Bayram tomoshalari

O’zbek xalq bayramlarida xalq tomoshalari alohida o’rin tutadi. O’zbek xalqining milliy tomoshalarini shartli ravishda ikki turga bo’lish mumkin: 1) istalgan vaqtda va har qanday joyda bir necha masxaraboz – qiziqchi namoyish etadigan “kichik tomoshalar” (Ular Xorazmda – “To’qva”, Farg’ona vodiysida – “Kulgu-hikoya” nomi bilan yuritilgan); 2) yirik xalq bayrami kunlari maxsus maydonlarda yuzlab-minglab kishilar oldida o’tkaziladigan “katta tomoshalar” (Bunday tomoshalar Farg’onada – “Katta masxarabozlik”, Buxoroda – “Chavqi”, Xorazmda – “Xatarli o’yin” nomi bilan yuritilgan).

Xorazmda “Xatarli o’yin” tomoshasi, odatda, katta bayramlarda tashkil qilinib, bir necha kun (asosan uch kun) davom etgan. Mazkur tomosha bir necha qism va epizodlardan tashkil topadi. Ertalab birinchi epizodi, tushlik paytida ikkinchisi, kechqurun esa uchinchi epizodi namoyish qilingan. Umuman barcha ommaviy tomoshalar bir necha qismlardan iborat bo’lib, ular bir necha kun (2-3 kun) davomida ko’rsatilgan. Ertalab bir qismi ko’rsatilsa, tushlik vaqtida ikkinchi qismi, kechqurun esa uchinchi qismi namoyish etilgan. Bayramning ertasi va undan keyingi kuni ham shu an’ana davom etgan. Bayramning yakunlanganda xatarli o’yinlar nihoyasiga yetgan.

“Xatarli o’yin” masxarabozlar tomonidan xalq bayramlari kuni katta maydonlarda ijro etiladigan hajviy tomoshadir… Tasviriy vositalar (qo’shiq, raqs, yuz va ko’z ifodalari, tana va qo’l harakatlari, taqlid, muallaq, o’xshatish)ning xilma-xilligi masxarabozlarga jamiyatning barcha tabaqalari va turli xalqlar namoyandalari obrazlarini yaratish imkonini bergan.

Buxorodagi “Chavqi” nomli katta tomosha turli janrdagi bir necha o’nlab san’atkorlar ijodini o’ziga birlashtirgan. Unda san’atkorlar navbat bilan o’z ijodlarini namoyish qilishgan. Katta bayram kunlari uyushtiriladigan bu teatrlashgan ommaviy tomoshani ming-minglab kishilar tomosha qilishgan.

O’zbek bayram-tomoshalari xorijlik nigohida. O’lkamizda o’tkazilgan bayram tadbirlari azal-azaldan sayyohlar, elchilar tomonidan yuqori baholangan. Mahalliy xalq uchun oddiy tuyulgan tomoshalar xorijliklar uchun juda qiziqarli antiqa hodisa bo’lib ko’ringan. Ularning ba’zilari bu antiqa tomoshalar haqida o’z taassurotlarini yozib qoldirishgan. Bu yozma manbalar orqali ham qadim zamonlarda o’lkamizda o’tkazilgan bayramlar qanday bo’lganligi haqida muayyan tushunchaga ega bo’lish mumkin.

O’tgan asrlarda o’tkazilgan o’ziga xos bayram tomoshalaridan biri bo’lmish qalandar o’yinlari xorijliklarning diqqatini ko’proq tortgan. Ma’lumki, o’tmishda ko’pgina shaharlar va ba’zi yirik qishloqlarda qalandarxonalar bo’lgan. Qalandarxonada kechki payt musiqa ohanglari, kuychi-hofiz ovozlari yangrab, raqqos o’g’lon qizlar ko’ylagini kiyib, uzun soch qistirib o’yinga tushgan. Bu o’yinlar zikr bilan uyg’unlashib ketgan.

Yevropalik sayyoh Herman Vamberi XIX asrning ikkinchi yarmida musulmon sharqidagi qalandarlar o’yinining har biri uch qismdan iborat ekanligini ko’rsatib o’tgan.

Birinchi sahnada darveshlar tartib bilan o’tirib u yoq-bu yoqqa tashlanib, tana harakati bilan o’yin boshlagan. So’ng yuzlarini tirnab, qonatib, sherday pishqirib, harakatlarini yanada tezlashtirgan.

Ikkinchi sahnada ular davrada qo’l ushlashib diniy o’yin boshlashgan. O’ynovchilar ba’zan bir necha kichik xalqlarga bo’linishgan. O’yin oxirida bir necha raqosgina qolgan, xolos.

Uchinchi sahnada haddan tashqari toliqib, charchagan darveshlar issiq temirni tishlab, uni yalab sovutganlar. Ko’zachadan olingan cho’g’ bo’lib turgan ko’mirni esa og’izlariga solib, u tamomila sovugachgina tupurib tashlashgan. Qalandarlarning bu zikr harakatlari bir soat chamasi davom etgan.

Xudoyorxon saroyida bo’lgan rus elchisiga tilmochlik qilgan I.Ibrohimov 1872 yilda Qo’qonda bahor boshida uyushtirilgan katta sayilning ikkinchi kuni va undagi namoyish haqida qiziqarli ma’lumot yozib qoldirgan: “Uzoqdan maydonga qarab, – deb yozadi I.Ibrohimov, – bir necha guruhlarga bo’lingan san’atkorlar kelardi. Oldingi qatorda bir saf bo’lib musiqachi va ashulachilar, so’ngra fonuschalar bilan bezangan qayiqlarda saf-saf bo’lib bachchalar o’tadilar. Maydonda qizlar kiyimidagi bachchalar guruhi paydo bo’ldi. Ular qo’llarida mash’ala ko’tarib olishgan. So’ngra qiziqchilar guruhi kirib keladi, bir to’da kishilar esa gullar bilan bezatilgan archa daraxtini ko’tarib boradilar. Ular ketidan bir guruh aktyorlar har aytishib, afsonaviy qahramon Rustam va uning xotini haykali o’rnatilgan yasama filni yetaklab keladilar. Rustam shohona yasangan, boshiga uzunchoq qalpoq kiyib olgan. Qo’lida tayoq, unga aylanib turuvchi yer kurrasi o’rnatilgan. Rustamning xotini taqinchoqlar bilan bezangan. Xuddi turk ayollariga o’xshaydi. Har ikkala qiyofa maydonga o’rnatiladi va ular gulxan va mash’ala bilan yoritiladi”.

L.S.Nikitin Buxoroda 1885 yilda bo’lib o’tgan tungi namoyishni hayrat bilan kuzatib, quyidagilarni yozib qoldirgan: “Butun bir karnoval namoyishini ko’z oldingizga keltiring. Uzoqdan faqat chiroqlar va mash’alalarning tizimi ko’rinadi. Mana, nihoyat, qorong’ulikdan asta-sekin atrofi qizil mato bilan o’ralgan, soyabonli, yaltiroq oynachali fonuslar ilingan chiroyli kema chiqib keladi. Kemada bachcha go’yo o’tirganday, lekin aslida kema uning beliga bog’langan. Shunday kemalardan to’rttasi paydo bo’lib, bizning qoshimizda ohista bir-birlarining yonidan o’tish, ko’pincha bir joyda turib, tez aylanishidan iborat allaqanday raqsni namoyish qila boshladi. Kema oyin bo’lib turgan ekan, bu orada “fil”, bahaybat afsonaviy “baliq”, bo’yi 3 sajen (1 sajen 2 metr, 13 sm) keluvchi, kallari qog’oz, ganch, yelim yordamida yasalgn alplar, niqob kiygan va yuzlarini qorakuya bilan bo’yab olgan olomon yaqinlashib kela boshladi… Sim g’ildiraklarga yupqa matolar qoplash orqali hosil qilingan ikkita katta ajdago paydo bo’ladi, har bir g’ildirakda sham bo’lib, ajdaho fonusday yorug’, har bir g’ildirakka cho’p o’rnatilgan va uni mirshab tutib boradi. Ajdaholar havoda go’yo so’zlaganday tuyuladi. Namoyish masxarabozlarning bellariga bog’langan yog’och otlarning poygasi bilan yakun topadi. “Chavandozlar”ning qo’llarida nayzalar va orqalarida qalqonlar”.

Etnograf N.S.Likoshin 1902 yilda Xo’jandda qozi Said Ahmadxon Buzkurxo’jayev o’g’lining sunnat to’yida antiqa tomoshani ko’rib, quyidagilarni yozadi: “Keng ko’chada katta to’p kelmoqda. Oldinda niqob kiygan o’yinchilar. Ular ortidan ayiq niqobidagi kishi o’ynab keladi. Uning orqasidan yog’och ot mingan kishilar ot yurish qilib yo’rg’alab kelayotir. Shundan so’ng kokil taqqan bachchalar, yog’och qilich bilan qurollangan jangchilar o’tadi. Ularning hammasi qizil to’n va qizil salla o’rashgan, ular orqasidan arab hikoyasidagi Shahrizoda kiyimini kiygan kishilar turli matolar bilan bezatilgan narsani ko’tarib o’tadilar. So’ngra bir qancha kishilar yelkalarida Rustamning zabardast suratini ko’tarib o’tadilar. Bu surat yaxshi ishlangan: qizil yuz, qora soqol, sartga o’xshaydi, oltinsimon rangli salla o’ralgan, zangor bahmal to’n kiygan, zarrin popukli qilich taqqan…”

Navro’z bayrami O’rta Osiyo bo’ylab sayohat qilgan tarixchilar, elshunoslar va boshqa olimlarda ham katta taassurot qoldirgan. Zangiotada 1871 yili nishonlangan Navro’z bayramini chex elshunosi Avgust Eyxgorn (1870-1883 yillarda Toshkentda yashagan) chuqur hayajon bilan quyidagilarni yozgan: “Osiyoliklar nishonlayotgan bu bayramdan olgan taassurotim bir umr yodimda qoladi. Bog’ satrlar bilan to’lib ketgan – hamma joyda odam gavjum. Rus bayramlari bunchalik bo’lmas! Har tomonda qozonlar o’rnatilgan. Qozonlar qaynab, bug’lanib yotibdi: oshpazlar xuddi mashinalar ishlayotgandek bir paytning o’zida turli pishiriqlar pishirishmoqda! Bog’ tashqarisi va ichkarisidan gilamlar bilan bezatilgan chodirlar o’rnatilgan. Ularga minglab turfa xil chiroqlar bezak singari ilib qo’yilgan. Kech tushishi bilan chiroqlar yoqib qo’yildi, shunda men hayoliy bir ertaknamo dunyoga kirib qolgandek sezdim o’zimni! Mahalliy raqslar, osiyocha musiqa va qo’shiqlar ijro etish uchun kvadrat shaklidagi katta joyga gilamlar to’shab qo’yilgan. Ajoyib kiyimlar kiygan uch raqqos tayyorlanib turardi. Musiqachilar ikki qator bo’lib, chordona qurib o’tirishardi. Mingdan ortiq har ishtirokchilari ham davra qurib o’tirishardi; ular qarsak chalib musiqaga jo’r bo’lishardi. Musiqa va qo’shiq hech qanday ortiqcha harakatsiz bir-biriga muvofiq ravishda ijro etilardi. Ohang takrorlari shunday murakkab ediki, ularni hech qanday qolipga solib bo’lmas edi. Zamonaviy yevropacha musiqada bunday taktni topish qiyin. Takt ozgarishi bilan raqs ham o’z yo’nalishini o’zgartirardi, ya’ni u birdan avjlanar, birdan xorga mos ravishda osoyishta oqim bilan davom etardi… Qizlar kiyimini kiyimini kiyib olgan yosh sart avvalgilardan ham o’zgacharoq raqs ijro etdi. U qo’shiq aytib, bir yarim soat mobaynida raqs tushdi. Har safar u qo’shiqning ma’lum bir qismini tugatgach, chordana qurib o’tirgan har qarsak chalib, qo’shiqni davom ettirardi. Barcha jarayonga musiqa jo’r bo’lardi, raqqos yana tezroq aylanar, lunjlarini yanada kuchliroq shishirib, qizlarganicha raqsni davom ettirardi. Birdan behad uzun karnaylar cho’zib-cho’zib ayuhannos soldi. Bu dahshatli sud paytidagi “sarhangel” karnaylarining ovoziga o’xshab ketdi… Ikki erkak karnaylarni tantanali ravishda yuqoriga ko’tardi, nozik harakatlar bilan goh chapga, goh o’ngga qartib, puflab chala boshladi… Shu payt mening qalbimda ham qo’rquv hislari uyqashib ketdi. Mening bu paytdagi kayfiyatimni so’z bilan ifodalab bo’lmas edi”.

XIX asr oxiri XX asrning boshida O’rta Osiyo xalqlari ijtimoiy-siyosiy hayotida katta o’zgarishlar yuz berdi. O’rta Osiyo chor Rossiyasi tomonidan bosib olingandan so’ng, bu yerga mustamlakachilar siyosati bilan birga, ularning madaniyati ham kirib kela boshladi. Natijada, Yevropaga xos klub, muzey, teatr, tsirk, opera, balet, xor, orkestr, estrada kabi madaniy muassasalar mahalliy hayotda paydo bo’ldi. Ommaviy bayramlarda yevropacha madaniyat unsurlari, xususan sahnaviy teatr tomoshalari, tsirk artistlari va masxarabozlarning chiqishlari, “sehrli qutichalar” ichidagi tuynuklar orqali ko’riladigan tomoshalar paydo bo’ldi. O’rta Osiyoga kelgan ruslar bu yerda ham “Rojdestvo”, “Maslenitsa” va boshqa diniy marosimlarni nishonlay boshlashdi. Shu bilan birga, ular O’rta Osiyoning yirik shaharlarida Rossiyada o’tkazilayotgan siyosiy tadbirlarni uyushtirishga ham harakat qilishgan.

Shu tarzda, XX asr boshida o’zbek madaniyatida, jumladan, bayramlarida Yevropa madaniyati ta’sirida jiddiy o’zgarishlar yuz bera boshlagan.