Adabiy-badiiy jarayon

Bu davr adabiyotining asosiy xususiyati adabiy jarayonda o‘sha davr hukmdorlari ta’sirining sezilib turganligi bilan xarakterlanadi. Hukmdorlarning o‘zlari she’riy, nasriy va tarixiy asarlar yaratishga bo’lgan intilishlari bilan ko‘zga tashlanib turganlar. Bu holat Shayboniylar, Ashtarxoniylar, va hatto, rus istilosigacha bo’lgan hukmdorlarning deyarli barchasiga xos bo’lgan xususiyatdir. Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdulazizxon, Subhonqulixon, Abulg‘ozixon, Qo‘qon xoni Umarxon, Xivaning so’nggi xonlaridan Muhammad Rahimxon (Feruz) va boshqalarning she’riyat, nasr va tarix sohalarida qalam tebratganlari fikrimizning dalilidir.

She’riyatda qalam tebratgan hukmdorlardan biri Muhammad Shayboniyxonning o‘zidir. U o’z umrining ko‘p qismini jangu jadalda o‘tkazsa-da, ilm-fan va san’atga qiziqishi ancha baland bo’lgan. U yaxshi ta’lim-tarbiya olgan. Natijada iste’dodli shoir, musavvir, musiqachi va xushovoz qiroatxon bo‘lgan.

Shayboniylar sulolasining yana bir vakili Ubaydullaxon ham ilm-fan adabiyot va san’atga qiziquvchi hukmdorlardan biri bo’lgan. U «Ubaydiy» taxallusi bilan o‘zbek va fors tillarida ijod etgan. Asosan g‘azallar, ruboiylar va qit’alar bitgan.

Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon ham «Aziziy» taxallusi bilan g‘azallar yozgan. Abdulazizxon o‘z saroyida Hofiz Sulton Ali Ubaxiy, Vosifiy, Baqoiy, Majlisiy, Kavkabiy, Surudiy, Shaydo kabi shoirlar va san’atkorlarni to‘playdi, ularga ko‘plab iltifotlar  ko’rsatadi. U o‘z saroyida shoirlar bilan muntazam ravishda mushoiralar o‘tkazib turadi. Shuningdek, Abdulazizxon mamlakat obodonchiligi yo‘lida ko‘plab qurilishlarni amalga oshiradi, me’moriy binolar qurdirib o‘z saroyi qoshida yirik kutubxona tashkil ettiradi.

Shayboniylardan keyingi davrda taxt tepasiga kelgan Ashtarxoniylar ham o‘z davrining o‘qimishli va yetuk kishilari bo’lganlar. Ularning ko‘pchiligi uch tilni (turk, fors va arab tillarini) mukammal bilganlar. Dunyoviy va diniy ilmlarni egallaganlar. Imomqulixon,  Nazarmuhammadxon, Abdulazizxon, Subhonqulixon she’riyatda qalam tebratganlar. Masalan, Subhonqulixon Nishoniy taxallusi bilan she’r bitgan. Imomqulixon yetuk siyosatchi, ilmparvar va ra’iyatparvar boiganligi uchun ham 30 yildan oshiqroq hukmdorlik qilgan. Uning  davrida ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlik vujudga kelgan. Imomqulixon chiqarilgan qonun va farmoyishlarning bajarilishini nazorat qilib borgan.

Shunga qaramasdan. ashtarxoniylar davrida mamlakatni holdan toydiruvchi o‘zaro taxt talashishlar, beklar va boylar o’rtasidagi ixtiloflar davom etgan. Xalqning o’zaro kurashlardan qiynalayotganligini ko‘rgan ijod ahllari, masalan, Turdi  (Farog’iy),  Boborahim  Mashrablar o‘z asarlarida hukmdorlar, beklar, sultonlar va ayrim din rahnamolarini qattiq tanqid ostiga olgan. Chunki ularga nisbatan xalqda ishonch qolmagan edi. Ular diyonat, insof, adolat va xalqparvarlikdan uzoqlasha boshlagan edilar. Ma’lumki, qayerda diyonat, imon-e’tiqod, adolat hukm surarkan, o‘sha joyda el hukmdordan xursand, o‘sha yerning shoirlari hukmdorlar madhida bo’lgan, xalqning turmushi, ijtimoiy munosabatlar va hodisalar, botiniy va zohiriy ishqning kuychisiga aylangan.

O’zaro nizolar esa xalqni hayotdan bezdiradi. Tarafkashlik kuchayadi. Tinch va osuda hayot, ra’iyatparvar  hukmdorlar xalqning orzusiga aylanadi. Shu boisdan Turdi o‘z asarlarida mamlakatni parchalab, boylik to‘plashga intilayotgan yuqori tabaqa vakillarini tanqid ostiga oladi. Yagona «O‘zbek yurti» g‘oyasini ilgari suradi:

Tor ko'ngilli beklar, man-man demay, kenglik qiling,
To‘qson ikki bori o‘zbek yurtidir tenglik qiling.

Jamiyat hayotining taqdiri butunlay ruhoniylar qo’liga o’tgach, ya’ni XVII asr oxiridan boshlab Markaziy Osiyo madaniyatida tushkunlik kayfiyatlari kuchaydi. Tasavvuf ta’limotining ildizlari jamiyat ma’naviy hayotining ko‘pgina sohalariga chuqurroq kirib bordi. Ayniqsa, tasavvufning qalandarlik oqimining ta’siri kuchaydi. Qalandarlar tasavvuf ta’limotini yoyishning qudratli vositasiga aylandilar. Ular nafaqat diniy ta’limotni, baiki tarki dunyochilikni targ’ib qilishni ham asosiy vositasiga aylanganlar. Shuningdek, ular devonalik yo‘li orqali adolatsizlikka qarshi kurashganlar ham.

Umuman olganda, bu davr abadiy jarayonida bir tomondan ko‘proq botiniy va zohiriy ishq-muhabbatni kuylash ko‘zga yaqqolroq tashlansa, ikkinchi tomondan, riyokor dindorlar, ochko’z boylar, boylik to‘plashga intiluvchi beklar tanqid ostiga olinadi, uchinchi  tomondan esa, inson qismati taqdirning azaliy hukmi ekanligi g‘oyasi ilgari suriladi.

Ham Shayboniylar, ham Ashtarxoniylar o’z saroylari qoshida ko’plab san’atkorlarni to’plab,ularga homiylik qilganlar. Natijada nafaqat she’riyat va me’morlik san’atlari, balki musiqa san’ati ham taraqqiy etadi. Ikkala sulola hukmronligi davrida mohir sozanda va xonandalar, shoir-bastakorlardan Mavlono Kavkabiy, Mavlono Rizo, Mavlono Pirmuhammad Kulol, Ali Do‘st Noiy, Amir Ali Akbar Samarqandiy, Amir Masti Kobuziy va boshqalar xalq orasida mashhur bo’lgan.

XVI-XVII asrlarda yashagan Mavlono Kavkabiy va Darvesh Ali Changiylar musiqashunoslikka oid asarlar yaratishib, kuy va qo’shiq, ularning turlari hamda shakllari masalasini yoritib berdilar.

Masalan, Hasan Xoja Nisoriyning yozishicha, «Va mullo Kavkabiy musiqa sohasida Ubaydullaxon nomiga bir risola tasnif etib, unda ta’lif va iyko’ haqida so‘z yuritgan, hajm, jinslar bahsini ham keltirib, yettita bo’lgan birinchi tabaqa zarbidan va o‘n uchta bo’lgan ikkinchi tabaqa zarbidan hosil bo’luvchi 12 maqomni 6 ovozda nazm qilib, manzumaga kulliyot bog‘langankim, musanniflar bir ovozdan bu dilkash amalga tahsinlar aytib kelmoqdalar».

Kavkabiy maqom yo’llari va musiqaning nazariy tomonlarini yoritib bergan.