1989-1991 yillarda Mustaqillik uchun kurash

Ma’lumki, “qayta qurish” yillarida respublika aholisining asosiy qismini tashkil etgan dehqonlarning hayoti yanada yomonlashdi. Natijada qishloqlarda va bunga monand ravishda shaharlarda hayot juda og’irlashib ketdi. Bundan holi bo’lishning yagona yo’li yerga nisbatan bo’lgan siyosatni o’zgartirishdan iborat edi. Shu bois Islom Karimov partiyaning agrar siyosatiga qarshi o’laroq dehqonlarni yer bilan ta’minlashni boshlab yubordi. Vaholanki barcha yer va suvlar davlatniki hisoblanib faqat markazning ruxsati ila unga munosabatni o’zgartirish mumkin edi.

Avvalo, – deb yozadi Islom Karimov fuqarolarni ijtimoiy jihatdan himoyalash borasida aniq ishlar qilish lozim. Biz 1989 yilni iyulidan beri ta’minlab kelayotgan barqarorlik esa uning kafolatidir. O’shanda, 1989 yilda dahshatli davr edi. O’sha paytda biz qilgan birinchi ish shu bo’ldiki, odamlarga yer bera boshladim. Men janob Gorbachyovning davlat kengashi majlisidagi so’zlarni eslayman… Unga tan berish kerak, gapirishni biladi, ammo boshlagan nutqini nima bilan tugatishni hamisha ham tushunib bo’lmaydi. Mana bunga qaranglar, degan edi u meni ko’rsatib, uni boshi shuhratga chulg’anib turibdi, u yer bera boshladi, endi uni ilohiylashtirishadi… Biz qat’iy turib tartib o’rnatdik – yerga muhtoj bo’lgan va, albatta, dehqonchilik qo’lidan keladigan, yerdan mo’l hosil ola biladigan har bir kishiga chorak gektar yer berdik. Kolxoz-sovxoz sharoitida bu jarayon yengil ko’chmadi”.

Ko’rinib turibdiki, Islom Karimov markazning noroziligiga qaramay mustaqil iqtisodiy siyosatiga qaratilgan dastlabki qadamni tashlagan. Hech kimga sir emaski, paxta o’zbek xalqining kundalik hayoti va taqdirini hal etuvchi muhim omillardan biridir. Tinimsiz va mashaqqatli mehnat evaziga yetishirilgan paxta juda arzon narxda majburan davlatga topshirilgan. Mehnatiga yarasha haq ololmagan dehqonlar hamisha yetishmovchilik va muhtojlikda hayot kechirgan. Islom Karimov buni yaxshi anglagan holda paxta narxini oshirish masalasini ochiqdan-ochiq talab qildi. Xususan, u respublika kompartiyasi Markaziy qo’mitasining 1989 yil 19 avgustda bo’lib o’tgan XVI plenumida shunday degan: “Biz 1990 yil plani loyihasi bilan Ittifoq organlariga ikki marta uchrashdik. KPSS Markaziy Komiteti, mamlakat ministrlar Soveti va Gosplani rahbariyati bilan uchrashdik. Butun mas’uliyatni zimmamga olib, shuni ayta olamanki, paxta narxi masalasi yaqin oylar ichida ko’rib chiqiladi. Bu muammoni hal qilishimiz uchun hisob-kitoblarga ko’ra, kamida bir yarim milliard so’m talab qilinadi…

Hozir, ochig’ini aytish kerak… Moskvada o’rtaga qo’ygan masalalalarni hal qilish qiyin bo’lyapti. Biz rahbarlar bu masalalarni qat’iyat bilan, bilimdonlik bilan o’rtaga qo’yishimiz, ularning hal etilishiga izchillik bilan erishishimiz har qanday holda ham aybni birovlarga to’nkamay va birovlarning orqasiga yashirinmay, mas’uliyatni o’z zimmamizga olishimiz kerak”.

Sirtdn qaraganda paxtani narxini oshirish shunchaki bir oddiy iqtisodiy masala bo’lib ko’rinishi mumkin. Ammo, uning zaminida juda muhim siyosiy masala yotibdi. Chunonchi paxtani arzon narxda davlatga topshirilishi nafaqat kundalik turmushga, balki respublikaning ijtimoiy va madaniy jihatdan rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsamoqda edi. Narxni oshirishga erishish sovet davlatining mustamlakachilik siyosatiga zarba berilishiga olib kelardi. Shubhasiz, ochko’zlik va to’ymaslikda nom chiqargan sovet davlatining paxta narxini oshirishga rozilik bildirishi juda qiyin edi. Shunga qaramay Islom Karimovning hukumatning siyosatiga qarshi bosh ko’tarishi vatanparvarlikning yorqin namunalaridan biridir.

1989 yil 29 oktabrda o’zbek tilini Davlat tili sifatida qonunlashtirilishi ham alohida ahamiyatga ega bo’ldi. Bu tarixiy hujjatning ahamiyati shu darajada kattaki, ta’riflashga qalam ojizlik qiladi. Shuni unutmaslik kerakki, ona tilining Davlat tili bo’lishi xalqning milliyligi va taqdirini kafolatlaydi hamda u mustaqillikning eng muhim belgilaridandir.

Mustaqillik uchun kurash harakati hayotning barcha sohalarida ko’zga tashlandi. Zero, Islom Karimov birinchilardan bo’lib har bir respublikaga suverenitet va iqtisodiy mustaqillik boshqaruvini berilishi lozimligini oshkora o’rtaga tashladi. Bu muhim siyosiy masala 1989 yil 29 noyabrda partiyaning XVIII plenumida ko’rildi va tasdiqlandi. Bunda federativ asosda O’zbekistonning suverenitetini ta’minlash yer va umuman barcha tabiiy boyliklarni, madaniy va tarixiy merosni umumxalq mulkiga aylantirish ko’rsatildi. O’zbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy sohada mustaqil ravishda ish yuritish, milliy va tarixiy an’analarni tiklash qayd etildi. Shuningdek, respublikaning markaz bilan teng huquqlik va ikki tomonlama manfaatdorlik asosida aloqani olib borishi uqdirib o’tildi. Boshqaruvni demokratlashtirish masalasi ham o’z ifodasini topdi. 1990 yil 24 martda respublika Oliy Kengashining prezidentlik lavozimini ta’sis etish haqidagi qonuni muhim tarixiy voqea hisoblandi. Qonunda shunday deyilgan: “Demokratiya jarayonlarining yanada chuqurlashtirish ham, siyosiy o’zgarishlarni takomillashtirish va konstitutsiyaviy tizimni mustahkamlash ham mantiqan tom ma’nodagi mustaqillikni talab etadi va uning zamirida markazga bo’ysinmaslik, o’z taqdirini o’z belgilash tamoyili yotadi. Zotan, qaysidir darajada bo’lmasin, eng kichik masalalar bo’yicha ham kimgadir tobe’ bo’linsa, yuqorida qo’yilgan talablarning birontasiga ham erishib bo’lmaydi”.

Demak prezidentlik lavozimi oliy rahbarlikning ko’rinishlaridan biri bo’lishi bilan birga chuqur siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy ma’noni anglatadi. U mustaqillikka da’vat etuvchi eng muhim omillardan biri hisoblanib, ozodlikning darakchisi va ramzi sifatida namoyon bo’ldi. Prezidentlik lavozimini sovet davlati hali pishqirib turgan bir vaqtda butun O’rta Osiyoda birinchi, Ittifoq bo’yicha esa ikkinchi bo’lib ta’sis etilishi zulmatda chaqnagan nurga o’xshab ketdi. Shuning uchun ham u kishilarni hayajonlantirib yubordi, uning aks-sadosi barcha respublikalar bo’ylab taraldi. Pirovardida O’zbekistonning ta’sirida ularda ham prezidentlik lavozimi joriy etildi. Ma’lumki, yer, suv, tabiatdagi barcha borliqning tanho egasi sovet davlati hisoblanib, xususiy mulksiz jamiyat shakllantirildi. Bunday fojeani bartaraf qilish maqsadida 1990 yil 20 iyunda yerlar respbulika va xalqni mulkiga aylantirilganligi haqid qonun qabul qilindi. Bu respublika iqtisodiy mustaqilligini ta’minlaydigan dastlabki muhim chora bo’ldi.

Ayniqsa, 1990 yil 20 iyunda O’zbekistonda “Mustaqillik deklaratsiyasi” e’lon qilinishi katta ahamiyat kasb etdi. U qizil imperiyani qattiq larzaga va tashvishga soldi. Chunki demokratiyada O’zbekiston Ittifoq tarkibida suveren va teng huquqli mamlakat deb e’lon qilinib, o’z davlat belgilari (gerb, bayroq va madhiya)ni ta’sis etish va yangi konstitutsiyani ishlab chiqish vazifasi qo’yildi.

Respublikada mustaqil iqtisodiy siyosatni ta’minlashga qaratilgan choralarni ko’rish davom etdi. Chunonchi, 1990 yil 30 oktabrda O’zbekiston mulkchilikni hamma shakllari uchun teng sharoitni ta’minlashga qaratilgan qonun qabul qilindi. Respublika Oliy Kengashi 1991 yil 14 iyunda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar” to’g’risidagi qonuni ma’naviy hayotda tub o’zgarishlarni yasadi. Ma’lumki yuz yillar davomida kishilarning e’tiqodi, hurmatini qozonib kelgan islom dini taqiqlanib “dinsiz jamiyat” bunyod etildi. Bu ma’naviy qashshoqlikni yuzaga keltirib taraqqiyotga salbiy ta’sir etdi. Shu bois o’sha qonuning qabul qilinishi xalq tomonidan zo’r xursandchilik va mamnuniyat bilan qabul qilindi. “Ushbu qonun, – deyiladi unda, – fuqarolarning dinga o’z munosabatini ixtiyoriy ravishda belgilash va ifodalash, hech qanday to’sqinliksiz, dinga e’tiqod qilish va diniy rasm-rusumlarni bajarish huquqlarini ta’minlaydi”. Shu tariqa sovet davrida oyoqosti qilingan va quvg’inga solingan dinning barcha xillariga jon kirgizildi. 1991 yil 22 iyunda sanoat korxonalarini, tashkilotlarni va muassasalarni O’zbekiston ixtiyoriga o’tkazish xususida qonun chiqarildi. Asrimizning 80-yillarida qizil imperiya ich-ichidan chirib, inqirozni boshidan kechirmoqda edi. Uning belgilari 60-yillardayoq boshlanib qanchalik vaqtlarning o’tishi bilan shunchaik ko’p chuqurlashib bordi. “80-yillarda, – deb yozadi Islom Karimov, – iqtisodiy inqirozning kuchayib borish sabablarini ochish, uni bartaraf etish yo’llrini topish borasidagi urinishlar ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Ishlab chiqarish sur’atlarining pasayishi sabablari rivojlanishning ekstensiv omillari tugaganligidadir, deb yuzaki tushunganligi ustuvor tarmoqlarni alohida ajratmasdan, xalq xo’jaligining barcha sohalarini bir vaqtning o’zida rivojlantirish to’g’risida noto’g’ri qaror qabul qilinishiga sabab bo’ldi. Bu hol, pirovard natijada, cheklangan mablag’larning parokanda bo’lib ketishiga, moliya va ta’minot tizimining batamom izdan chiqishiga olib keldi, inqirozni chuqurlashtirdi, qayta qurish siyosati davrida iqtisodiyotda juda kuchli buzilishlar ro’y berdi”. Shu tariqa “sotsializm” tuzumi o’zining g’ayritabiiyligi va samarasizligini namoyish etib, mamlakatni halokat yoqasiga keltidi. Odatdagidek kompariya qatag’onlar o’tkazish yo’li bilan chetdan “aybdorlar”ni topib va xalqni chalg’itish inqirozni xas-po’shlash va niqoblashga o’tdi. Ma’lumki 30-yillardagi ocharchilik va umuman inqirozning sabablari “xalq dushman”lari va “imperialistlarning ayg’ochilari”ga to’nkalib, ommaviy qatag’onlar vahshiylarcha o’tkazilgan. Qayta qurish yillarida ham xuddi mana shunday siyosat qaytarildi, chunonchi O’zbekistonda “paxta ishi” yoki “o’zbek ishi” nomida qatag’on o’tkazildi. Bu yerda shuni hisobga olish kerakki, “o’zbek ishi” aslida niqoblangan siyosiy kurash bo’lib, maqsad mustamlakachilik va ulug’millatchilik siyosatini yanada avjiga mindirish, xalqni og’ir ahvoldan chalg’itishdan iborat edi. Bu siyosiy nayrangning iqtisodiy tomoni ham bor edi. Markazga O’zbekistondan daryo kabi oqib borayotgan turli-tuman boyliklarni yanada ko’paytirish va ularni zarrasini ham tub aholiga yuqtirmaslik ko’zlangan. Bundan tashqari, “o’zbek ishi” vositasida mamlakatda O’zbekistonni ishonchni yo’qotgan xavfli zona sifaida gavdalantirib Rossiyadan kadrlarni – o’z odamlarini keltirishni va respublika hokimiyat tarmoqlarini tamomila egallashni maqsad qilib qo’yildi. Ayni paytda bir chemodan bilan keladigan o’sha “ustoz”larning katta boylik to’plashlari uchun sharoit yaratish nazarda tutildi.

Bu respublika boyliklarini navbatdagi o’zlashtirishning bir turi edi. Umr bo’yi dahshatli o’zlashtirishning bir turi edi. Umr bo’yi dahshatli fojealarni uyushtirishga, qirg’in-barotlarga va to’s-to’polonlarga to’ymagan markaz “o’zbek ishi” bo’yicha 4.5 ming kishini qamoqqa tashladi, xo’rladi va mol-mulkini taladi. Bundan tashqari minglab kishilar “guvoh” sifatida qattiq qiynoqlar ostiga olinib, qip-qizil tuhmatdan iborat aybnomalarni to’qidi. Hatto “o’zbek ishi”dan keyin ziyolilarning va rahbarlarning ilg’or vakillari ham ommaviy ravishda qatag’on qilinar emish degan ovozlar eshitilib turdi.

Butun millat boshiga dahshatli ofat kelib turgan paytda, unga qarshi qalqon bo’ladigan birorta rahbar chiqmadi. Aksincha, ular sotqinlik qilib olovga kerosin quyib turdilar.

Islom Karimov davlat tepasiga kelishi arafasida ahvolni quyidagicha ta’riflagan edi: “Bor gapni aytadigan bo’lsam, ko’z o’ngimda dahshatli, qo’rqinchli manzaralar paydo bo’ldi”. Islom Karimov bu g’oyatda og’ir ahvoldan cho’chimay va tislanmay, mazlum xalq manfaati uchun kurashdi. U “o’zbek ishi”ning soxtaligini fosh etib, millatni ofat va navbatdagi ommaviy qatag’on qutqardi. U bu xususdagi markazning ko’rsatmasini bajarishdan ochiqdan-ochiq bosh tortib, mustaqil siyosat yurgizdi.

Umumiy xulosa shuki, 1989 yilning ikkinchi yarmidan to 1991 yil 31 avgustgacha bo’lgan davrda shaxsan Prezident Islom Karimovning tashabbusi va ishtirokida mustaqillikning tamomila tiklashning zamini hozirlandi. Shu bois uning rahbarlik mahoratini yoritish ayni muddaodir.

Garchand qizil imperiya chuqur inqirozni boshidan kechirayotgan bo’lsa-da, lekin kuch va imkon nisbatiga kelganda, uning mavqei baland bo’lib, qudratli qo’shinga va maxfiy kuchga ega edi. Shu bois imperiyaning sirtmog’idan osonlik bilan qutulishning iloji yo’q edi. Shunga qaramay Rossiyani o’zida ham, respublikalarda ham ichki ziddiyat va kurashlar qizg’in tus olib, nihoyatda mas’uliyatli va murakkab vaziyat yuzaga keldi.

Xo’sh, taqdirni uzil-kesil hal qiluvchi bunday sharoitda O’zbekistonda qanday siyosat yurgizildi. Unda Preziden Islom Karimovning tutgan o’rni qanday bo’ldi? Avvalambor yurtboshimiz o’z xalqining xohish-irodasini ifoda etib atrofiga o’z vataniga va ozodlikka sodiq kishilarni jipslashtirib, amalda “umumiy front”ni shakllantirdi. Ayni paytda mustaqillikni qurbonsiz va talofatsiz tiklashga qaratilgan choralarni ko’rdi. Bordiyu beboshlik, tartibsizlik va dangalchilikka yo’l qo’yilsa, u vaqtda bunday holat imperiya tarafdorlariga qo’l kelgan bo’lardi.

Shuningdek, sharoit shunchalik murakkab ediki, markaz bilan vaqtinchalik “umumiy til” topishni taqozo etardi. Aks holda uning g’azabi yomon oqibatlarga olib kelishi turgan gap edi. Masalan, markazning ko’rsatmasiga muvofiq ayrim respublikalarda faoliyat ko’rsatayotgan “chala demokrat”larning to’s-to’polonlari va namoyishlarini bartaraf qilib turish barqarorlikni saqlashda muhim o’rin egalladi. Shuni inobatga olish kerakki, sovet davrida O’zbekiston rahbarlarining barchasi markazning o’ta itoatkor xizmatkorlari hisoblanib partiyaning chizig’idan chiqishni xayollariga ham keltirmagan. Islom Karimov esa o’zini tamomila boshqacha tutib mardonavor mustaqil siyosatni izchillik bilan olib bordi. U o’zining mustaqil fikri va ishi bilan ajralib turdi. Uning bunday tom ma’nodagi siyosiy arboblarda bo’ladigan fazilatlari, mohir tashkilotchilisi va uddaburonligi respublika hayotining barcha sohalarida olib borgan ishlarida namoyon bo’ldi. Pirovardida mustaqillikni tiklash zaminini puxta tayyorligi kurashni zafar bilan tugallashni to’la ta’minladi. Zero, Prezident Islom Karimov 1991 yil 31 avgustda Respublika Oliy Kengashida tantanali ravishda vatan mustaqilligini e’lon qildi. Shu asosda Oliy Kengash qaror qiladi:

  1. Respublikaning davlat mustaqilligi to’g’risida Oliy Kengash bayonoti tasdiqlansin va respublika bundan buyon O’zbekiston Respublikasi deb atalsin.
  2. 1 sentabr O’zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni deb belgilansin va 1991 yildan boshlab bu kun bayram va dam olish kuni deb e’lon qilinsin.
  3. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining rayosati respublika Konstitutsiyasiga o’zgartirishla va qo’shimchalar kiritish to’g’risidagi takliflarni tayyorlasin hamda ularni Oliy Kengashning muhokamasiga kiritsin.
  4. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi rayosati va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi respublikaning mustaqilligini huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan qonunlar loyihalari ustidagi ishlarni tezlashtirsin.
  5. O’zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi Ittifoqning va uning tarkibiga kiradigan barcha mustaqil davlatlarning oliy qonun chiqaruvchi idoralarig murojaat qilib, ularning respublikaning davlat mustaqilligi e’lon qilingan hujjatini tan olishga da’vat etadi.

Bir vaqtlar O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida Oliy Kengash bayonoti qabul qilindi. Unda millati, diniy e’tiqodi va ijtimoiy mansubligidan qat’iy nazar, har bir kishining hayotini, sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlaydigan demokratik huquqiy davlat barpo etilishi qayd etildi. O’zbekiston Respubliksining to’la davlat hokimiyatiga ega ekanligi, milliy davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishi va rahbarlikni mustaqil ravishda olib borilishi ko’rsatildi. Ichki ishlar vazirligi, davlat xavfsizligi qo’mitasining idoralari, ichki qo’shinlar respublik ixtiyoriga o’tganligi ma’lum qilindi. Xalqaro aloqalarda O’zbekistonning mustaqil davlat, xalqaro huquq sub’yekti sifatida qatnashishi, konstitutsiya va qonunlarni ustuvorligi izhor etildi. Umuman aytganda O’zbekistonda ichki va tashqi siyosatning barcha sohalarida mustaqillik tiklanganligi oshkora e’lon qilindi.

счетчик посещений