Adabiy-badiiy jarayon

Temuriylar sulolasining so‘nggi davridagi adabiy jarayon sermahsul davr bo’lgan. Adabiy-badiiy jarayon uslub jihatidan ancha takomillashdi va yangi bir bosqichga ko’tarildi. Movarounnahr va Xuroson hududlarida chig‘atoy (eski o‘zbek tili) va fors-tojik  adabiyoti  o’rtasidagi  hamkorlik  kengayib  bordi.  Bu davr adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri — ko‘pgina shoir va adiblar o’zbek tilining go‘zalligini, uning so‘z boyligini namoyish qilishlaridir. O‘zbek (turkiy) tiliga ikkinchi darajali til sifatida qarashlarni inkor qildilar. Zamonasining iste’dodli va yetuk shoirlari hamda adiblaridan Qutb, Sayfi Saroyi, Haydar Xorazmiy, Durbek, Amiriy, Yaqiniy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur va Muhammad Solihlar o‘sha davr adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillari bo‘lib, ular o‘zbek tilida ham ko‘plab asarlar yaratib, bu tilning o‘ziga xos jozibadorligini namoyish qildilar. Ular tomonidan rang-barang g‘azallar, ruboiylar, qit’alar, tuyuqlar, nomalar, dostonlar va boshqa janrlardagi asarlar yaratildi.

Bu davr adabiyotining yana bir xususiyati — o‘zbek adabiyotida she’riy noma janrining yaratilganligidir. Xorazmiy noma janrining asoschisi sifatida «Muhabbatnoma»ni yaratdi. «Latofatnoma»ni yaratgan Komil Xo’jandiy sevgi-muhabbat mavzusini  davom ettirdi. Temuriy  Mironshohning o‘g‘li shoir Said Ahmad esa «Taashshuqnoma» («Oshiqlar maktubi»)ni yaratib, bu mavzuni yanada yuqori bosqichga olib chiqdi. Oldingi sevgi mavzusidagi nomalardan farqlanib turuvchi va sujetga asoslangan «Dahnoma» («O‘n noma»)ni yaratgan Yusuf Amiriy o‘z nomasida oshiq-ma’shuq obrazlari orqali sevgi-muhabbat mavzusini ifodalashni yanada yuqori pog‘onaga olib chiqdi.

Durbek diniy-afsonaviy «Yusuf va Zulayho» dostoniga dunyoviy tus berib, o‘zi qayta ishladi. Atoiy yor vasfini kuylovchi g‘azallar bitsa, Sakkokiy jo‘shqin va haroratli g’azallar bitdi hamda qasida janrini yanada rivojlantirdi. Lutfiy g‘azallari o‘zining hayotiyligi, badiiy mahorati va til boyligi bilan ajralib turadi. Bu davr adabiyotining eng buyuk siymolari Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylar edi. Ular tasavvuf she’riyatini barkamollik darajasiga olib chiqdilar.

Abdurahmon Jomiy lirika sohasida Sa’diy, Hofiz va Xo‘jandiylar darajasigacha yetishib chiqdi. U nafaqat adabiyot sohasida, balki fanning boshqa sohalarida ham asarlar yaratdi. Arab tilini mukammal ravishda o‘rgandi. So’ngra o‘z bilimini  oshirish maqsadida Samarqandga keldi va Ulug’bek madrasasida buyuk astronom Qozizoda Rumiy, huquqshunos Fazlulloh Abulays kabilardan ta’lim oldi. Shuningdek, til va adabiyot, riyoziyot va falakiyotdan, falsafa va mantiqdan, din asoslari, hadis va tafsirdan tahsil olib, mazkur ilmlarni chuqur egalladi.

Hirotga qaytib kelgach, Alisher Navoiy bilan birgalikda Hirot madaniy muhitining rivojlanishi va taraqqiy etishiga ulkan hissa qo‘shdi. Abdurahmon Jomiy, ayniqsa, dostonchilik an’analarini davom ettirib, yettita yirik dostonni o’zida birlashtiruvchi «Haft avrang», «Bahoriston», «Xiradnomai Iskandar» nomli asarlarni yaratdi. Bu dostonlar o‘zining falsafiy-didaktik va axloqiy-ta’limiy mavzusi bilan ajralib turadi. Abdurahmon Jomiy asarlarining kattagina qismi tasavvuf ruhida yozilgan bo’lsa, bir qismida oddiy xalqning orzu-umidlari ifoda etiladi.

Bu davr ma’naviy hayoti va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan buyuk siymolardan biri Alisher Navoiydir. Alisher Navoiyning so‘nggi temuriyzoda Husayn Boyqaro davri ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti taraqqiyotidagi  o’rni  benihoya kattadir. Navoiy inson baxt-saodati uchun xalqning osoyishtaligi, mamlakat barqarorligi, obodonchilik, ilm -fan, adabiyot va san’at taraqqiyotining buyuk kurashchisi sifatida tarix sahifasida o’chmas iz qoldirdi.

Xulosa qilib aytganda, Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi va tarqoq feodal davlatlarni birlashtirishi ilk Uyg‘onish davri madaniy taraqqiyoti natijasida vujudga kelgan, lekin mo‘g‘ullar tomonidan bir-biridan ajratib tashlangan yagona madaniy jarayonni yanada rivojlanishiga turtki bo’ldi. Eng avvalo, iqtisodiy hayot, shuningdek, fan, san’at va adabiyotdagi azaliy an’analar qaytadan tiklandi. Inson va uning aql-idroki, manfatga intilishi, Sharq renessansiga xos xususiyat hisoblangan ma’naviy komil insonni shakllantirishga bo’lgan e’tibor va ma’rifatga intilish kuchayadi. Fan va adabiyotda jahonshumul ahamiyatga ega bo’lgan asarlar yaratildi. O’z davrining dorulfununlari — oliy o‘quv yurtlari, Ulug’bek akademiyasi vujudga keldi. Astronomiya, matematika, mantiq, falsafa, til va adabiyotshunoslik, tarix va fikhshunoslik, ilmi aruz va musiqashunoslikka oid ko‘plab asarlar yaratildi. Miniatura va me’morlik san’atlari rivojlanib, xattotlik san’at va hunar darajasiga ko’tarildi.

Bu davr madaniy hayotini tahlil qilar ekanmiz, eng avvalo, Movarounnahr va Xuroson madaniyati va ilm-fanni IX-XII asrlardagi singan Mirzo Ulug‘bekni hisobga olmaganda, umumbashariy ahamiyat kasb eta olmaganligi, Al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, at-Termiziy yoki az-Zamaxshariy singan umumjahon madaniyati va fanida o’zining o‘chmas izini qoldirgan buyuk siymolarni ko‘rmaymiz. Bu davr madaniyati taraqqiyoti umumjahon miqiyosida emas, balki mintaqa miqyosidagi ijodiy-madaniy jarayon darajasidagina saqlanib qolingan. Bu hol  mavjud madaniy jarayonning azaliy an’analari va ilmiylikning mo‘g’ullar bosqini natijasida uzib qo‘yilganligi, ikkinchidan, ko’plab olimlar va ijod ahillarining tinch joylarni izlab vatanlarini tark etganliklari, uchinchidan, Amir Temur vafotidan keyin avj olgan o‘zaro taxt talashishlarning kuchayib ketganligi bilan izohlanadi.