Anor va anjir sayli

Anor va anjir sayillari xalqimizning eng ko’hna odatlaridan biridir. Hozir ular ko’proq Farg’ona vodiysida, ayniqsa, Quva va Buvaydada yaxshi saqlanib qolgan va katta tantana bilan o’tkaziladi.

Anor sayli. Qishloq xo’jalik ishlari bilan mashg’ul bo’lgan barcha kasb egalari, bog’bon, sabzavonkoru pillakorlar hosil yig’ishtirish ishlari tugallanishini katta tantana qilib nishonlashgan. Shunday an’analardan biri Anor saylidir. Bunga sabab anor kech kuzda pishib yetiladi.

Quva dunyoga o’zining paxtasi, pillasi, ayniqsa, anori bilan mashhurdir. Anor sayli bog’lardan anor terish bilan boshlanib, bozor maydonlarida ham davom etadi. Bu shifobaxsh meva Quvada har bir xonadon hovlisida yetishtiriladi. Quvada anor yetishtirishga ixtisoslashtirilgan “Anor” xo’jaligi ham bor. Bu xo’jalikning qir-adirli yuzlab gektar yerida anor, behi, shaftoli, o’rik, bodom, yong’oq, uzum bog’lari bor. Anorning o’nlab navlari mavjud.

Anor sayli ayni kuz paytida, ya’ni sentabr oxiri, oktabr oyida o’tkaziladi. “Anor” saylida anor bilan birga ko’plab boshqa xil sabzavotlar va mevalar ham namoyish etilib, ularning savdosi o’tkaziladi. Bayram boshlanishidan oldin radio karnaylar orqali ashulalar yangrab turadi.

Bayram uman hokimligi rahbarligida uyushtiriladi. Shu kuni bog’ bayram libosida bezatilib, xo’jaliklarda yetishtirilgan anorlar ko’rgazma peshtaxtalariga qo’yiladi. Anor ortgan mashina, traktorlar karvoni karnay-surnay sadolari ostida bog’ darvozasidan kirib keladi. Sayilda anorning eng yaxshi navlari ko’rgazmasi namoyish etiladi. Tanlov o’tkazilib, eng yaxshi anor navlarini yetishtirgan mirishkorlar mukofotlanadi.

Bu saylda ham dorbozlar, masxarabozlar, sozanda va xonandalar o’z san’atlarini namoyish etadilar. Sayil o’tkazilayotgan joyda turli sport o’yinlari o’tkaziladi, mahalliy o’yinlar (xo’roz, qo’chqor urishtirshlar) bo’ladi, attraksionlar ishlab turadi.
Anjir sayli. Buvayda tumanidagi Oqqo’rg’on qishlog’ida ko’plab anjirzor bog’lar bor. Oqqo’rg’onning “Chorbog’”i kishilar uchun sayr qilish, ko’ngil ochish, dam olish joyi bo’lgan. “Chorbog’” bog’larining o’rtasida hovuz bo’lib, unda g’oz, o’rdaklar va qashqaldoqlar suzib yurgan. Bog’ni kesib o’tgan keng anhordan har tomonga ariqchalar tarqalgan. Ba’zi ariqchalarda favvoralar hosil qilingan. Tevarak-atrofga daraxt va gullar tartib bilan o’tkazilgan.
Anjirzor bog’lar yaratish ishiga yoshi ulug’ kishilar bosh-qosh bo’lishgan. Har yili erta bahorda, aniqrog’i 1 mart kuni keksa bog’bonlar mashlahat qilish uchun shirkat uyushmasiga qarashli “Chorbog’”ga to’planishgan. Bu marosim “Dar nishona” deb ataladi. Ya’ni yangi hosil yetishtirish boshlanishidan nishona beruvchi tadbir hisoblanadi. Ularga bog’ ishlarini yaxshi biladigan bir kishi rahbarlik qilgan. U “o’nboshi” deb atalgan. Bog’bonlar o’nboshi rahbarligida qo’y so’yib, dasturxon tuzab, ziyofat qilishib, maslahatlashishgan. Ular hosilimiz mo’l bo’lsin, dasturxonimiz to’kin-sochin bo’lsin, deb niyat qilishgan. Bog’bonlarning bu o’zaro kengashi o’z-o’zidan katta tantanali tadbirga aylanib ketgan. Ommaviy sayil tusini olgan bu tadbirga san’atkorlar, so’z ustalari, dorbozlar taklif etilgan. Bu tadbirning juda ko’tarinki ruhda o’tishini ta’minlagan. Tadbir chog’ida yosh oilalar mahalla oqsoqollari rahbarligida anjir daraxti ekishgan. Kim anjir ekib, bog’ yaratsa, u jannatga tushadi, degan aqida keng yoyilgan. Bunga “Quronda”gi “Vattiyn” (Anjir) surasi tafsiri sabab bo’lgan. Keksalar anjir ekish jannat eshigini ochish bilan barobardir, deyishgan, “Darnishona” (yoki xalq tilida “Darshana”) tugaganidan keyin bog’bonlar kuzda ko’milgan anjir daraxtlarini ochishni boshlashgan. Anjir daraxtlari uch oy – dekabr, yanvar, fevral oylarida yerga ko’milgan holatda turadi. Agar ko’milmasa, ularni sovuq urib ketadi. Aprel oyida yoqqan yomg’irlar anjir daraxtlaridagi tuproq qoldiqlarini yuvadi. Bu bog’bonlarga qo’l keladi. Keyin anjir daraxtlari shoxlari ostiga tol, o’rik, shaftoli shoxlaridan qilingan ayri tayoqlar qo’yilib, tiklanadi. Anjirning tikligi 45-50 gradus balandlikda bo’ladi. Daraxtlar tagiga go’ng – chirindi solib, suv veriladi. Anjirlar asta-sekin kurtak chiqara boshlaydi. Anjirlar asta-sekin kurtak chiqara boshlaydi. Kunlar isishi bilan anjir daraxtlarining barglari kattalashib boradi. Anjirzorlar ostidagi o’t-o’lanlar chopiladi. May oyi o’tib, anjirzorlar yam-yashil, ko’rkam tusga kiradi. Anjirzorlarga kirgan kishi zavqlanadi. Zararli kimyoviy dorilar ishlatilmasligi sababli, anjirzor bog’larda turli hasharotlar g’ujg’on o’ynab, qushlar sayrab turadi. Anjir daraxtlarining birinchi hosili iyun oyi boshlarida pishib yetiladi. Birinchi hosil “xoki” deb ataladi. Anjir asli subtropik daraxt bo’lib, sovuqqa chidamsiz bo’ladi. Kech kuzda u yana g’o’ra tugadi. Anjir ko’milganda novdalardagi katta tugmadek keladigan anjir g’o’ralar ham hashak-tuproq ostida turadi. Bahorda u kattalashib pishadi. U “Xoki anjir”, ya’ni tuproq ostida yotib chiqqan anjir deyiladi. Odatda, anjirning birinchi hosili savdoga chiqarilib sotilmaydi. Bog’bonlar birinchi hosilni qo’ni-qo’shnilar, qarindoshlari bilan baham ko’rishadi.
Iyun, iyul oylari o’tib, 10 avgustga kelib anjirzorlarda chorbog’larda yangi novdalarda kuzgi hosil pishib yetiladi. Anjirning bu pishgan mevalarini uzib tugatib bo’lmaydi. Katta anjir daraxtlari juda sermeva bo’ladi. Anjir saylning o’tkazilishiga mo’l hosil ham sabab bo’lsa kerak.
Anjir mevalari g’arq pishganida Anjir sayli boshlanadi. Anjir sayliga yoru birodarlar, tanish-bilishlar kelishadi. Ular anjir daraxtlarida pishgan mevalarni o’z qo’llari bilan uzib olib yeb, sayr qilishadi, dam olishadi.
Qishloq ahli Anjir sayliga bayramona libosda keladi. Karnay-surnay, doira, nog’ora sadolari hammani sayilga chorlaydi. Sayilda eng yaxshi, shirin anjirlar ko’rgazmasi uyushtiriladi. Maxsus hay’at a’zolari (degustatorlar) eng mazali anjirlarni aniqlashadi. Ularning taklifiga ko’ra mirishkor anjirchi bog’bonlar taqdirlanadi. G’oliblarga bag’ishlab, kuy-qo’shiqlar ijro etiladi. Sayilga kelgan kishilar anjirlarni tatib ko’rishlari, sotib olib, uylariga olib ketishlari mumkin. Sayilda tomosha, o’yin, konsertlar uyushtiriladi. Kishilarning sayil chog’ida madaniy hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Anjir daraxtlarini kuzda ko’mish ham ommaviy ravishda “anjir ko’mish xashari” nomi ostida amalga oshiriladi. Bog’ egasi xasharchilarni palov, sho’rva, qovun-tarvuzlar, somsa-patirlar bilan ziyofat qiladi. Xashar ko’tarinki ruhda, hazil-huzil bilan o’tadi. Anjirni sindirmay, egish, arqon bilan g’ujanak qilib bog’lash katta mahorat talab qiladi. Bu ishda polvon, abjir, og’ir vaznli kishilar ko’p qo’l keladi. Kim ketmonda tuproq otishga usta bo’lsa unga ham alohida hurmat-rag’bat bildiradi. Oqqo’rg’onda Darnishona, Anjir sayli, Anjir xashar tadbirlari xalq do’stligi, inoqligi va mehr-oqibati ramzi hisoblanadi.