlik ko‘rolmaydi; ikkinchidan, u doim ikkinchi darajali ishlar bilan band bo‘lgani uchun ham eng asosiy ish: aynan shu «kutilmagan vaziyatlar» yuzaga kelmasligi uchun bajarilishi lozim bo‘lgan strategik vazifalarni vaqtida bajarishni nazardan qochiradi.

2. Ishni hammadan zo‘r bilishiga va bajarishiga ishonchi komil, shuning uchun barcha ishni o‘zi qilishga urinadi. Bu menejmentdagi ikki muhim aksiomani tushunmaslikning oqibati:

  • a) menejer har kuni jismoniy imkoniyatidan ko‘proq vazifalarni hal etishi lozimligi mutlaqo normal holat. Shuning uchun professional menejer vazifalarining bir qismini qo‘l ostidagilarga taqsimlab, shunga yarasha kerakli vakolatlarni ham taqdim etishi kerak;
  • b) ko‘p xodimlar o‘z ishini shefdan yomon bilmasligi mutlaqo normal holat. Kim ishlab chiqarsa — u boshqarmaydi, kim boshqarsa — u ishlab chiqarmaydi. Shefning ishi o‘zi qilishmas, balki — boshqarish (nimanidir kimlarningdir qo‘li bilan bajarish). Professional menejer insonlarni mehnatga taqsimlaydi va buni qanchalik samarali amalga oshirishni biladi.

3. Doim ish bilan band, hamma narsaga aralashishni istaydi, shuning uchun vaqti yo‘q. Bir paytning o‘zida odamlarni qabul qiladi, telefonga javob beradi, buyruqqa qo‘l qo‘yadi, xodimlariga og‘zaki topshiriqlar beradi.

Bu ish usulini, mabodo jo‘shqin faoliyat imitatsiyasi bo‘lmasa, Yuliy Sezar usuli deb atash mumkin. Rim imperatori birvarakayiga juda ko‘p ishlarni uddalash qobiliyati bilan tilga tushgandi. Ammo zamonaviy rahbar taqlid qilish uchun o‘ziga boshqa qahramon topgani ma’qul (Yuliy Sezarning taqdiri qanday kechganini bilasiz).

4. Ish stoli qog‘ozga to‘lib ketgan. Tushunarsiz: qaysi biri muhim-u qay biri shoshilinch yoki umuman keraksiz. Menejer ish stolidagi bu «tartib» bilan nafaqat o‘ziga kerakli hujjatli vaqtida topa olmaydi, balki mehnatni tashkil etish, eng muhim vazifalarni belgilashdagi no‘noqligini ko‘rsatib qo‘yadi.

5. Erta tongdan kechgacha, ba’zida tungacha ishlash. Butun vujudi bilan «ishga ko‘milgan» bunday menejerning dastidan na o‘zida, na xodimlarida halovat bor. Achinishdan boshqasiga yaramaydigan bunday rahbar uchun samarali boshqaruvning eng asosiy qoidalari ham bir pul:

  • a) har bir ishga uning bajarilishi uchun ajratilgan vaqt sarflanadi;
  • b) kuniga sakkiz soatdan ortiq ishlash o‘ta samarasiz, oqibati qimmatga tushadi.

6. Rahbarning ish sumkasi doim qog‘oz bilan liq to‘la. Bu zil-zambil sumkaning birgina nafi bor: har holda salgina «fizkultura»…

7. Istalgan, ayniqsa, muhim masalalarni keyinga surishga intiladi. U shu tarzda masala o‘z-o‘zidan yechimini topib ketishiga yoki kimdir uning o‘rniga hal qilishiga umid qiladi. Agarda muammoni hal etishga kirishgan taqdirida ham oxirigacha yetkazmaydi. Oqibatda yechilmagan mummolar zalvori bosib-bosib, boshqaruvdagi jiddiy xatolar surunkali tus oladi.

8. «Oq-qora» fikrlaydi. Uning yondashuvi doim bir xil, keskin. Bunday menejer bilan murosaga borib bo‘lmaydi.

9. Tasodifiy, uncha ahamiyatsiz detallarga haddan zid e’tibor berib yuboradi, asosiyni ikkinchi darajalidan, muhimni muhimmasdan, jiddiyni jiddiymasdan ajrata olmaydi. Pashshadan fil yasashga usta.

10. Bajarish mumkin bo‘lgan qarorlar o‘rniga «eng yaxshi» qarorlar chiqarishga urinadi. Bunday menejer tushunmaydiki, mutlaq barchaga birdek ma’qul, yoqadigan qaror chiqarish aslo mumkinmas. Zamonaviy menejerning asosiy quroli manfaatlarga minimal daxl qilgan holda maksimal samarali qaror qabul qilishdir.

11. Yaxshi rahbar rolini qoyillatadi: rasmiyatchilikdan xoli yoki «ochiq eshiklar» prinsipida ish tutadi — istagan kishi, istagan vaqtida, istagan masalasida uning kabinetiga kirib borishi mumkin.

12. Mas’uliyatdan qochadi, aybni birovlarga to‘nkashga moyil bo‘ladi.

13. Jamoa va alohida xodimlar yutuqlarini o‘ziniki qilib oladi: «Mening oqilona rahbarligim bo‘lmaganida ular bu muvaffaqiyatga erishmasdilar…».

Asosiy yetti xato: sabab va yechimlar

1. Ishni ertaga (yoki noma’lum muddatga) qoldirish

Ushbu xatoga quyidagi muammolar yoki holatlar sabab bo‘lishi mumkin:

  • masala o‘z-o‘zidan hal bo‘lishiga yoki uni kimdir hal qilishiga bo‘lgan umid;
  • menejerda aslida nimaga erishmoqchi ekani borasida aniq-tiniq tasavvurning yo‘qligi.

Bu xatoga qanday barham bersa bo‘ladi? Agarda menejerda o‘z maqsadlari borasida lo‘nda tasavvurning o‘zi bo‘lmasa, unda quyidagicha choralarni qo‘llash biron naf berishi mumkin:

  1. Birinchi galda bajarish kerak bo‘lgan vazifalarni yozib olish;
  2. Muammoni yaqin xodimlar bilan muhokama qilish;
  3. Muammo yechimi uchun qat’iy muddatni belgilash;
  4. Vazifani qismlarga bo‘lib, bosqichma-bosqich bajarish.

Agarda ishlarni keyinga surish o‘ziga ishonchsizlik, qat’iyatsizlik va qo‘rquv bilan bog‘liq bo‘lsa, unda amerikalik tadqiqotchi Norman Pilning maslahatlari ham chakki emas:

1. Masaladagi hammadan ko‘p asabga tegayotgan eng og‘ir jihatni ajratish va unga barham berish kerak. Buning uchun:

  • O‘zidan so‘rashi kerak: «Mening birinchi qadamim nimadan iborat bo‘ladi?». Shu savolga javobda «harakat energiyasi» yashiringan;
  • Ish paysalga solinsa, cho‘zilsa nima bo‘lishini (aniq va detallarda) tasavvur qilishi kerak. Oqibatlarini ko‘z oldiga suratdek keltirishi va ovoz chiqarib aytishi kerak. Bu xuddi qamchidek ta’sir ko‘rstadi;
  • Agarda odamlar kutib o‘tirmasdan, kerakli barcha axborot va resurslarni yig‘ishga kirishganida ishning 80 foizi bajarilgan bo‘lmasmidi? Boshlash kerak, qolgani maqsad sari yo‘lda paydo bo‘ladi. Kutgandan foyda yo‘q, chunki ishga 100 foiz tayyorman deb o‘ylaganingizda ham, ishga kirishganingizdan keyin bunday emasligi ayon bo‘ladi.

2. Ishlarni muhimligiga qarab navbatga oling. Bitta muammoga e’tiborni qaratib, to uni bitirmaguningizcha boshqasiga qo‘l urmang.

3. Bajarish muddatlarini qat’iy belilang, buni boshqalar ham bilsin. Maqsadingiz sari qay sur’atda yaqinlashayotganingizni kimdandir nazorat qilib turishini so‘rang.

4. Ishni eng qiyinidan boshlang — aks holda eng og‘ir ish eng charchagan paytga to‘g‘ri keladi.

5. Agarda boshlang‘ich detallar va yakuniy maqsad aniq bo‘lsa, boshlanishi uchun shuning o‘zi yetarli.

2. Yarim ish

Asabingizni asrang! Bir paytning o‘zida hamma ishni boshlab qo‘ymangda (baribir ko‘pini oxiriga yetkaza olmaysiz), avvaliga yechimi oson bir-ikkita ishlarni oxiriga yetkazing. Masalan, bugun nimalarni oxiriga yetkaza olasiz, shulardan boshlang. Agarda zimmangizdagi vazifa ulkan va murakkab bo‘lsa, unda uni shunday taqsimlangki, har kuni bir qismini to‘liq oxiriga yetkazish mumkin bo‘lsin.

3. Barchasini bir yo‘la bajarish

Oldingi vazifa to‘liq uddalangan yoki yechimi aniq bo‘lganidan keyingina yangisiga o‘tish mumkin. Rahbarning vazifasi — tizim samarali ishlashi uchun sharoit yaratishdir. Bu tizimning barcha jabhalariga aralashish uning ishi emas.

4. Barchasini o‘zim bajaraman

Rahbarning ishi — boshqarish. Ishlab chiqarishmas. Professional menejerlarda shunday naql yuradi: «Jamoa — ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan, rahbariyat — jamoani rivojlantirish bilan shug‘ullanadi». Samarali menejer esa uning o‘zidan boshqa hech kim bajara olmaydigan ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladi.

5. Menejer hammadan ko‘p biladi

Har tomonlama komil bo‘lish mumkinmas. Hamma o‘z ishini qilishi kerak. Agarda rahbar nostandart, murakkab vaziyatga duch kelsa, yolg‘on istiholani yig‘ishtirib, hamkasblaridan yordam so‘ragani ma’qul. Bu bilan «otdan tushib qolmaydi».

6. Vakolatlar chegarasi

Tashkiliy ishlardagi asosiy qusurlardan biri — xodimlarning vazifalari, funksiyalaridagi aniq chegaraning yo‘qligi. Ko‘pincha vazifasi nimalardan iboratligi haqida xodimlarga faqat umumiy tushunchalar beriladi. Ish bunday tashkil etilgan muhitda bajarilmagan ish uchun mas’uliyatni birovlarga to‘nkashga moyillik kuzatiladi. Shuning uchun ham menejer har bir xodimning majburiyati va mas’uliyatini, nimalar qilishini aniq belgilab berishi lozim.

7. Aybni birovga ag‘darish

Bundan naf yo‘q. Chunki bunda butun energiya o‘tmishga qaratiladi, holbuki xatoni tuzatish uchun endi kech. Undan ko‘ra istiqbolga yuzlaning. Rahbarning vazifasi aybdorni qidirish yoki jazolashmas, balki muvaffaqiyatsizlikning ob’yektiv sabablarini topish va ularga barham berishdir.

счетчик посещений