“Birinchi qor”

“O’z vaqtida yoqqan qorning qadri bo’ladi”, deyishadi. Darhaqiqat, vaqtida yoki kuttirib yoqqan qor o’lkamizni oq libosga o’rab, xalqimizga olam-olam quvonch olib keladi. Qor yoqqan kuni dalalarda “qor otish” bo’lib, o’yin-kulgi qilinadi. Kishilar bir-biriga salomlar berishib, mehmonga borishadi. Qor sovuq bo’lsa ham, oq bo’lgani uchun e’zozlanadi. Xalqimizda “Birinchi qor” yoki “Qor yog’di” nomli odat keng tarqalgan.
Qadimdan birinchi qor yoqqan kuni qor xat yozish keng tarqalgan an’ana bo’lgan. “Birinchi qor” yoqqan kun falon odamga qor xat yozaman deb oldindan niyat qilingan. “Qor xat”ning sharti shundan iboratki, qor yoqqanini birinchi bo’lib ko’rgan odam o’ziga yaqin, diliga siqqan kishiga (u o’rtoqlardan yoki qarindoshlardan biri bo’lishi mumkin) maktub yozib, o’ziga sezdirmasdan qo’liga berishi (yoki cho’ntagiga solib qo’yish) va qochish kerak. Maktubni “bilmay” qabul qilgan kishi xat muallifini quvib yetib, uning qo’liga tutqaza olmasa, u xatda yozilgan shartni bajarishi kerak bo’ladi. Agar xat darrov egasiga topshirilsa, unda xat muallifining o’zi maktubdagi shartlarni bajaradi. Birinchi qor yoqqanidan foydalanib, yigitlar qizlarga, oshiqlar o’z mahbubasiga xat yozishga intilishadi.

Qor yog’ar – osmonda oqqushlar uchar,
Qor yog’ar – osmonda oq ukpar tushar
Qor yog’ar, qorxat ila xullas kalom,
Barcha oy qizlarga yo’llaymiz salom.
 
Qorxat asli qorday oppoq dil xati,
Oq ko’ngilning mehri, tafti, hurmati.
Gohi pinhon sevgining iqrori ul.
Qor yog’ar, qorxat ila, xullas kalom,
Shoira qizlarga yo’llaymiz salom

Qor xat “suyunchi” uslubida yoziladi. Muallifning o’zi xat yozayotgan kishini birinchi qor bilan tabriklaydi, unga sog’liq, baxt va ishlariga muvaffaqiyatlar tilaydi. So’ng o’zining istak, shartini bayon qiladi:

Endi kelsak, so’zning indallosiga,
Ya’ni, qorxatning asl ma’nosiga:
Yangi yilda davra tuzmoq farz bo’lur,
Kim yutilsa, bir ziyofat qarz bo’lur,
Qorxat eltgan elchimizni tutsangiz,
Tan berurmiz, qarz bo’lurmiz – yutsangiz.

Qorxat yozishdan maqsad “raqib”ni ziyofatga tushirishdir. Shu sababli, qorxatda ziyofat qachon, qayerda, necha kishiga berilishi lozimligi albatta yoziladi. Ba’zi hollarda qorxatda ziyofat emas, balki sovga olib berish ham so’raladi. Xalq og’zaki ijodi va adabiy-badiiy asarlardan “Birinchi qor” va “Qorxat”ga oid ko’plab namunalar mavjud. Oybekning “Navoiy” romanida qorxat haqida aytilgan quyidagi o’rinlar bor: “Tansiq qorni g’animat bilib, kattalar o’z do’stlariga qorxat yozib, o’ziga xos nash’a-zavq bag’ishlovchi qishki ziyofatlarga yura boshlaganlar”. Atoqli o’zbek shoiri G’afur G’ulomning Sobir Abdullaga yozgan mashhur “Qorxat”i “Qorxat”ning mumtoz namunalaridan biri hisoblanadi:
“Aziz do’stimiz Sobirjon ibni Abdullayevga yetib ma’lum bo’lsinki: “Qorni yog’dirgan xudoyimning o’zi, xat borib tegsin, ziyofatning so’zi”

Qo’lingizda yarqirab turgan bu xat – qorxat ukam,
Qo’lga tushdingiz, ilojsiz belni bog’laysiz mahkam.
 
Bisti panjum yig’ilurmiz ulfati chor, o’rgilay,
Harnaki topgan – tayangan bo’lsa, nochor o’rgilay,
 
O’n qadoq go’sht, bir qazi – toshkentcha “norin” deydilar,
Qo’lga tushgach xoh ranji, xoh og’rin deydilar.
 
Bitta xush xonim dutorchi qizgina bo’lsa, farang,
G’ozadin yuzlarda tobu o’smadin qoshlar tarang.
 
Men-ku ichmayman, aroqxo’rning aroqdir mevasi
Menga basdir bir yashik “Jigulevskiy” pivosi.
 
Issiq uyda siz mulozim, biz tarallo qilg’umiz,
Miyani qo’lga qoqib berguncha yallo qilg’umiz.
Kim kelur erkan, desangiz: saqlabon eski udum,
Men bo’lurmen, mavlovi Shayx, mulla Uyg’uni fo’rum.
 
Mirtemir xushkayfiyligi g’oyat tomosha bo’lg’usi,
Qah-qaha avjga chiqib, sovsem xorosho bo’lg’usi.
 
Yoz ham o’tdi, kuz ham o’tdi, qorga cho’mdi bog’lar
Bog’ingizdan bir g’ujum ham totmadi o’rtoqlar.
 
Sobiro, tan ber o’zing ham, biz kabi mehmon qani,
Bormi insofing, oramizda ushalgan non qani?
 
Ancha gina-quduratingiz bore mish mendan, ukam,
Parvo qilmang, kori olam doimo bir miri kam.
 
Balki bu suhbat orasida yechilgusi tugun…
Xullasi, manyargabu bo’lsin ziyofatlar to’kin, - deb G’afur G’ulom.
 
Qo’lga tushsam javobgarman deb, qo’lim qo’ydim.
Muqobil – 1945 yil 16 noyabr ro’za – jum’a.

Ikkinchi jahon urushi tugagan 1945 yilning 16 noyabrida yozilgan bu Qorxatda ko’pgina xalq an’analari o’zining badiiy ifodasini topgan. She’rda “bu xat qorxat” ekanligi aytilib, do’stiga “qo’lga tushdingiz… endi bo’lsin ziyofatlar to’kin” deyilgan. Shuningdek, odatga ko’ra ziyofatga qanday taomlar va nozu ne’matlar tayyorlash shartligi aytilib, unga G’afur G’ulom bilan birga Shayxzoda, Uyg’un, Mirtemir ham mehmon bo’lib borishi ma’lum qilingan. Eng muhimi, “Birinchi qor” yoqqan kun qilingan ziyofat tufayli ginalar, xafagarchiliklar unutilishi, unda suhbat, yallo, qah-qaha avjiga chiqishi lozim ekanligi ta’kidlangan.
Qorxat dono kishilarni qish g’amini ertaroq yeyishga, vaqtni g’animat bilishga, ahillikka, birdamlikka chaqiradi. Mana shu kabi jihatlariga ko’ra bu odat ijtimoiy hayotda muhim rol o’ynaydi.
Tabiatdagi o’zgarish – “Birinchi qor” odamlarning kayfiyatida, ular o’rtasidagi o’zaro munosabatlarda ham ijobiy o’zgarishlar yasagan. Birinchi qor do’stlarning bir-birlari bilan ko’rishishi, dardlashishi, agar ular orasida xafagarchilik bo’lsa – unutilishi, yarashish uchun o’ziga xos sabab bo’lgan.
“Birinchi qor” nomli odat har jihatdan ahamiyatli bo’lgani uchun ham xalqimiz orasida keng yoyilgan.
Ilk bor yoqqan qor dalalar, qir-adirlar, daraxtlarni oppoq libosga burkab, tabiatning o’ziga xos go’zalligini namoyish etgan. Bu qor yerni oziqlantirgan. Birinchi qor yoqqanida kishilar qish serqor bo’lishini, bahor yaxshi kelishini, yil serhosil bo’lishini tilashgan. Xalqimizda “Qor yog’di – don yog’di”, “Yer to’lsa, el to’yadi” degan maqollar yaratilgan.
G’.G’ulom 1959 yilda yozgan “Qor” she’rida qorni ona tabiatning siynasidan kelgan sutga, yerga oziq beruvchi xazinaga o’xshatgan. Umuman, birinchi qor kishilarda xursandchilik, yaxshi kayfiyat uyg’otgan.