Amir Temurning farzandlari

O’GI BEGI XONIM Amir Temurning katta qizidir. Tarixchi Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, O’gi Begi xonimning onasi Turmush Og’adir. Shuningdek, O’gi Begi xonimni qaysi yilda tug’ilgani haqida aniq ma’lumot uchramaydi.

Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, O’gi begi xonim husn bobida tenggi yo’q, aql-idrokda Benazir bo’lgan. Amir Temur bu qizini nihoyatda yaxshi ko’rgan va o’ziga yaqin tutgan ekan. Og’i Begi xonimni amir Musoning o’g’li Muhammadbekka nikoh qilganlar. O’gi Begi Muhammadbekdan bir o’g’il tuqqan, ismi sharifini Sulton Husayn Mirzo deb ataganlar.

Ammo 1382 yilda O’gi Begi xonim to’satdan og’ir bedavo kasalga uchraydi. Ko’pgina tabibi hoziqlarning qilgan muolijalari foyda bermaydi. O’gi Begi xonim 1382 yil oxirida vafot etadi.

SULTON HUSAYN MIRZO Temurning kuyovi Muhammadbekning o’g’li bo’lib, Temurning katta qizi O’gi Begi xonimdan tug’ilgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Sulton Husayn Mirzo bobosi Temur vafot qilgan vaqtd 25 yoshda bo’lgan. Demak, u 1380 yilda tug’ilgan bo’lib chiqadi. Sulton Husayn Mirzoga Mironshoh Mirzoning qizi Qutluq Sulton begim nikoh qilingan edi.

Hofizi Abdurining ma’lumotiga qaraganda, Sulton Husayn Mirzo yoshlikdan takabbur, o’zboshimcha tabiatan ig’vo-fitnaga moyil bo’lib, undagi bu nuqson barcha temuriy shahzodalar hamda amir va beklarga ma’lum edi. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1400 yilning oxirida Temur o’z qo’shini bilan Damashqni qamal qilgan vaqtda, Sulton Husayn Mirzo o’z odamlaridan ajrab, dushman tomoniga o’tib, o’z kishilariga qarshi kurashadi. Ikki kun o’tgach, shaharni zabt qilish uchun qilingan birinchi hamladayoq Sulton Husayn Mirzoni ushlab Temurning oldiga olib kelishadi. Unga qilgan harakati uchun tayoq jazosi beriladi. Ammo bukurni go’r tuzatadi, deganlaridek, uning hasadgo’yligi umrining oxirigacha davom etadi.

Hofizi Abruning yozishicha, Sulton Husayn Mirzo bahodir yigit bo’lsa-da, lekin o’ta buzuqi va beoqibat bo’lgan edi. U Andxo’y tevaragida hech bir sababsiz bobosi Amir Temur o’rdasidan qochib, Kesh atrofida Sulton Holid Mirzo huzuriga borgan va uning inoyatiga sazovor bo’lgan.

Sulton Husayn Mirzo Amir Temurning Hindiston, Iroq, Ozarbayjon, Shom (Suriya) va boshqa mamlakatlarga qilgan harbiy yurishlarida faol qatnashgan. Jumladan, Temurning 1405 yildagi Xitoyga qilgan mashhur yurishida, u qo’shinning chap qanotiga boshliq qilib tayinlangan.

1405 yil fevral oyida Temur vafot qilgan vaqtda, Sulton Husayn Mirzo o’ziga biriktirilgan qo’shin bilan Sabronda qishlamoqda edi. Temurning vafoti haqida O’trordan xabar kelishi bilanoq, u Samarqand taxtini egallash vasvasasi bilan o’ziga qarashli qo’shinni Samarqandga qaytishga undaydi. Biroq qo’shindagi harbiy sarkarda va beklar orasida hamjihatlik bo’lmagach, u o’ziga sodiq mingta otliq askarni olib, shitob bilan poytaxtga qarab oladi. Ammo Samarqand taxtiga Sulton Xalil Mirzo o’tirganini eshitgach, taxtni qo’lga kiritaolmasligiga ko’zi yetadi va o’z qo’shini bilan Xalil Sulton Mirzo huzuriga kelib, uning mulozamatida bo’ladi. Xalil Sulton Mirzo unga ishonch bildirib, 30 minglik qo’shinga boshliq qilib tayinlab, Pir Muhammad Mirzoga qarshi yuboradi. Sulton Husayn Mirzoning Pir Muhammad Mirzoga qarshi yurishida amir Arg’unshoh, amir Xudoydod, Temurxo’ja, amir Ollohdod va Xo’ja Yusuflar birga edilar. 1405 yil may oyida Sulton Husayn Mirzo qo’shini Balxni egallaydi. Ana shundan so’ng, Sulton Husayn Mirzo ko’nglida saltanat, toju-taxt vasvasasi paydo bo’lib, amirlarni o’z huzuriga chorlab, “bir ish sodir bo’ldikim, bu ishni hal qilishda sizlardan boshqa hechkim mahram bo’laolmaydi”, deb barcha amirlarni o’z qarorgohiga olib kiradi. Shu asnoda oldindan tayinlangan 20 chog’li navkarlar qarorgohga kirib kelib, amirlarning qo’l-oyoqlarini bog’laydilar. Sulton Husayn Mirzoning ishorasi bilan navkarlar darhol amir Temurxo’ja va Xo’ja Yusugni qatl qiladilar. Qolgan amirlar Sulton Husayn Mirzoga sodiq ekanliklari haqida qasamyod qilib, zoru-tavallolar bilan o’z jonlarini saqlab qoladilar.

Shundan so’ng Sulton Husayn Mirzo Samarqanddan Balxga – Pir Muhammad Mirzo huzuriga kelayotgan Muhammad Sulton Mirzoning harami Xonika begimni to’xtatib, barcha mol-mulklarini talab, g’orat qiladi. Saltanatga tegishli mol-mulkni qo’shinga taqsimlagach, o’z valine’mati Xalil Sulton Mirzoga qarshi Samarqandga yurish boshlaydi. Sulton Husayn Mirzoning xiyonatidan xabar topgan Xalil Sulton Mirzo 1405 yil 6 iyulda Shahrisabz yaqinidagi Jigdalik mavze’ida Sulton Husayn Mirzo qo’shini tor-mor qiladi. Jang jarayonida amir Arg’unshoh va amir Xudoydodlar Xalil Sulton Mirzo tomoniga qochib o’tadilar. Xalil Sulton Mirzo qo’shini Sulton Husayn Mirzoni Balxgacha quvib boradi hamda Balxni egallaydi. Balxda Sulton Husayn Mirzoning harami bilan birga barcha boyligi Xalil Sulton tasarrufiga o’tadi. Sulton Husayn Mirzo Balxdan qochib, Andxo’yda hokim bo’lib turgan Temurning jiyani (opasining o’g’li) Sulaymonshoh huzuriga keladi. Sulaymonshoh Sulton Husayn Mirzoni yaxshi qabul qiladi va unga ehtirom ko’rsatadi.

Biroq, ko’p o’tmay, Pir Muhammad Mirzo qochoq Sulton Husayn Mirzoni ushlab berishni Sulaymonshohdan talab qiladi. Sulaymonshohdan rad javobini olgach, Pir Muhammad Mirzo 3000 askarni Sulaymonshohga qarshi yuboradi. Sulaymonshoh Pir Muhammad Mirzoga qarshi turaolmasligiga ko’zi yetgach, Sulton Husayn Mirzoni olib Hirotga – Shohruh Mirzo dargohiga sig’inib boradi.

Shohruh Mirzo Sulaymonshoh bilan Sulton Husayn Mirzoni iltifotlar bilan qarshi oladi. Voqeadan xabardor bo’lgach, Sulaymonshohga Saraxs viloyatini suyurg’ol qilib beradi va Mironshoh huzuriga elchi qilib jo’natadi.

Sulton Husayn Mirzo masalasiga kelganda, Hofizi Abruning yozishiga qaraganda, Shohruh Mirzo o’z arkoni davlati bilan maslahatlashadi. Arkoni davlat esa, Sulton Husayn Mirzo haqida “bu nodon g’alamis va oqibatsiz, bebok hazrat sohibqiron hayotligida ham Samarqandda va Shoshda isyon ko’targan, on hazratning vafotidan so’ng, amirlar bilan muxolifatchilik qilgan edi. Endilikda hech sababsiz zafar bayroqli o’rdudan yuz o’girib, Xalil Sulton Mirzo huzuriga bordi. Uning amirlarini qatl yetkazdi. Xonikaning mol-mulkini g’orat qildi. Binobarin, bunday nopok qarindoshning bahridan o’tmak kerak”, deb arz qiladilar.

Shundan so’ng Shohruh Mirzo Pir Muhammad Mirzoning talabini to’g’ri deb topib, Sulton Husayn Mirzoni qamoqqa hukm qiladi. Bir necha kun o’tgach, Shohruh Mirzoning farmoniga muvofiq, amir Nushiravon barlos Sulton Husayn Mirzoni Hirotning Iroq darvozasi tashqarisiga olib chiqib qatl qiladi. Hofizi Abruning yozishicha, Sulton Husayn Mirzoning bosh terisini shilib olib, ichiga poxol tiqib Pir Muhammad Mirzo huzuriga yuboradilar. Kallasiz jasadni esa Hirot bozoriga osib qo’yadilar.

Sharafuddin Ali Yaziyning bergan ma’lumotiga qaraganda, Sulton Husayn Mirzodan ikki qiz qolgan bo’lib, ulardn birining ismi Feruza begimdir.

SULTON BAXT BEGIM Amir Temurnign ikkinchi qizidur. Sulton Baxt begimning onasi sohibqironning ikkinchi xotini – O’ljaoy Turkon Og’o begim edi. U 1366 yildayoq vafot etganligi ma’lum. Binobarin, Sulton Baxt begimning tug’ilgan yilini 1360-1366 yillar oralig’i deb taxmin qilish mumkin.

Sulton Baxt begim tabiatan shaddod, o’jar va erkaklarga xos tabiatga molik bo’lib, erkaklarni unchalik yoqtirmagan. Sulton Baxt begim Sher Bahromning o’g’li Muhammad Mirkaga nikoh qilingan edi. Amir Temur Xuttalon viloyatini kuyovi Muhammad Mirkaga in’om qilgan edi. Biroq Muhammad Mirka Temur saltanatiga qarshi isyon ko’taradi. 1388 yilda isyon bostirilib, Muhammad Mirka ukasi Abulfath bilan birga qatl qilinadi. Qatl Temurning ikkinchi o’g’li Umar Shayx Mirzoning farmoniga binoan bajariladi.

1389 yilda malika Sulton Baxt begim amir Dovud dug’lotning o’g’li amir Sulaymonshohga nikoh qilinadi. Malika Sulton Baxt begim 1430 yilda Nishopurda vafot etadi.

счетчик посещений